Toshkentda Jah Khalib konserti kuni yuz bergan tartibsizlikda odamlar o‘lgani haqidagi mish-mishlar rad etildi
Toshkentdagi Humo Arena saroyida 25-noyabr kuni mashhur xonanda Jah Khalib’ning konsert dasturi kuni tartibsizlik yuzaga kelgandi. Ushbu tartibsizliklar paytida fuqarolar jarohatlangani va vafot etgani haqida tarqalgan xabarlar rad etildi.
“Poytaxtimizdagi Humo Arena saroyida xonanda Jah Khalib konsertiga kirish vaqtida fuqarolar tomonidan sodir etilgan tirbandlikning o‘z vaqtida oldi olingani va uning sabablari to‘g‘risida to‘liq maʼlumot bergan bo‘lsak-da, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri xabarlarni tarqatishga urinishmoqda. Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xabarida.
Toshkent shahar IIBB ham bu haqda tarqalgan xabarlar asoslanmagan va tekshirilmagan ekanini ma’lum qildi.
“O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida ushbu holatda birorta fuqaro jarohat olgani va vafot etgani haqida xabar kelib tushmagan. Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi boshqarma xabarida.
Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, konsert dasturi kuni jamoat tartibini buzganlikda gumonlangan fuqarolar voqea joyidan xavfsiz hududga olib chiqilib, yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldi olingan.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olingan. Humo Arena saroyiga kirish uchun tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR-kodi orqali tekshirilib kiritilgan. O‘rindiqlar to‘lgan bo‘lsa-da, tashqarida konsertga kirish istagida bo‘lgan mingdan ortiq fuqaro qolib ketgan.
Ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilayotgani ham aniqlangan va bunday chipta egalari nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan. Ular chiptalarni tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg‘a sifatida hamda pul evaziga qo‘lga kiritgani maʼlum bo‘lgan. Ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o‘z manfaati yo‘lida takroran sotgani aniqlangan.
Ushbu konsert dasturiga kirish uchun fuqarolarga soxta bilet sotilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.