O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston Yevropaga “yashil” energiya eksport qilmoqchi
14-noyabr kuni Bokuda elektr energiyasini ishlab chiqarish va eksport qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston vazirlari uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirigi matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida muqobil manbalardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini mintaqa davlatlari hududlari orqali uchinchi davlat iste’molchilariga o‘tkazishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilingan.
Qozog‘iston energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tomonlar Ozarbayjon orqali Markaziy Osiyo davlatlaridan Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan. O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston Yevropaga “yashil” energiya eksport qilish bo‘yicha texnik shartlarni tayyorlashga, shuningdek, loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma korxona yaratish istiqbollarini o‘rganishga kelishdi.
Uchrashuv yakunida ushbu davlatlar o‘rtasida qo‘shma kommyunike imzolanib, unda mamlakatlarning qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi salohiyati va muqobil manbalardan olinadigan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish loyihasiga qo‘shilishga tayyorligi qayd etilgan.
“Yashil” elektr energiyasini uzatish loyihasini hayotga tatbiq etish iqtisodiyotimiz va energetika tizimlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, milliy energetika tarmoqlarini rivojlantirishga zamin yaratadi va biz ushbu tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun birgalikdagi ishlarga hissa qo‘shishga tayyormiz, — degan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov.