Estoniya Rossiya bilan chegarani yopishga tayyorligini ma’lum qildi
Estoniya Rossiya—Finlandiya chegarasida kuzatilganidek muhojirlar oqimidan himoyalanish uchun Rossiya bilan chegarani yopishga tayyor. Bu haqda Estoniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Margus Tsahkna Bryusselda Shimoliy va Boltiqbo‘yi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Finlyandiya chegarasida sodir bo‘layotgan voqealar Rossiyaning shafqatsiz gibrid hujumidan boshqa narsa emas”, — dedi vazir. “Bunday hujumlardan himoyalanish uchun Estoniya Rossiya bilan chegarani yopishga tayyor”.
Bir hafta oldin Estoniya chegarachilari Narva chegara punktida “ajdar tishlari” deb nomlanuvchi beton bloklarni o‘rnatishni boshlagandi. Rasmiylar migratsiya vaziyati yomonlashgani sababli nazorat-o‘tkazish punkti yopilishini istisno qilmadi.
Narvadagi nazorat punkti ikki davlat chegarasidagi eng ommalashgani hisoblanadi. Rossiya va Estoniya o‘rtasida jami beshta nazorat-o‘tkazish punkti mavjud: “Luhamaa” va “Koydula” nazorat punktlari avtomobil qatnovi uchun, qolgan ikkitasi esa temiryo‘l harakati uchun mo‘ljallangan.
Avvalroq Latviya hukumati Rossiya bilan chegarani yopishni istisno qilmagan edi. Ichki ishlar vazirligi rahbari Richard Kozlovskisning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror “agar vaziyat tubdan o‘zgarib, milliy xavfsizlikka tahdid yuzaga kelsa” qabul qilinadi. Litva esa Rossiya bilan chegaralarini yopish uchun hech qanday sabab ko‘rmayotganini ma’lum qildi.
Finlandiya Yaqin Sharq va Afrikadan Rossiya hududi orqali mamlakatga o‘tishga uringan muhojirlar oqimi tufayli barcha chegara punktlarini yopishga qaror qildi. Oxirgi nazorat punkti bugun yarim tunda yopiladi.
Xelsinkiga ko‘ra, Rossiya tomoni uchinchi davlatlardan kelgan muhojirlarning ko‘pchiligida chegaradan o‘tish uchun hujjatlari yo‘qligiga qaramay, ularga yordam bermoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni “juda g‘alati” deb atadi va javob choralarini ko‘rishga va’da berdi. Kreml Finlandiya Rossiya bilan yaxshi munosabatlardan atay uzoqlashishga qaror qilgan, deb hisoblaydi.