Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Charlz Britaniya tarixidagi eng uzoq xizmat qilgan Uels shahzodasi va taxt vorisi edi. Qirolicha Yelizaveta II vafotidan so‘ng 75 yoshli taxt vorisi qirol bo‘ldi va Charlz III nomini oldi. Buyuk Britaniya yangi qirolining taxtga o‘tirishdan oldingi hayoti qanday o‘tgani haqida ma’lumot beramiz.

Charlz — bo‘lajak qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li

 
Foto: Getty Images

1948-yil 14-noyabrda York malikasi Yelizaveta va uning turmush o‘rtog‘i Filipp Mountbatten oilasida to‘ng‘ich o‘g‘il, bo‘lajak qirol Charlz III — shahzoda Charlz Filipp Artur Jorj dunyoga keladi. Shahzoda Bukingem saroyida tug‘iladi, o‘sha paytda yangi tug‘ilgan chaqaloqning otasi tennis o‘ynayotgan edi. Bunday quvonchli voqea munosabati bilan 41 ta artilleriyadan o‘q uziladi, dengizchilar ikki hissa rom bilan siylanadi. Charlz tug‘ilishi bilanoq Britaniya taxtiga voris sifatida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Ammo 1952-yil fevral oyida u birinchi o‘ringa chiqadi — otasi qirol Jorj VI vafotidan keyin onasi Yelizaveta II qirolicha bo‘ladi. O‘sha paytda Charlz atigi uch yoshda edi.

Charlz — rasman Uels shahzodasi

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

1958-yilda 9 yoshida Charlz onasi qirolicha Yelizavetadan Uels shahzodasi rasmiy unvonini oladi va haqiqiy shahzodaga aylanadi. Bu an’anaviy ravishda taxtning erkak merosxo‘rlariga beriladigan unvon. Oradan 11 yil o‘tib, 1969-yil iyul oyida unga vakolat beriladi. Marosim Karnarvon qal’asida bo‘lib o‘tadi.

Taxt vorisining maktab yillari

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

1957-yil oktyabr oyida shahzoda Charlz Xill Xaus maktabiga boradi va ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan birinchi qirollik merosxo‘ri bo‘ladi (ilgari barcha qirollik bolalari uyda ta’lim olishgan). Avvaliga u Cheamga, keyin esa Gordonstounga o‘tadi (otasi Filipp ham shu yerda o‘qigan). Ikkinchi maktabda tartib juda qattiq edi — Charlz hatto Gordonstounda o‘qishni qamoq jazosiqa qiyoslaydi. Biroq u juda yaxshi o‘qiydi — faqatgina 4 va 5 baholarga. 1967-yilda Charlz Kembrij Triniti kollejida tahsil oladi va oilaviy odatlarni yana bir bor kengaytiradi (undan avval birorta merosxo‘r universitetda o‘qimagan) — 1970-yilda antropologiya, arxeologiya va tarix fakultetini tamomlaydi.

Dengiz zobiti

 
Foto: Getty Images

Universitetni tugatgandan so‘ng, Charlz barcha merosxo‘rlar kabi armiyada xizmat qilish uchun ketadi. 1971-yil mart oyida u Qirollik havo kuchlarida reaktiv samolyot uchuvchisi bo‘lish uchun olti oylik mashg‘ulotlarga qatnashadi. 1971-yil mart oyida Dartmut dengiz akademiyasiga o‘qishga kiradi. O‘qishni tugatgandan so‘ng, shahzoda dengiz flotida xizmat qiladi, turli kemalarda suzadi, qiruvchi samolyot va vertolyot boshqarishni o‘zlashtiradi.

Kamilla Parker-Boulz — shahzoda hayotidagi asosiy ayol

Foto: Getty Images

1970-yil Charlz uchun alohida yil edi — o‘sha paytda u birinchi marta Vindzor parkidagi polo musobaqasida Kamilla Rozmari Shandni (Kornuollning bo‘lajak gersoginyasi) uchratadi. Yoshlar bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi, ular umumiy qiziqishlarga ega edi. Shandning katta buvisi Elis Keppel Charlzning bobosi qirol Edvard VII bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini ham hazil tariqasida umumiy jihat deb qarashadi. Juftlik uchrasha boshlaydi. Ammo qirolicha Yelizaveta, yumshoq qilib aytganda, o‘g‘lining “sevimli mashg‘uloti”dan mamnun emasdi. Kamilla vino savdogarining qizi edi, bundan tashqari, Charlz Kamillaning hayotidagi birinchi erkak emasdi — u bunday kelinni saroyga kiritmasdi ham. Ammo 1971-yilda shahzoda armiyaga ketib, qaytib kelganida Kamilla allaqachon ofitser Endryu Parker Boulz bilan unashtirilgandi.

Malika Diana bilan tanishuvi

Foto: Getty Images

Kamilladan keyin Charlzning ko‘plab ishqiy romanlari boshlanadi, yillar o‘tsa-da, u Kamilladan boshqasiga ko‘ngil qo‘yolmaydi. 1970-yillarning oxirida Charlz Sara Spenser bilan uchrasha boshlaydi, ular birgalikda yaxshi vaqt o‘tkazishadi, lekin munosabatlarida iliq his-tuyg‘ular yo‘q edi. Shunga qaramay, bu romantikani e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi: Spenserlarnikiga tashriflaridan birida shahzoda bo‘lajak rafiqasi, Saraning hali judayam yosh singlisi Diana bilan tanishadi. Charlz unga juda g‘amgin bo‘lib ko‘rinadi, shu sababdanmi qizning unga rahmi keladi. Mish-mishlarga ko‘ra, bu nikoh yoshlarning buvilari — baronessa Fermoy va ona qirolicha tomonidan uyushtirilgan. Nima bo‘lganda ham reja amalga oshadi. 1980-yilda shahzoda va kichik Spenser xonim uchrasha boshlaydi, 1981-yil fevral oyida esa ular unashtiriladi — bu paytda Charlz 31, Diana 19 yoshda edi. Ular o‘sha yilning yozida turmush qurishadi.

Qirollik oilasidagi drama

Foto: Getty Images

1986-yilda Diana va Charlz o‘rtasidagi munosabatlarda kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Shahzoda butun dunyo uning yosh xotiniga maftun bo‘lganidan xursand bo‘ladi, lekin ayni paytda bu holat uni g‘azablantiradi ham. Bu paytda Charlz uni tushunadigan yagona odam Kamilla bilan munosabatlarini qayta tiklaydi. 1992-yilda Endryu Mortonning malika va uning do‘stlari tilidan yozilgan “Diana. Uning haqiqiy hikoyasi” kitobi nashrdan chiqadi. Qirollik nikohining ko‘plab yoqimsiz tafsilotlari matbuotda tez-tez paydo bo‘ladi. 1993-yil dekabr oyida er-xotin ajralishlarini e’lon qilishadi, bir yil o‘tgach, Charlz rafiqasiga xiyonat qilganini tan oladi, 1995-yil noyabrda Diana o‘sha mashhur intervyusini beradi — bu intervyuni 23 millionga yaqin odam tomosha qiladi. 1996-yil avgust oyida shahzoda va malika rasman ajrashadi.

O‘g‘illarini uzoqdan turib sevadigan ota

Foto: Getty Images

Ajralishdan bir yil o‘tib, 1997-yil 31-avgustda malika Diana Parijda avtohalokatda vafot etadi. O‘sha voqea tafsilotlari hammaga yaxshi ma’lum. Butun dunyo motam tutadi, ko‘pchilik bu fojiada qirollik oilasini, ayniqsa Charlzni ayblaydi. Ammo bo‘layotgan dahshatli voqealar fonida Charlz o‘zini munosib tutadi: u Diananing opa-singillari bilan birga uning jasadini Angliyaga olib kelish uchun Fransiyaga boradi, dafn marosimini tashkil qiladi va o‘g‘illarining tinchligi uchun barcha choralarni ko‘radi — u bir necha bor jurnalistlarga ularning shaxsiy hayotini hurmat qilishni so‘rab murojaat qildi. Onasi vafot etganida Uilyam 15, Garri esa 12 yoshda edi. Otasi va shahzodalar o‘rtasida yaqin hissiy bog‘liqlik yo‘q edi, lekin o‘zaro befarqlik tufayli emas. Shunchaki Charlz doimo juda band bo‘lgan, uning Angliya oldidagi burchi u uchun doimo muhim rol o‘ynagan.

Haqiqiy muhabbat g‘alabasi

Foto: Getty Images

1998-yilda fojiadan bir yil o‘tgach, Charlz Kamillani asta-sekin hayotiga kiritishni boshlaydi (Kamilla ancha oldin ajrashgan edi). Avval u uni o‘g‘illari bilan tanishtiradi, keyin sevgilisi bilan Ritz mehmonxonasida ijtimoiy tadbirda ko‘rinish beradi va nihoyat uni qirolicha bilan tanishtiradi. Yelizavetta II ularning his-tuyg‘ularining samimiyligini qadrlaydi va ularga oq fotiha beradi. 2005-yil 9-aprelda, ular uchrashganidan 30 yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, Charlz va Kamilla turmush qurishadi. Keyinchalik shahzoda Garri bu nikoh haqida shunday deydi: “Biz undan juda minnatdormiz. U otamizning hayotiga qaytadan quvonch keltirdi”.

Filantrop

Foto: Getty Images

Ko‘pchilik malika Diananing saxiyligi — u boshlagan ko‘plab xayriya ishlari haqida eshitish va gapirishga odatlangan. Va bularning barchasi haqiqat, lekin Charlz ham bunday xayriyalardan chetda turmagan. 1976-yilda armiyadan nafaqaga chiqqanida, u 7000 funt sterling miqdorida nafaqa oladi, bu esa Shahzoda jamg‘armasi deb ataladigan fondning asosini tashkil etadi — barchasi shundan boshlangan. Bugungi kunda u 350 ga yaqin notijorat tuzilmalarga homiylik qiladi va 15 ta tashkilotning asoschisi hisoblanadi. Charlz iqlim muammolari, atrof-muhitni muhofaza qilish va gentrifikatsiya, yoshlar, milliy ozchiliklar va kichik millatlar muammolariga alohida e’tibor beradi. U arxitekturada neoistorizm g‘oyalarini targ‘ib qiladi, shuningdek, an’anaviy tibbiyotga qiziqadi. Har bir britaniyalik ham an’anaviy davolanish, ham gomeopatiyadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi — shahzodaning bu nuqtayi nazari jamiyatda ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgan.

Hamma narsaga qiziquvchi shaxs

Foto: Getty Images

Umuman olganda, Charlzning sevimli mashg‘ulotlari juda ko‘p: u uzoq yillar davomida polo o‘ynagan, tulki (2005-yilda bu faoliyat taqiqlanguniga qadar) va baliq ovlashni yaxshi ko‘rardi. Shahzoda qo‘llarini kir qilishdan qo‘rqmaydi — u bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi, akvarel bilan rasm chizishda ham juda qobiliyatli. Shuningdek, bir nechta kitoblar muallifi — xususan, bolalar uchun The Old Man of Lochnagar nomli qissalar to‘plami (1980), iqlim o‘zgarishi haqidagi Harmony: A New Way of Looking at Our World (2010) va The Prince’s Speech: On the Future of Food. 2019-yilning bahorida Charlz shaxsiy mehmonxonasini ochadi — u Shotlandiya shimolidagi Keytnessda, buvisi qirolicha Yelizavetaning sobiq qarorgohida joylashgan va The Granary Lodge deb nomlangan.

Eng keksa merosxo‘r

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

Yelizaveta II 96 yil yashab, umrining 70 yilini taxtda o‘tkazdi. Onasining uzoq hukmronligi tufayli Charlz Britaniya tarixida eng keksa taxt vorisi sifatida mutlaq rekordchiga aylandi, shuningdek, Uels shahzodalari orasida ham yoshi bo‘yicha eng keksasi bo‘ldi.

2022-yil 8-sentabrda qirolicha Yelizaveta II Balmoral qasrida oilasi qurshovida vafot etdi va 75 yoshli shahzoda Charlz III sifatida qirol bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »