Milliy gvardiya Humo Arena’dagi tartibsizlikda jinoiy guruh a’zolari bilan to‘qnashuv yuz berganini rad etdi
Toshkentdagi Humo Arena saroyida 25-noyabr kuni mashhur xonanda Jah Khalib’ning konsert dasturi kuni tartibsizlik yuzaga kelgandi. O‘zbekiston Milliy gvardiyasi mazkur holat bo‘yicha ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Ayrim kimsalar tomonidan “Minglab odamlar konsertga soxta chiptalar yordamida kirishga uringan payt, jinoiy guruh aʼzolari hamda xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgan” degan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatilmoqda, — deyiladi munosabatda.
Milliy gvardiya fuqarolardan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonib qolmasliklarini so‘ragan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab, yolg‘on maʼlumotlar tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Jah Khalib konsertiga soxta chiptalar sotilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olingan.
Humo Arena saroyiga kirish uchun tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR-kodi orqali tekshirilib kiritilgan. O‘rindiqlar to‘lgan bo‘lsa-da, tashqarida konsertga kirish istagida bo‘lgan mingdan ortiq fuqaro qolib ketgan.
Ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilayotgani ham aniqlangan va bunday chipta egalari nazorat o‘tish joyidan ichkariga qo‘yilmagan. Ular chiptalarni tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovg‘a sifatida hamda pul evaziga qo‘lga kiritgani maʼlum bo‘lgan. Ayrim fuqarolar elektron chiptalarni o‘z manfaati yo‘lida takroran sotgani aniqlangan.