Xitoyning China Energy kompaniyasi Navoiy viloyatida gibrid elektr stansiyasini barpo etishda ishtirok etmoqchi
Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tashrifning ikkinchi kunidagi tadbirlar doirasida China Energy Engineering Corporation raisi Sun Xaylyan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Zamonaviy energetika, infratuzilma va sanoat obyektlarini loyihalashtirish va qurish borasida katta tajribaga ega Xitoyning China Energy yetakchi korporatsiyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Kompaniya aktivlarining qiymati 150 milliard dollardan ortiq.
Uchrashuvda kompaniya O‘zbekiston energetikasini texnologik modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. China Energy Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida quyosh va shamol elektr stansiyalari, Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihalarini amalga oshirmoqda.
Kompaniya Navoiy viloyatida gibrid elektr stansiyasini barpo etishda ishtirok etish niyatida. Bundan tashqari, 2023-yil sentyabr oyida Samarqand viloyatida sement ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy quvvatlar birgalikda ishga tushirildi.
Qayd etilishicha, China Energy bilan sheriklik istiqbollari, shu jumladan infratuzilma obyektlarini modernizatsiya qilish, energiyani saqlash tizimlarini tashkil etish, energetika tarmog‘ini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilingan.
Suv xo‘jaligida kooperatsiya qilish, sanoatning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. “Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kompleks dasturni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida China CAMC Engineering kompaniyasi raisi Van Boni qabul qilgandi. Uchrashuvda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirishning amaliy jihatlari, jumladan, mamlakat hududlarida gidrotexnik inshootlar va Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy qilish masalalari muhokama qilingan.