Isroil zarbalari oqibatida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 6,5 ming kishidan oshdi
Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalari chog‘ida halok bo‘lganlar soni 6,5 mingdan oshdi, 17,4 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Bu haqda G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
“7-oktyabrdan buyon 6546 kishi Isroilning G‘azo sektoriga agressiyasi qurboni bo‘ldi, ulardan 2704 nafari bolalar, 1584 nafari ayollar va 364 nafari keksalar, 17 439 kishi turli darajadagi jarohatlar olgan”, — deyiladi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.
Avvalroq Falastin sog‘liqni saqlash vaziri May al-Keyla G‘azo sektori sog‘liqni saqlash tizimi butunlay vayron bo‘lganini ma’lum qilgandi. U saraton, qandli diabet va buyrak yetishmovchiligini davolash uchun dori-darmonlar tugaganini ma’lum qilgan. Falastinlik rasmiy asosiy shifoxonalar faoliyatini tiklash uchun zudlik bilan yonilg‘i yetkazib berishni tashkil etishga chaqirgan.
Isroil tomonida esa 1,4 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgani, yana 5,4 ming kishi yaralangani ma’lum.