Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

29-sentyabr kuni ertalab Kreml matbuot xizmati Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunusbek Yevkurov va “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi komandiri Andrey Troshev bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berdi.

Foto: Kremlin

Matbuotga ko‘ra, Putin uchrashuvni Troshevga murojaat qilishdan boshlagan. Suhbatda ham, Kreml saytida ham uning lavozimi tilga olinmagan.

“Andrey Nikolayevich, uchrashuvimizni siz bilan suhbatdan boshlamoqchiman. Oxirgi uchrashuvda siz turli xil jangovar topshiriqlarni bajara oladigan, birinchi navbatda, albatta, maxsus harbiy operatsiya zonasida ko‘ngilli bo‘linmalarni shakllantirishda ishtirok etishingiz haqida gaplashgan edik. O‘zingiz bunday bo‘linmada bir yildan ko‘proq vaqt davomida jang qildingiz. Bu nima ekanini, qanday amalga oshirilganini bilasiz, jangovar ish eng yaxshi va eng muvaffaqiyatli tarzda davom etishi uchun oldindan hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar borligini bilasiz”, — dedi Putin Troshevga murojaatida.

Xususiy harbiy kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojin tomonidan ko‘tarilgan qo‘zg‘olondan keyin Putinning “Vagner” komandirlari bilan uchrashuvida Troshev ham qatnashgandi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, u yollanma askarlarga “ish bilan taʼminlashning bir qancha variantlarini” taklif qilgan.

 “Bularni aytganimda ko‘pchilik bosh irg‘adi. Old qatorda o‘tirgan va buni ko‘rmagan Prigojin esa yo‘q, yigitlar bunday qarorga rozi emas, deb aytdi”, — degan edi Rossiya prezidenti o‘sha uchrashuvdan keyin.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilishicha, Troshev allaqachon Rossiya Mudofaa vazirligi uchun ishlamoqda. Sentyabr oyi oxirida avvaliga Rossiya harbiy Telegram kanallari, keyin esa Ukraina Qurolli kuchlari vakillari “Vagner” yollanma askarlari Ukrainadagi jangovar zonalarga qaytganini e’lon qildi.

“Ular qaytishdi. Ular qo‘mondonlarni almashtirib, shu yerga qaytishdi”, — dedi CNN telekanaliga ukrainalik askar.

Eslatib o‘tamiz, Yevgeniy Prigojin 23-iyun kuni “adolat marshi”ni e’lon qilgandi. “Vagner” yollanma askarlari deyarli hech qanday qarshilikka duch kelmay, yuzlab kilometrlarni bosib o‘tdi. 24-iyun kuni Prigojin qo‘zg‘olonni tugatdi. Bu qaror Prigojin va Lukashenko o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng qabul qilingan, unda Prigojindan “Belarusga ketish” so‘ralgan. Rossiya hukumati yollanma askarlarga bir nechta variantni taklif qildi: “Belarusga ketish”, Rossiya Mudofaa vazirligi yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan shartnoma tuzish, harbiy xizmatni tark etib, oilasiga qaytish.

23-avgust kuni, isyondan ikki oy o‘tgach, Prigojinning shaxsiy biznes samolyoti Tver viloyatida halokatga uchradi. Oqibatda o‘n kishi, jumladan, Yevgeniy Prigojin va “Vagner” komandiri Dmitriy Utkin halok bo‘ldi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »