Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Savodxonlikning birlamchi ma’nosi o‘qish-yozishni bilishdir. Kengroq ma’noda esa mustaqil fikrga egalik va bu fikrni emin-erkin, ravon ifodalash tushuniladi. Savodlilikning muhim shartlaridan biri bo‘lgan to‘g‘ri yozish masalasida qiynaladiganlar birmuncha ko‘p. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shu ko‘nikmani qanday yaxshilash mumkinligi haqida so‘z yuritadi.

 

Nega savodxonlik darajasi past?

Foto: Pixabay

Ba’zan hozirgi yoshlar savodsiz bo‘lib ketgani haqidagi gap-so‘zlarni eshitamiz. Bunga kimdir maktab ta’limini, kimdir kam o‘qishni sabab qilib ko‘rsatadi. Albatta, bu fikrlarda jon bor. Biroq ana shu shikoyatlarni aytayotganlarning o‘zi ham ko‘pincha savod masalasida maqtanarli holatda bo‘lmaydi.

Menimcha, savod darajasining umumiy pastligi unga jiddiy ehtiyoj yo‘qligi tufayli. Chunki to‘g‘ri va xatolarsiz yozishga ehtiyoj sezgan kishi bu ko‘nikmani yaxshilash harakatida bo‘ladi. Ish yoki o‘qishga kirishda bu xislat hal qiluvchi ahamiyatga egami? Agar jurnalist, kopirayter, nashriyot xodimi kabi tor mutaxassisliklar egasi bo‘lmasangiz, savodli yozmasdan ham ishlay, o‘qiy olasiz.

Biroq sezsak-sezmasak, tan olsak-olmasak-da, savod kasbiy obro‘-e’tibor va maoshga ta’sir qiladi. Hatto savodxonlik muhim emasdek ko‘rinadigan hozirgi holatimizda ham. O‘zim kuzatgan bir jihatni aytay: sohasining ustasi bo‘lgan, chuqur bilimli mutaxassislar odatda savodli ham bo‘ladi. Bunday kishilar boshqalarga nisbatan yaxshiroq reytingga, demakki, yaxshiroq daromadga ham ega.

AQSH Savodxonlik milliy instituti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi ishsizlarning 75 foizi o‘qish-yozishga qiynaladi, savod darajasi past bo‘lganlarning 43 foizi esa kambag‘allikda kun kechiradi. Bizda bunday tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Mabodo o‘tkazilsa, ishsizlik va savodxonlik darajasi o‘zaro bog‘liqligi yana bir bor tasdiqlansa kerak.

Ikki yilcha oldin vazirlik maqomidagi bir tashkilot faqat chet tilini emas, o‘zbek tilini ham puxta biladigan, savodli mutaxassis topishda yordam so‘radi. Maoshi 15 million so‘m atrofida. Qo‘shimcha rag‘batlantirishlar ham bor. Mutaxassis uzoq vaqt topilmadi. Bu savodxonlik o‘ta qiyin, egallash mushkul bo‘lgan malaka ekanidan emas, savodxon kadrlar joyini tez topishidan darak.

 

Xatolarsiz yozish tug‘ma qobiliyat emas

Foto: Pixabay

Hech kim o‘z-o‘zidan to‘g‘ri yozadigan bo‘lib qolmaydi. Bunga faqat o‘rganish va mashq orqali erishish mumkin. To‘g‘ri, ba’zilar tug‘ma iste’dodi sabab buni osonroq uddalay olar. Lekin o‘qish-o‘rganishsiz savodli bo‘lish imkonsiz.

Yon-atrofga bir boqing. Odamlar yetti yot begona tillarni o‘rganib, unda to‘g‘ri va ravon gapiradigan, yozadigan bo‘lyapti. O‘zbekcha esa o‘z ona tilimiz, uni o‘rganish aslida oson. Imlomiz va punktuatsiyamizda ba’zi bo‘shliqlar, murakkabliklar bor. Ammo bu o‘rganish eshigi tambalandi degani emas.

Savodxonlik darajasini yaxshilashni jiddiy niyat qilgan, shunga yarasha harakati va toqati bor kishi uch oy ichida to‘g‘ri yozish ko‘nikmasini sezilarli darajada yaxshilay oladi. Xo‘sh, shunday shijoat paydo bo‘ldi, deylik. Nima qilish kerak?

 

Eng birinchi va eng to‘g‘ri yo‘l – o‘qish

Foto: Pixabay

Ha, shunday. So‘zlarning to‘g‘ri yozilishini o‘rganish uchun ularni birma-bir yodlab chiqmaysiz. Agar bunday qiladigan bo‘lsangiz, o‘zingizni qiynaysiz xolos.

Har qanday kitobni o‘qish savodxonlikni oshiravermaydi. Faqat sifatli kitoblarni mutolaa qilish zarur. Ko‘z so‘zlarning qanday yozilishini xotirada saqlab qoladi. Yozayotganingizda ana shu xotira sizga qo‘l keladi. Qancha ko‘p o‘qisangiz, ko‘z lug‘ati ortib boraveradi. Bu so‘z boyligingiz oshishi, nutqingiz ravonlashishiga ham hissa qo‘shadi. Badiiy adabiyotlar so‘z tovlanishlari, noyob iboralar, chiroyli o‘xshatishlarga boy bo‘ladi. Masalan, G‘afur G‘ulom asarlarini o‘qib, o‘zingiz bilmagan-eshitmagan juda ko‘p nodir so‘zlarni o‘rganishingiz mumkin.

O‘z sohangizga oid kitoblarni o‘qish ham foyda beradi. Atamalar va sohaga oid tushunchalarning ma’nosi, imlosini o‘rganasiz.

Mutolaaga har kuni kamida yarim soat, o‘rtacha bir soat vaqt ajrating.

 

Yozing va mashq qiling

Foto: Pixabay

Har kuni biror kitobning kamida bir betini ko‘chirib yozing. Endi ko‘z xotirasidan tashqari harakat xotirasi ham ishga tushadi. Qo‘l yozish jarayonida imloni eslab qoladi. Miya esa yozilgan narsani yaxshiroq uqadi. Tinish belgilari qay o‘rinda va nimaga qo‘llanayotganini tushuna borasiz.

Yozishning bundan-da foydaliroq usuli bor. Sifatli audiokitobdan parcha eshiting va uni qog‘ozga tushiring. Keyin uni kitob bilan solishtiring. Qayerlarda, qaysi so‘zlarda xato qilganingizga e’tibor bering.

Mabodo audiokitob yo‘q bo‘lsa, kitobdan parchani o‘zingiz ifodali o‘qing va telefoningiz diktofoniga yozib oling. Keyin uni eshitib, yozishingiz mumkin.

Tayyor diktantlardan ham foydalansangiz bo‘ladi.

Kundalik tuting, kuningiz qanday o‘tgani, qayerlarga borganingiz, nimalar qilganingizni qog‘ozga tushirib boring. Yoki o‘zingizga ma’qul istagan mavzuda yozishingiz mumkin. So‘ng matnda imlosiga ikkilangan so‘zlaringizni lug‘atdan tekshirib, to‘g‘rilab chiqing. Bu to‘g‘ri yozishdan tashqari yozma fikrlash malakangizni ham oshiradi. Miyada fikrlar tartibga tushadi, miyada tartib bor degani yozuvda ham tartib bor deganidir.

Yozish mashqi savod darajangiz sezilarli yaxshilangunga qadar davom etishi kerak. Iloji boricha qo‘lda yozing. Biroz muddatdan so‘ng mashg‘ulotni kompyuterda davom ettirishingiz mumkin.

 

Qoidalarni o‘rganing

Foto: Pixabay

Ha, bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Kitoblar, gazeta-jurnallarni o‘qib, ba’zi qoidalarni mantiq, savqi tabiiy bilan o‘zlashtirib olish mumkin. Lekin imlo va punktuatsiyani to‘laqonli bilish uchun baribir qoidalarni o‘rganish zarur.

Shu yo‘nalishdagi blog va sahifalar, videodarslar ham yaxshi foyda beradi.

Vaqt, xohish va imkon bo‘lsa, repetitorga borish yoki onlayn kurslarga qatnashish ham mumkin. Tabiatimiz shunaqa: tekin narsaning qadri kam bo‘ladi, pul to‘lasak, xarajatimizni oqlashga harakat qilamiz.

 

Lug‘atlar bilan ishlang

Foto: Pixabay

Imlo lug‘ati va izohli lug‘at doimiy ish qurolingizga aylansin. Ma’nosini tushunmagan yoki yozilishida ikkilangan so‘zlaringizni albatta lug‘atdan tekshiring. Buning uchun alohida lug‘at daftar tutganingiz afzal. Yoddan ko‘tarilgan so‘zlarga qarab olish ham osonlashadi.

Shaxsiy yozishmalarda, ijtimoiy tarmoqlarda savodli bo‘lishga intiling. To‘g‘ri yozish odatga asoslanadi. Xatoga e’tiborsiz bo‘laverish boshqa o‘rinlarda ham nuqsonli yozishingizga yo‘l ochadi.

Word dasturida o‘zbek lotin imlosini tekshirish xizmati ishga tushgan. Biroq u hali juda zaif. Juda ko‘p so‘zlarni tanimaydi. Word’da yoki brauzerlarda ishlaganda o‘zbek imlosini tekshirib beradigan maxsus kengaytmalardan foydalanishingiz mumkin. Bunda ham qayerda xato qilayotganingizni o‘rganasiz, ham uni bartaraf etasiz.

 

Asosiysi – qat’iyatli bo‘ling

Foto: Pixabay

Mutolaa, matn ko‘chirish, yozish, tekshirish – vaqt va kuch oladigan jarayon. Zerikib yoki hafsalasizlik qilib shug‘ullanishni to‘xtatsangiz, savodli bo‘lish niyatingiz niyatligicha qoladi. Istak va shijoatsiz shug‘ullanish esa kutilgan natijani bermaydi.

O‘zingizni rivojlantirish yo‘lida kuch-quvvat tilayman. Omadingizni bersin.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »