O‘zbekistonning qator hududlarida 903 tonnadan ortiq ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlandi
O‘zbekistonning bir qator tumanlarida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Qarshi, Xatirchi, Gurlan, Xonqa va Ellikqalʼa tuman bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan. Buning natijasida “Ko‘mir taʼminot” MCHJning ushbu tumanlar ko‘mir ombori masʼul shaxslari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan jami 903,4 tonna ko‘mirni imtiyozli narxda sotilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirib, amalda ushbu ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Buxoro shahri “Abu Ali ibn Sino” MFY hokim yordamchisi kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Yangiyo‘l tumani hokimi mahallalardagi 6 nafar yordamchisini jazolagani to‘g‘risida xabar berilgandi.