Toshkentda Jah Khalib konsertiga soxta chiptalar sotilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkentda Jah Khalib konsert dasturiga kirish uchun fuqarolarga soxta bilet sotilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olingan. Humo Arena saroyiga kirish uchun tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR-kodi orqali tekshirilib kiritilgan. O‘rindiqlar to‘lgan bo‘lsa-da, tashqarida konsertga kirish istagida bo‘lgan mingdan ortiq fuqaro qolib ketgan.
Ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilayotgani ham aniqlangan va bunday chipta egalari nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan. Ular chiptalarni tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg‘a sifatida hamda pul evaziga qo‘lga kiritgani maʼlum bo‘lgan. Ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o‘z manfaati yo‘lida takroran sotgani aniqlangan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.