Jah Khalib konsertidagi tiqilinch yuzasidan qozog‘istonliklar ogohlantirildi
Qozog‘istonda politsiya qozog‘istonlik reper Jah Khalib (Baxtiyar Mamedov)ning O‘zbekistondagi konserti oldidan sodir bo‘lgan tartibsizliklar ortidan Olmaota aholisiga murojaat qildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
25-noyabr kuni Toshkentda Jah Khalib konserti oldidan tiqilinch va tartibsizliklar yuz berdi. Bunga qalbaki chiptalar sabab bo‘lgani, ular qo‘lda sotilgani ta’kidlandi.
“Masalan, atigi bitta QR kod yordamida tadbirga kirishga 115 marta urinish qilingan”, — deydi chiptalar sotgan kompaniya.
Madaniy-ko‘ngilochar tadbirlarga chiptalar sotish bilan bog‘liq noqonuniy manipulyatsiyalar faktlarining oldini olish maqsadida Olmaota politsiyasi shahar aholisi va mehmonlariga murojaat qildi:
“Firibgarlar qurboniga aylanmaslik uchun konsertlar uchun chiptalarni rasmiy manbalardan sotib olish kerak”, — dedi huquq-tartibot idoralari xodimlari.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Jah Khalib konsertiga soxta chiptalar sotilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olingan.
Humo Arena saroyiga kirish uchun tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR-kodi orqali tekshirilib kiritilgan. O‘rindiqlar to‘lgan bo‘lsa-da, tashqarida konsertga kirish istagida bo‘lgan mingdan ortiq fuqaro qolib ketgan.
Ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilayotgani ham aniqlangan va bunday chipta egalari nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan. Ular chiptalarni tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg‘a sifatida hamda pul evaziga qo‘lga kiritgani maʼlum bo‘lgan. Ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o‘z manfaati yo‘lida takroran sotgani aniqlangan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.