Tendersiz xarid

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi bog‘cha va maktab bolalariga yetkazib berilgan “Antistrumin” dori vositasini xarid qilish bo‘yicha jami 21 milliard 875 million so‘mlik shartnoma tuzilgani to‘g‘risida ma’lumot tarqalgandi. Davlat xaridlari portalidagi qo‘shimcha ma’lumotlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’sischiligidagi “O‘zmedimpeks” MCHJ kaliy yodid 1 mg (0,001 g) №100 (“Antistrumin”) dori vositasini xarid qilish uchun 2022-yil iyun oyida “Samo” MCHJ bilan 5 milliard 610 million so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgani, 2023-yil 11-yanvarda esa ushbu shartnomaga 956 million so‘mlik qo‘shimcha kelishuv qilingani ochiqlangandi.

Foto: “Daryo”

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamda vazirlik mas’uli Sharof Hamroyevning “Daryo” jurnalisti bergan savolga aniqlik kiritishicha, vazirlik muassisligidagi MCHJ “Antistrumin” dorisini sotib olish uchun internetda e’lon bergan. 

Kaliy yodidni to‘g‘ridan to‘g‘ri olish huquqimiz bo‘lsa-da, biz bu borada tender e’lon qilganmiz. Eng arzon narxda sotib olish uchun saytda o‘zbek va rus tillarida e’lon berilgan. Bu e’londan kelib chiqib, xohlagan ishtirokchi, xorijlik bo‘lsa ham qatnashishi mumkin bo‘lgan. E’londan so‘ng odatda bizga takliflar kelib tushardi. Lekin bu e’londan so‘ng bizga faqat “Samo” MChJdan taklif kelib tushgan. Faqat bir kishidan, — deydi Sharof Hamroyev.

Vazir Amrillo Inoyatovning bunga qo‘shimcha qilishicha, e’londa 1 mg (0,001 g) doza so‘ralgani uchun, faqat shu ishlab chiqaruvchi so‘ralgan dozani taklif qila olgan. 

Vazirlik vakilining jurnalistlarga ma’lumot berishicha, “Samo” MCHJ kaliy yodidni 65 so‘mdan taklif qilgach, vazirlik vakillari uning narxini tushirish bo‘yicha taklif bergan. Ammo MCHJ bunga javob qaytarmagan. Shundan so‘ng, vazirlik muassisligidagi “O‘zmedimpeks” MCHJ dorini shu narxda sotib olishga majbur bo‘lgan. Shuningdek, vazirlik va MCHJ saytlarida g‘olib kimligini e’lon qilgan. 

 

Jurnalistlar va mas’ullarning mazkur masaladagi savol-javobiga qo‘shilgan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, “Bu bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bor, ular buni ochiq-oydin o‘rganishyapti. Narxi masalasida o‘rganilyapti, aniqlansa, hammasini javobgar qilish masalasi bor”, — dedi. 

“O‘zmedimpeks” 2023-yil 4-mayda yana “Antistrumin” dori vositasini xarid qilish uchun “Samo” MCHJ bilan 15 milliard 275 million so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Ushbu shartnomalarga ko‘ra, jami 21 milliard 875 million so‘m mablag‘ evaziga “Samo” MCHJ 3 million 550 mingta miqdorda “Antistrumin” yetkazib berishi ko‘rsatilgan. Tarmoq foydalanuvchilari Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’sischiligidagi “O‘zmedimpeks” MCHJ kaliy yodidni “Samo” MCHJdan 2022-yilda 5500 so‘mdan, 2023-yilda 6500 so‘mdan sotib olganini yozib, chakana savdoda xuddi shu ishlab chiqaruvchi, aynan shu dorisini 2800—3000 so‘mdan taklif qilayotganini bildirgan.