Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Keyt Uinslet 30 yoshida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi — u rekord darajadagi to‘rtta “Oskar” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi. Jasur, mehnatkash va haqiqiy ayol Keyt Uinslet 5-oktyabr kuni 48 yoshini nishonladi.

Foto: Getty Images

2009-yilda Keyt Uinslet “Kitobxon” filmidagi roli uchun “Oskar”ni qo‘lga kiritganida, u bu lahzani bolaligida ko‘p marta tasavvur qilganini tan oladi. Aktrisa hatto vannaxonada oyna oldida tilla haykalcha o‘rniga shampun idishidan foydalanib, nutqini mashq qilganini aytadi. Keyt bolaligidanoq kim bo‘lishni xohlayotganini bilardi: qiz aktyorlar oilasida o‘sgan, ota-onasining spektaklga tayyorlanayotganini tomosha qilib, ko‘p vaqtini sahna ortida o‘tkazgan. Kastinglarda qatnasha boshlagan 11 yoshli Uinslet butun faoliyati davomida uni bezovta qiladigan muammoga duch keladi: ko‘rinishi Gollivud standartlariga javob bermagani va ortiqcha vaznga ega bo‘lgani uchun qattiq tanqid qilinadi.

Foto: Getty Images

Ancha yillardan so‘ng Uinslet kinoda tabiiy go‘zallik ramziga aylanadi — ekranlarda ko‘pincha makiyajsiz chiqadi. Ammo o‘smirlik davrida Keytni tashqi ko‘rinishi tufayli ko‘plab kasting menejerlari rad etgan, sinfdoshlari esa masxara qilgan.

1994-yilda Yangi zelandiyalik rejissyor Piter Jekson ikki o‘smir qotil — “Samoviy mavjudotlar” haqida film suratga oladi. Jekson kastingda shaxsan ishtirok etadi va asosiy rol uchun 175 nafar da’vogar orasidan Keytni tanlaydi. O‘sha paytda qiz kechki kafeda ofitsiant bo‘lib yarim smenada ishlardi. Keyt mijozga sendvich tayyorlayotganda, agent telefon qilib, uni kinoga taklif qiladi. Keyinchalik aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, u ko‘p muvaffaqiyatsizliklardan keyin bu taklifni eshitgach, kafening orqasiga o‘tib, baxtdan yig‘lab yuboradi.

“Samoviy mavjudotlar” filmidan kadrlar, rej. Piter Jekson, 1994-yil
Foto: Getty Images

“Samoviy mavjudotlar” filmi 1952-yildagi real voqealarga asoslangan bo‘lib, Uinslet dugonasini o‘z onasini o‘ldirishga ko‘ndirayotgan fantaziyalarga berilib ketgan Juliet Yem rolini o‘ynaydi. Yosh aktrisaning mahoratli ijrosi tanqidchilar tomonidan yuqori baholanadi va Jeyn Ostinning “Aql va tuyg‘u” romanini filmlashtirishda Merian Deshvud rolini o‘ynash uchun aktrisa qidirayotgan tayvanlik rejissor Ang Lining e’tiborini tortadi. Film Uinsletning kostyum dramasi janridagi ko‘plab asarlaridan birinchisi bo‘ladi.

“Aql va tuyg‘u” filmi tomoshabinlarni 19-asr boshlaridagi Angliyaga yetaklaydi. Sepsiz opa-singillar shaxsiy baxti uchun harakat qilmoqda: katta opasi aqliga quloq soladi, kichigi (Uinslet) esa qalbi nima desa shuni qiladi. Keytning suratga olish maydonchasidagi partnyorlari mashhur britaniyalik aktyorlar — Alan Rikman, Xyu Grant va Emma Tompson edi. Intiluvchan aktrisa ushbu yulduzlar orasida yo‘qolib qolmaslikka muvaffaq bo‘ldi va ekranda qiziqqon, yumshoq va himoyasiz qizning ishonchli obrazini yaratdi.

“Aql va tuyg‘u” filmidan lavha, rejissor. Eng Li, 1995-yil
Foto: Getty Images

​Uinsletning birinchi qahramonlarining obrazi shunday shakllanadi: qo‘g‘irchoqqa o‘xshash yuz tuzilishi, biroz bo‘g‘iq ovoz va kuchli hislar. Bunga Kennet Brananing “Gamlet” filmidagi otasiga aza tutgan, yuzi shishib ketgan Ofeliya va “Markiz de Sad qalami” dramasidagi kir yuvuvchi ayol Madlen va hatto Uinslet faoliyatidagi burilish nuqtasi bo‘lgan “Titanik” filmidagi Rouz ham kiradi.

Rejissor Filipp Kaufmanning “Markiz de Sad qalami” filmidan lavha, 2000-yil
Foto: Getty Images

Gap Jeyms Kemeronning “Titanik” filmi rekord o‘rnatgan holda 11 ta “Oskar”ni qo‘lga kiritib, Uinslet va uning hamkasbi Leonardo Di Kaprioni bir kechada “A” ro‘yxatidagi yulduzlarga aylantirganida emas. Filmni taxminan ikki qismga bo‘lish mumkin: filmning birinchi yarmi aristokrat qiz va kambag‘al yigit o‘rtasidagi sevgi hikoyasi, ikkinchisi — 20-asrning mashhur fojiasi xronikasi. Sujetga o‘xshab, Uinsletning qahramoni ham film davomida rivojlanadi va o‘zgaradi. Avvaliga Rouz mag‘rur va o‘ziga ishonmaydigan qiz bo‘lib, oqimga qarshi suzolmaydi: tom ma’noda ham, majoziy ma’noda ham. Rouz uchun Titanikda sayohat hashamatli o‘yin-kulgi emas, balki majburiy nikoh yo‘lidagi so‘nggi qadamdir. Umidsizlik qahramonni o‘z joniga qasd qilishga undaydi, lekin bu yerda ham u qat’iyatli emas. Ikkinchi yarmida Uinsletning qahramoni kuchli va irodali ayol bo‘lib, nafaqat o‘zini, balki sevgilisini ham qutqarishga qodir. Bu ikki tomonlama tabiat Uinsletning ko‘plab qahramonlariga xos: u bir vaqtning o‘zida yumshoq va qo‘pol, zaif va kuchli bo‘la oladi.

“Titanik” filmidan lavha, rejissor. Jeyms Kemeron, 1997-yil
Foto: Getty Images

2000-yillarning boshlarida aktrisa uchun asosiy film “Ayris” biografik dramasi bo‘lib, unda Keyt yozuvchi Ayris Merdok obrazini gavdalantirgan. Uinslet uchun yozuvchi hayotining so‘nggi yillarini tushkunlikdan farqli o‘laroq, yosh Ayrisning ozodlik va hayotga chanqoqligini ko‘rsatish muhim edi.

“Ayris” filmidan kadr
Foto: Getty Images

Aktrisa 2004-yilda Mishel Gondrining “Beg‘ubor aqlning abadiy quyoshi” filmi ustida ishlayotganida yorqin porlab, tez o‘chadigan jasur ayol obraziga qaytadi. Fransuz rejissori haqli ravishda 2000-yillarning asosiy eksperimentchilaridan biri deb ataladi va bu safar Keyt eksperiment markazida edi. Gondri aktrisani komediya yaratayotganiga ishontiradi va suratga olish maydonchasida improvizatsiya qilishni so‘raydi. Jim Kerri bilan birgalikda Uinslet jilmayib, hazil qiladi va tomoshabinlarga iste’dodining yangi tomonini ochib beradi. Darhaqiqat, mzakur filmni komediya deb atash qiyin, sujet bir-birini xotirasidan o‘chirib tashlaydigan va keyin bundan afsuslanib “bekor qilish” tugmasini qidiradigan ikki oshiq haqida. Keytning qahramoni Klementina Kruchinski impulsiv, halol va murosasiz ayol. Yosh Ayris kabi Klementina ham hayotni yaxshi ko‘radi va bu tuyg‘uni atrofidagi barchadan qidiradi. Rouz kabi u ham boshqa birovning standartlariga moslashishga tayyor emas. Merian Deshvud singari u yuragiga qarshi borolmaydi. “Beg‘ubor aqlning abadiy quyoshi” muvaffaqiyati rejissorlarga Uinsletdagi ko‘p qirrali aktrisaning imkoniyatlarini ko‘rishga yordam berdi va uning o‘zi Klementina Kruchinski rolini karyerasidagi eng yaxshi rol deb biladi.

“Beg‘ubor aqlning abadiy quyoshi” filmidan kadr
Foto: Getty Images

30 yoshida Uinslet allaqachon beshta “Oskar” nominatsiyasini qo‘lga kiritgan edi — bu yoshdagi hech bir aktrisa ilgari bunday yuksaklikka erishmagan.

Uinslet karyerasining cho‘qqisi 2008-yilda suratga olingan “Kitobxon” filmi bo‘ladi. Dastlab Nikol Kidman bu loyihada ishtirok etgan, biroq oilaviy sabablarga ko‘ra aktrisa bu rolni rad etadi, keyin rejissor Stiven Daldri rolga Keytni taklif qilgan. Uinslet faoliyati davomida har bir qahramoni bilan o‘zi o‘rtasida umumiylik topishga harakat qiladi, bu esa aktrisaga qahramonini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Ssenariyni o‘qib bo‘lgach, Keyt bu rolni dastlab rad etadi: shafqatsiz va sovuqqon Xanna bilan umumiy jihat topish mumkin emasdi. Biroq Uinslet hech qachon qiyinchiliklardan qo‘rqmagan va natijada “Kitobxon” filmidagi rol aktrisaning filmografiyasida eng qiyin va bahsli rol bo‘ladi. Bosh qahramon 36 yoshli Xanna urushdan keyingi Germaniyada tramvay konduktori bo‘lib ishlaydi. Bu ayol tasodifan 15 yoshli Mixayel bilan tanishadi va ular o‘rtasida sevgi munosabatlari boshlanadi, keyinchalik Xanna to‘satdan g‘oyib bo‘ladi. Oradan sakkiz yil o‘tgach, yigit o‘zining sobiq sevgilisi Osvensimda nazoratchi bo‘lib ishlaganini va 300 nafar ayol o‘limiga sababchi bo‘lganini bilib qoladi.

“Kitobxon” filmidan lavha, rejissor. Stiven Daldri, 2008-yil
Foto: Getty Images

Uinsletning iste’dodi tufayli Xannaning xarakteri ko‘p qirrali bo‘lib, bir-biriga mos kelmaydigan xususiyatlarni birlashtiradi. Xanna Dikkensning “Qishloq do‘koni” kitobini o‘qib berar ekan, yosh sevgilisining bag‘rida yig‘laydi, lekin sud zalida unga nisbatan aytilayotgan ayblovlarni loqaydlik bilan tinglaydi. Xannani keksa ayol sifatida tasavvur qilish uchun Keyt kafelarda keksa odamlarni kuzatar, ularning harakatlari va mimikalarini yodlardi. Uinsletning rolga yondashgan mahorati va fidoyiligi aktrisaga “Oskar” olib keladi.

“Kitobxon”dan keyin taniqli rejissorlar Keyt bilan ishlashni xohlashadi: Roman Polanski, Vudi Allen, Denni Boyl shular jumlasidan. “Qirg‘in” komediyasida Uinslet yana o‘zining metamorfoza qilish qobiliyatini namoyish etadi: uning qahramoni o‘ziga oro berib yuradigan aslzoda ayoldan bolalar o‘rtasida jismoniy zo‘ravonlikka qarshi namoyishchiga aylanadi.

“Qirg'in” filmidan lavha, rejissor. Roman Polanski, 2011 yil
Foto: Getty Images

Keyt 2021-yilda “Isttaunlik Meyr” serialida bosh rolni o‘ynab, ichida singan bo‘lsa-da, ammo tashqi ko‘rinishidan kuchli ayol obraziga qaytadi. Viloyat shaharchasidagi qotilliklar haqidagi sujet fonga o‘tadi; old planda bosh qahramonning og‘ir nigohi, go‘yo dunyo azobini aks ettiradi. Detektiv Meyr Shien Isttaunda sodir bo‘layotgan hamma narsada o‘zini ayblaydi. Bundan qutulishning yagona yo‘li — ishga kirishish va jinoyatchilarni topish, ammo shahardagi har bir fuqaroning o‘z siri bor. Meyr obrazidagi muhim elelment tartibsiz soch turmagi, yuzidagi ajinlari va umuman bo‘yanmaganligidadir. Uinsletning o‘zi, prodyuserlarning noroziligiga qaramay, shu shartlarni talab qiladi. O‘z tanasini qabul qilishdagi uzoq kurashdan so‘ng aktrisa ayollarga men ham siz kabiman demoqchi bo‘ladi.

“Isttaunlik Meyr” teleserialidan lavha, rejissor. Kreyg Zobel, 2021-yil
Foto: Getty Images

Uinslet 30 yillik faoliyati davomida tomoshabinlarga ayol obrazlarining butun galereyasini taqdim etdi. Uning qahramonlari kuchli, zaif, jasur, ehtirosli va doimo his-tuyg‘ularga to‘la. Ular ham Keyt kabi o‘zlari uchun qadrli bo‘lgan narsa uchun kurashda stereotiplarni buzishdan qo‘rqmaydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »