Toshkentda jismoniy tarbiya darsida 6-sinf o‘quvchisi ko‘kragiga koptok tegishi oqibatida vafot etdi
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Yunusobod tumanidagi 259-maktabning 6-sinf o‘quvchisi jismoniy tarbiya darsi chog‘ida vafot etgani aytilgan xabar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yunusobod tumanidagi 259-sonli umumtaʼlim maktabida 6-oktyabr kuni soat 11:10 larda dars jadvali asosida 6-“D” sinfida 4-soat jismoniy tarbiya darsi bo‘lib o‘tgan. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi M.K. yillik ish rejasiga asosan “Futbol amaliyoti. To‘p bilan harakatlanish” mavzusida dars o‘tayotgan vaqtida shu sinf o‘quvchisi 12 yoshli M.S. ko‘krak qafasiga koptok tegishi natijasida hushini yo‘qotgan.
U zudlik bilan tumandagi 7-sonli klinik shifoxonasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, o‘quvchi M.S. vafot etgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, M.S.ga “Yurakning reflektor to‘xtashi, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi. Yurak gipertrofiyasi. Yurak tug‘ma nuqsoni” tashxisi qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkentning Mirobod tumanidagi 110-maktabda 8-sinf o‘quvchisi vafot etgandi.