Toshkentda Jah Khalib konserti kuni yuz bergan tartibsizlik yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi
Toshkentdagi Humo Arena saroyida 25-noyabr kuni mashhur xonanda Jah Khalibning konsert dasturi kuni tartibsizlik yuzaga keldi. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Unda yuzlab odamlar konsertga kirish ilinjida Humo Arena saroyiga kirish qismida to‘plangani aks etgan. Odamlar chiptasi bo‘lsa ham konsertga kira olmayotgani aytilgan.
Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasining ma’lum qilishicha, konsert dasturi kuni u yerda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan jamoat tartibini buzganlikda gumonlangan fuqarolar voqea joyidan xavfsiz hududga olib chiqilib, yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldi olingan.
Tartibbuzarlikka doir holat yuzasidan surishtiruv va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Hozirda barcha fuqarolar voqea joyidan tarqatilgan. Tan jarohati olganlar yo‘q.