“Elektron chiptalar takroran sotilgan”. Toshkentda Jah Khalib konsertidagi tartibsizlik bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi
Toshkentdagi “Humo arena” saroyida 25-noyabr kuni mashhur xonanda Jah Khalib konsert dasturi kuni tartibsizlik yuzaga kelgandi. Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olingan. “Humo arena” saroyiga kirish uchun tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR-kodi orqali tekshirilib kiritilgan. O‘rindiqlar to‘lgan bo‘lsada, tashqarida konsertga kirish istagida bo‘lgan mingdan ortiq fuqaro qolib ketgan.
Ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilayotgani ham aniqlangan va bunday chipta egalari nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan. Ular chiptalarni tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg‘a sifatida hamda pul evaziga qo‘lga kiritgani maʼlum bo‘lgan. Ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o‘z manfaati yo‘lida takroran sotgani aniqlangan.
“Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu kabi noqonuniy ishga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, bunday holatlarni oldini olish maqsadida Milliy gvardiya, IIV, Raqamli texnologiyalar vazirligi va ITICKET INGURUZ MCHJ mutasaddilari tomonidan kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar muhokama qilinadi.