Gruziya parlamenti prezidentga impichment e’lon qila olmadi
Gruziya parlamenti prezident Salome Zurabishviliga impichment e’lon qila olmadi, deb xabar bermoqda Gruziyaning “Birinchi kanal”i. Impichment e’lon qilish uchun parlamentning 150 nafar deputatidan 100 nafari unga ovoz berishi kerak edi.
18-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 86 nafar deputat impichmentni qo‘llab-quvvatladi, bir nafari qarshi ovoz berdi. Parlamentning qolgan a’zolari ovoz berishda qatnashmadi.
Impichment jarayonini parlamentda 84 o‘ringa ega bo‘lgan hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi boshlagan edi.
Ovoz berish boshlanishidan oldin “Gruziya orzusi” parlament fraksiyasi rahbari Irakliy Kobaxidze deputatlar oldida so‘zga chiqib, impichmentni qo‘llab-quvvatlovchi dalillarni taqdim etdi. Keyin Salome Zurabishvili nutq so‘zladi. Chiqishidan so‘ng Gruziya prezidenti deputatlarning savollariga javob berishdan bosh tortdi.
Gruziya parlamenti o‘z tarixida birinchi marta prezidentga impichment e’lon qilishga urindi. Protsedura Konstitutsiyaviy sud tomonidan tegishli ruxsatnoma berilganidan so‘ng boshlangan: sud Zurabishvilini avgust va sentyabrda xorijga amaliy tashriflari chog‘ida Gruziya hukumati roziligisiz xalqaro munosabatlar sohasida vakillik funksiyalarini amalga oshirgani va shu orqali Gruziya konstitutsiyasining 52-moddasini buzganini taʼkidladi.
Salome Zurabishvili 2018-yilning 16-dekabridan buyon Gruziya prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U bir necha bor hukumat qarorlarini ochiqchasiga tanqid qilgan.
Parlamentli respublika bo‘lgan Gruziyada prezidentning vakolatlari cheklangan.