Dmitriy Peskov: “Ukrainaga qurol yetkazib berish mojaroning borishini o‘zgartirmaydi”
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish harbiy amaliyotning borishini o‘zgartirmasligini aytdi. Bu haqda u “Izvestiya” nashri bilan suhbatda gapirdi.
“NATO Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etadi, taktik va texnik xususiyatlar darajasini oshiradi va o‘zining mojaroga aralashish darajasini yanada ko‘paytiradi. Ammo bu jang maydonidagi voqealar rivojini o‘zgartira olmaydi”, — dedi Peskov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga qurol yetkazib berish ham Rossiyaning mojarodagi “jangovar maqsadlariga” taʼsir qilmaydi.
Joriy yilning may oyida bergan intervyusida Dmitriy Peskov Rossiya Ukrainadagi urushda “aniq maqsadlar”ga erishgani haqida gapirgandi. Uning fikricha, Rossiya Ukrainadagi harbiy ishlab chiqarishni yo‘q qilishning uddasidan chiqqan.