Afg‘oniston O‘zbekistonga ilk bor gaz tankerlarini eksport qildi (video)
Afg‘onistonning Hirot viloyatida ishlab chiqarilgan gaz tankerlari ilk bor O‘zbekistonga eksport qilindi, deb xabar bermoqda Afg‘oniston milliy televideniyesi.
Gaz tashishga mo‘ljallangan tankerlarni Hirot viloyatidagi “Ohan burish” xususiy korxonasi ishlab chiqaradi.
Korxona rasmiylari, ushbu tankerlar Amerika standartiga muvofiq ekani hamda kompaniya Turkiya nazorati ostida mahsulot ishlab chiqarishini aytdi.
“Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiriga ko‘ra, Hirotdagi “Tolibon” mulozimlari ushbu gaz tankerlarini O‘zbekistonga eksport qilish marosimida, hozirda mamlakatga sarmoya kiritish uchun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyatlar borligini va “Tolibon” hukumati sanoatchilarning muammolarini hal qilishga bel bog‘laganini ta’kidlagan.
Hirot viloyatidagi “Tolibon” gubernatori Maulvi Nur Ahmad Islomjor O‘zbekistonga gaz tankerlari yetkazib berishni boshlash mamlakat iqtisodi uchun muhim qadam ekanini qo‘shimcha qildi.
Yaqinda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida zarur avtomobillarni xarid qilish bo‘yicha besh yillik shartnoma imzolangan edi.
Ushbu memorandumga ko‘ra, tegishli vazirliklar Afg‘onistondagi siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng O‘zbekiston bilan shartnomalar bo‘yicha yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun O‘zbekistonning avtomobil sotish kompaniyasi bilan aloqada bo‘ladi.