Kelgusi 3 yilda O‘zbekistonning davlat qarzi qanchaga yetishi prognoz qilindi
Davlat qarzi 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan 37 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada ma’lumot berildi.
2023-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzi miqdori 31,5 milliard dollarni tashkil etib, YIMga nisbatan 36,8 foizga teng bo‘ldi. Shundan davlat tashqi qarzi 25,9 milliard dollar, ichki qarzi 5,6 milliard dollarni tashkil etgan. Budjet qonunchiligida 2023-yilda 4,5 milliard dollar tashqi qarz jalb qilish belgilangan.
Budjetnomada keltirilgan dastlabki tahlillarda makroiqtisodiy hamda fiskal ko‘rsatkichlar barqarorligi taʼminlansa, davlat qarzining YIMga nisbati 2024-yilda 37 foiz, 2025-yilda 37,4 foiz, 2026-yilda 37,9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinayotgani aks etgan. Kutilmalarga qaraganda, 2024-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 100 milliard dollardan, 2025-yilda 125 milliard dollardan, 2026-yilda 140 milliard dollardan ortishi mumkin.
Kelgusi uch yilga mo‘ljallangan budjet prognoz parametrlarini ishlab chiqishda davlat qarzining o‘rta muddatli davrda makroiqtisodiy xavfsiz hisoblangan YIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi bo‘yicha kiritilgan “fiskal qoida”ga amal qilish va buning uchun budjet taqchilligini 2024-yilda 4 foizdan oshirmaslik hamda o‘rta muddatli davrda o‘rtacha 3 foiz miqdorida ushlab turish maqsad qilingan.
Qayd etilishicha, davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va samarali boshqarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda bir qator quyidagi choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilgan:
- Davlat qarzi bo‘yicha yillik limitlarni belgilash amaliyotini davom ettirish;
- Milliy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish orqali valyuta xatarlarini kamaytirish. Bunda davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarishning cheklangan sof hajmini 2024-yilda 25 trillion so‘m etib belgilash;
- Eng maqbul xarajat va xatar ko‘rsatkichlariga ega davlat qarzi portfelini shakllantirishga qaratilgan o‘rta muddatli davr uchun davlat qarzini boshqarish strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlatish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
- Davlat qarzini to‘lashning o‘rtacha muddatini uzaytirish, shuningdek, davlat qarzini manbalar bo‘yicha diversifikatsiya qilish;
- Davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni keng jalb qilish jarayonini jadallashtirish;
- Davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish
- Davlat qarziga oid maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash.