Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Hukumatning 2023-yil 10-noyabrdagi qaroriga asosan, bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash tartibiga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Qaror bilan tizimda joriy va 2024-yilda qator yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda. Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Sardor Fayzullayev “Daryo”ga bergan intervyusida mazkur o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Inson omili yanada kamaytiriladi”

O‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan beri bolalar nafaqasi va moddiy yordam “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali avtomatik tarzda tayinlab kelinmoqda. Undan oldin mahalla fuqarolar yig‘inidagi (MFY) komissiyalar tomonidan tayinlanardi. Hozrida 16 ta vazirlikdan 53 turdagi maʼlumotlar olinib, ular asosida nafaqalar tayinlanadi. Tartibga binoan, fuqarolar bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun MFYga ariza topshiradi. MFY arizalarni Pensiya jamg‘armasiga yetkazadi. Jamg‘arma esa hujjatlarni dasturga kiritadi. Yaʼni qaror qabul qilishda MFYning ham, jamg‘armaning ham roli yo‘q.

Tizim takomillashib borgani sari jarayon ham chuqur o‘rganilmoqda. Natijada ayrim fuqarolar o‘zining mol-mulki yoki avtotransport vositasini qarindoshi nomiga o‘tkazib, kam ta’minlangan sifatida nafaqa olayotgani aniqlangan. Ba’zi nafaqa berilayotgan oilalarning mol-mulk, mashina, yuqori ish haqi olayotgani va iqtisodiy holati yaxshilangani ham kuzatildi. Oqibatda aholi orasida ijtimoiy adolat buzilyapti, degan tasavvur uyg‘ondi. Bunday holatlarning oldini olish, jarayonni yanada raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish maqsadida hukumatning ushbu qarori qabul qilindi.

“Onlayn ariza berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi”

Qarorga asosan, 2024-yil 1-apreldan boshlab “Yagona interaktiv davlat xizmatlari” portali orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish uchun onlayn murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Bunda onlayn arizani fuqarolar yoki ularning nomidan (fuqaro roziligi bilan) Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududlardagi xodimlari kiritishi mumkin bo‘ladi.

Ayrim oilalarda nogironlik holati bo‘lishi yoki kam taʼminlangani uchun internetga ulanadigan telefoni bo‘lmasligi mumkin. Yaʼni hammada ham onlayn ariza berish imkoni yo‘q. Shu kabi holatlar uchun “Inson” ijtimoiy markazining xodimlariga o‘sha fuqarolar nomidan ariza topshirish huquqi berilmoqda.

Tizimga kiritiladigan yana bir o‘zgarish: 2024-yil 1-yanvardan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tadi.

“Oilaning iqtisodiy holati doimiy o‘rganiladi”

Yangi kiritilayotgan tartibga ko‘ra, 2023-yil dekabrdan bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilaning iqtisodiy ahvoli har oyda o‘rganib boriladi. Agar oilaning iqtisodiy holatida yaxshilanish kuzatilsa, masalan, u mol-mulk, yangi avtomobil xarid qilgani aniqlansa, dastur moddiy yordam berish mezonlarini qaytadan avtomatik o‘rganadi. Oila o‘sha mezonlarga mos kelmay qolgan taqdirda pul berish to‘xtatiladi.

Amaldagi tartibda bolalar nafaqasi tayinlangan oilaning iqtisodiy holati bir yil ichida yaxshilansa-da, unga belgilangan muddat davomida pul berish to‘xtatilmas edi. Chunki buning huquqiy asosi bo‘lmagan. Yangi qaror bilan shu asos yaratildi. Endi dastur barchasini avtomatik tarzda aniqlaydi. Aytaylik, nafaqa tayinlangan fuqaro mashina sotib olsa, Ichki ishlar vazirligi axborot tizimi orqali dasturga maʼlumot kelib tushadi va o‘sha oilaga moddiy yordam berish to‘xtatiladi.

Yana bir o‘zgarish: 2024-yil 1-martdan “mahalla yettiligi” tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalarga chiqqan holda, ularning iqtisodiy holati to‘g‘risidagi maʼlumotlar o‘rganiladi. Yaʼni oiladagi mol-mulklar haqidagi maʼlumotlar yig‘iladi va dasturga kiritiladi. 

“Mahalla yettiligi”— mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimdan iborat mahallalar bilan ishlash tizimi.

Amaldagi tartibda fuqaroning ishlab chiqarilgan sanasi 7 yildan oshmagan yengil avtomobili bo‘lsa, unga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash rad qilinadi. Endi o‘sha 7 yillik muddat 12 yilga oshirildi. Agar  12 yil ichida ishlab chiqarilgan avtomobil sotib olsa, u oilaga yordam puli tayinlanmaydi.

“Yana bir ovoragarchilik barham topadi”

Oilalarda keyingi farzand tug‘ilish holatlari bor. Hozirgi tartib bo‘yicha fuqarolar bolalar nafaqasi olayotgan bo‘lsa, yangi farzand dunyoga kelgandan keyin MFYga borib, nafaqani qayta hisoblashlarini so‘rab yana yozma ariza bilan murojaat qilishi kerak.

2024-yil 1-yanvardan boshlab yangi tug‘ilgan chaqaloq to‘g‘risidagi maʼlumotlar FHDY organining axborot tizimidan onlayn va avtomat tarzda olinadi. Yaʼni fuqarolar yangi farzandi tug‘ilgach, bolalar nafaqasini qayta hisoblash bo‘yicha murojaat qilmaydi. Bola tug‘ilgan sanadan maʼlumotlar avtomat ravishda dasturga keladi, keyingi oyning birinchi sanasidan pul miqdori yangi tug‘ilgan bolaga ham qo‘shilgan holda qayta hisoblab, oshirib boriladi. Bu ham ovoragarchilikning oldini oladi.

Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser ro‘yxatidagi fuqarolar bor. Amaldagi tartibda shunday toifadagi fuqarolar bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni so‘rab murojaat qilsa, ularni ishlash yoki ishlamasligini so‘rar edik. Yangi tartib bilan shu toifadagi fuqarolardan rasmiy daromadga egaligi so‘ralmaydi.

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam haqida

Bugungi kunda O‘zbekistonda 2,2 milliondan ortiq kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam pullari to‘lanmoqda. 2023-yilda ushbu to‘lovlar uchun davlat budjetidan jami 12,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali tayinlanadigan moddiy yordam faqatgina kam taʼminlagan deb topilgan oilaga beriladi. Bolalar nafaqasi tayinlashda oilaning iqtisodiy ahvoli qanday o‘rganilsa, moddiy yordam tayinlash uchun ham xuddi shunday o‘rganiladi. Kam taʼminlangan oilaning 18 yoshgacha farzandlari bo‘lsa, unga bolalar nafaqasi tayinlanadi. Agar fuqaro yakka-yolg‘iz yoki hamma farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lsa, moddiy yordam olish uchun murojaat qilishi mumkin.

Bolalar nafaqasi 12 oy, moddiy yordam pullari 6 oy davomida to‘lab boriladi. Fuqaro bolalar nafaqasi olish uchun har 12 oyda qaytadan ariza topshiradi. Bu tartibga o‘zgarish kiritish ko‘zda tutilmagan.

Hozirda bolalar nafaqasi miqdori oilada uch yoshgacha bo‘lgan bir bola uchun 325 000 so‘m. Eng birinchi farzand uch yoshdan katta bo‘lsa, unga 250 000 so‘m to‘lanadi. Keyingi ikkinchi farzandlarga ikki holatda ham 150 000 so‘mdan beriladi. Keyingi farzandlarning har biri uchun 100 000 so‘mdan qo‘shib ketilaveradi. Moddiy yordam miqdori esa oyiga 380 000 so‘m.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »