Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

So‘nggi davrda savdoni rivojlantirish O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishi sifatida qaralmoqda. Hukumat ushbu sohani yanada isloh qilish, undagi tartib-qoidalarni soddalashtirish va optimallashtirish, tarif va tarifsiz to‘siqlarni olib tashlash, eksport nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. 

Jumladan: 

Bojxona ma’muriyati sohasida bojxona to‘lovlari stavkalari ikki baravar kamaytirildi, 3500 dan ortiq mahsulot turlariga import stavkasi va 1000 dan ortiq turdagi mahsulotlar uchun aksiz solig‘i nolga tenglashtirildi. 

Shu bilan birga, xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi, eksport-import operatsiyalari davomida keraksiz hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilindi va “yagona oyna” bojxona axborot tizimi joriy etildi. 

Bu kabi ishlar soliq ma’muriyati sohasida ham amalga oshirildi. 

Xususan,

- to‘lanadigan soliqlar 13 turdan 9 turga qisqartirildi;

- soliq organlarining soliq to‘lovchining debitorlari hisobidan soliq qarzlarini undirish huquqi bekor qilindi;

- soliq imtiyozlari va preferensiyalari faqatgina Soliq kodeksiga binoan berilishi amaliyoti joriy etildi; 

- tadbirkorlar uchun qulay soliq tizimi yaratilib, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi va QQSni qaytarishning tezlashtirilgan tartibi joriy etildi;

- soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi belgilandi va soliq huquqbuzarligi turiga qarab javobgarlik choralari belgilandi;

- aylanmadan olinadigan soliqning 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizlik soliq stavkasi joriy etildi; 

- eksportga realizatsiya qilishdan olingan foyda to‘liq soliqdan ozod qilindi (2022 yil 1 noyabrdan);

Soliqlarning kamaytirilishi, soliq imtiyozlari natijasida mablag‘lar tadbirkorlik subyektlari hisobida qolib, ularning aylanma mablag‘lari oshdi (tadbirkorlar ixtiyorida 14 trln so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda).

Foto: Google Images

Bulardan tashqari so‘nggi yillarda:

 - eksportidan tushgan valyuta tushumini majburiy sotish tartibi barcha eksportchi korxonalar uchun butunlay bekor qilindi;

- tovar va xizmatlar eksportini kafolatlangan to‘lov (oldindan to‘lov, akkreditiv, bank kafolati va sug‘urta) mavjud bo‘lmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqi berildi;

- umumiy qiymati 5 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishga ruxsat etildi;

- mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish hajmiga to‘g‘ri keladigan qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovi bo‘yicha imtiyozlar taqdim etildi;

- eksportchi korxonalarga moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi va ularni eksport yo‘nalishida zaruriy axborot bilan ta’minlovchi Eksportni rag‘batlantirish agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Eksportni rivojlantirish hamda uni rag‘batlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida respublikada 6 031 ta korxonaning 10 558 ta murojaatiga muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘idan 15,4 trln so‘m salbiy farq summalari qoplab berildi.

Bundan tashqari, ushbu davrda jami 1 249 ta eksportchi korxonaning 3 936 ta murojaatiga asosan 4,6 trln so‘m, shundan dastur doirasidagi korxonalarining 429 ta murojaati asosida 603,9 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i salbiy farq summalari tezlashtirilgan tartibda qaytarib berildi.

Shu bilan birgalikda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish maqsadida Savdo sanoat palatasi tomonidan so‘nggi davrda jami 600 dan ortiq tadbirkorlik subyektlariga umumiy qiymati 548,7 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilishda ko‘maklashildi. 

Kelgusida eksport va tashqi savdo yo‘nalishdagi ishlar davom etadi va nafaqat tartibga solish choralari, balki eksportni har tomonlama kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ham tatbiq etiladi.

Misol uchun 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi «Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti» g‘oyasi asosida 200 ta eksportchini ochiq tanlov asosida saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilangan. 

Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga chiqarishda ko‘maklashish tizimini takomillashtirish hisobiga eksportchi korxonalar sonini hozirgi 6 500 tadan 15 000 taga, tovarlarning eksport geografiyasini 115 tadan 150 taga yetkazish maqsad qilingan.
Muxtasar qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda eksportni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan.

Ushbu maqsadlarda eksport qiluvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 6-apreldagi "Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashning  qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bilan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarini qoplash uchun mahalliy korxonalarga subsidiyalar berilmoqda, akkreditatsiya va sertifikatlash bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanmoqda.

Bularning natijasidan mamlakatimiz eksport geografiyasi ham ortib bormoqda. Jumladan, ushbu ko‘rsatkich 52 ta yangi davlatlar bozorlari hisobiga kengaytirilib, Italiya va Latviyaga ipakdan ayollar ko‘ylagi, Kamerunga mis sim mahsulotlari, Turkiya va Eronga tikuv mashinasi, Moldovaga kir yuvish mashinasi, Isroilga milliy cholg‘u asboblari, Koreyaga mosh uni hamda Angolaga avtomobil ehtiyot qismlari ilk marta yetkazib berildi.

Eksport – O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun samarali rivojlanish manbai sanaladi. Tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va boshqa mamlakatlarga sotish – yurtimizning yanada taraqqiy topishi va turmush tarzining o‘sishidagi muhim qadamdir.

O‘zbekiston jahon bozorlariga chiqish va o‘z mahsulotlarini sotish geografiyasini kengaytirishga intilmoqda. Bu mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi farovonligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarning muhim qismidir. O‘zbekiston eksport geografiyasini kengaytirib, iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida – ishlab chiqarishdan boshlab qishloq xo‘jaligigacha yangi ish o‘rinlari yaratmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »