Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

23-avgust kuni Yevgeniy Prigojinning shaxsiy samolyoti Tver viloyatida halokatga uchradi. Bortdagi 10 kishining barchasi halok bo‘ldi. Federal aviatransport agentligi tomonidan e’lon qilingan yo‘lovchilar ro‘yxatida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi rahbarining ismi bor. Ammo Prigojinning o‘limi hali rasman tasdiqlanmagan. Bortda, ro‘yxatga ko‘ra, “Vagner” komandiri Dmitriy Utkin ham bo‘lgan. BBC rus xizmati va “Dosye” markazi halokatga uchragan samolyot bortida bo‘lgan yana sakkiz kishi haqida ma’lumot to‘pladi. Meduza ushbu ma’lumotlarni taqdim etdi.

Tverda halokatga uchragan samolyot bo‘lagi
Foto: EPA

Valeriy Chekalov

Chekalov Sankt-Peterburgda Prigojin bilan bog‘liq kompaniyalarni boshqargan. BBC rus xizmatiga ko‘ra, Chekalovning tanishlari uning telefon raqamini “Valeriy Yevgeniyevich Suriya”, “Valeriy Chekalov kelishuv armiyasi”, “Prigojindan Valeriy Yevgeniyevich Chekalov” deb saqlab qo‘yishgan. 2011-yildan 2018-yilgacha Chekalov “Kollektiv-Servis” kompaniyasini boshqargan. 2012-yilda u Rossiya Mudofaa vazirligining “Voentorg” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida armiya uchun oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha pudrat olgan. Shu bilan birga, u Qora dengiz floti joylashgan Sevastopoldagi harbiy oshxonani ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Chekalov 2014-yilda tashkil etilgan “Neva” kompaniyasini boshqargan, uning sho‘ba korxonasi “Yevropolis” edi. “Fontanka” yozganidek, 2016-yil dekabr oyida “Yevropolis” Suriya bilan memorandum imzolagan. Unga muvofiq kompaniya besh yil ichida mamlakatdagi neft inshootlarini qaytarib olishi va ularni himoya qilishi kerak edi. Buning uchun unga neft va gazning 25 foizi berilardi.

Yevgeniy Makaryan

Magnitogorskda tug‘ilgan, sobiq tuman politsiyasi xodimi. “Dosye” markazi yozishicha, Makaryan “Vagner” XHKga 2016-yil mart oyida qo‘shilgan. U Suriyadagi “vagnerchi”larning to‘rtinchi hujum otryadi tarkibida xizmat qilgan va u yerda yaralangan. BBC uni Prigojinning qo‘riqchisi deb ataydi.

Sergey Propustin

Foto: “Dosye” markazi

Propustin “Tinchlikparvar” ma’lumotlar bazasiga kiritilgan, unda Propustin razvedkachi-granatachi hamda “Vagner” jangchisi deb atalgan. “Dosye” ma’lumotlariga ko‘ra, u ikkinchi Chechen urushida qatnashgan. Propustin “Vagner”ga 2015-yil mart oyida qo‘shilgan, ikkinchi razvedka va hujum otryadi tarkibida jang qilgan, keyinchalik ushbu otryaddan ko‘plab askarlar Prigojinning shaxsiy qo‘riqchisi sifatida yollangan. BBC uni ham “Vagner” rahbarining qo‘riqchisi deb ataydi.

Aleksandr Totmin

Foto: Instagram

Totmin ham “Tinchlikparvar” ro‘yxatida bor. Uning Prigojin qo‘lida qaysi yili ish boshlagani noma’lum, ammo 2022-yilda u Sankt-Peterburgda yashagan. Do‘stlari uning raqamini “XHKda ishlaydigan Sanya”, “Totmin Sanya Piterdagi idora” va “Aleksander W” deb saqlab qo‘yishgan. 2012-yil avgust oyida Oltoy o‘lkasi sudi unga birovning mulkida joylashgan hammomdan elektr arra o‘g‘irlagani uchun 300 soatlik majburiy ish tayinlagan, 2014-yil sentabrda esa u mashina o‘g‘irlagani uchun ikki yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan.

Nikolay Matusyeev

“Dosye” markazi ushbu shaxs 2017-yil yanvaridan beri “Vagner”da xizmat qilgan Nikolay Matusevich ekanini taxmin qilmoqda. U Suriyadagi to‘rtinchi hujum otryadida o‘t ochuvchi bo‘lgan.

Rustam Karimov

Kollaj: Baza

29 yosh, ikkinchi uchuvchi, rafiqasi bilan Permda yashagan. 2014-yilda Ryazan viloyatidagi Sasovo aviatsiya maktabini tamomlagan. Karimovning otasi aytishicha, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng o‘g‘li ishsiz qolgan, u halokatga uchragan samolyotga egalik qiluvchi “MNT-Aero” kompaniyasiga uch oy oldin ishga kirgan, shundan so‘ng Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tgan.

Aleksey Levshin

Samolyot komandiri. Uning qizi Anastasiya “RBK”ga Levshin Prigojin bilan uzoq yillardan beri ishlab kelganini aytdi, ammo qanday ish ekani haqida batafsil ma’lumot bermadi. BBC yozishicha, 2018-yilda Levshin “Vesti Novosibirsk” telekanalida berilgan syujet qahramoni bo‘lgan, syujetda u Su-34 ekipajining navigatori deb ataladi.

Kristina Raspopova

Foto: VK

39 yoshli styuardessa Qozog‘istonda tug‘ilgan. “74.ru” nashrining yozishicha, Raspopovaning ukasi Chelyabinsk viloyati Yemanjelinsk shahri prokurori o‘rinbosari. Raspopova Moskva moliya-yuridik universitetida o‘qigan, bir muddat Yekaterinburgda yashagan, keyin Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Baza yozishicha, “MNT-Aero”ga ishga kirganidan keyin Raspopova Moskvadan Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlarga qaraganda, ayol tez-tez sayohat qilgan, u Yamayka, Singapur, Avstriya va boshqa mamlakatlardan fotosuratlarini joylagan. Ilgari Raspopova Prigojinning samolyotiga o‘xshash biznes-jetda uchgan. Baza yozishicha, Prigojin samolyoti uchishidan bir necha soat oldin qiz oilasiga negadir ularning parvozi kechiktirilganini aytgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »