Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

2016-yilda Miyazaki yangi loyihalar — qisqa metrajli va “eng so‘nggi” animatsion filmi ustida ishlashga qaytdi. Bu qaytishning sababi rejissor uchun katta ahamiyatga ega edi. Yaponiyalik ijodkor yakuniy asarini kelajak avlod uchun xabar sifatida qoldirishni istadi: “Bobongiz boshqa dunyoga ketadi, lekin sizlarga o‘z ishlarini qoldiradi”.

 
 
Foto: Filmdan kadr

Shuning uchun Miyazakini bolaligidagi sevimli kitobi Yoshino Genzaburoning “Qanday yashayapsiz?” asari ilhomlantirgani ajablanarli emas. Bu otasi vafotidan so‘ng amakisi bilan yashashni boshlagan maktab o‘quvchisi Koperu haqidagi hikoya. Amakisi har kuni ertalab bolakayga eslatma qoldiradi, unda dunyo va Koperu hayotidagi voqealar haqida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashadi. O‘smirlar uchun yaratilgan mazkur axloqiy asar nevaralar va tomoshabinlar bilan vidolashuv filmi uchun ideal asosdir.

“Bola va qarqara” bu — yaqinlarining o‘limi va urush qiyinchiliklarini yengib o‘tish haqidagi hikoya

“Bola va qarqara” Yaponiyada original asarga ilova sifatida “Qanday yashayapsiz?” nomi bilan chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, mazkur multfilm adabiy matnning to‘liqligicha ekranga moslashuvi emas — Genzaburoning kitobi hikoyaning umumiy yo‘nalishini belgilaydi xolos.

Foto: Filmdan kadr

Mohitoning onasi Ikkinchi jahon urushi paytida Tokiodagi kasalxona portlashi oqibatida vafot etadi. Bir yil o‘tgach, bola otasi bilan poytaxtni tark etib, chekka hududga ko‘chib o‘tadi. Qishloqda ularni xolasi kutib oladi — u bolaning otasidan farzand kutmoqda va unga turmushga chiqishi kerak.

Mohito uydagi o‘gay onasi va xizmatkor kampir bilan xushlamay muloqot qiladi. Maktabda ham kim bilandir do‘stlashishning uddasidan chiqolmaydi, kamiga yangi sinfdoshlari darsdan keyin uni do‘pposlashadi. Ammo bolaning e’tiborini g‘alati qush — qarqara o‘ziga tortadi. Avvaliga u shunchaki bolani ta’qib qiladi. Ammo keyinroq u tishli tumshug‘ini ochib, Mohito o‘rmonning chakalakzoridagi tashlandiq minoraga borsa, onasini ko‘rishi mumkinligini aytadi. Avvaliga bola rad etadi, lekin xolasi, ya’ni o‘gay onasi Natsuko yo‘qligida, kamonini olib, qush aytgan joyga yo‘l oladi.

Foto: Filmdan kadr

Syujet nuqtayi nazaridan, “Bola va qarqara” Miyazakining oldingi asarlaridan yig‘ilgan ko‘p qavatli konstruksiyaga o‘xshaydi. Dastlab film bolalarning shaharni tark etishi va tabiatni o‘rganishi haqidagi ta’sirli hikoya — “Mening qo‘shnim Totoro”ni eslatadi. Agar Satsuki va Mey onasining o‘limi hikoya oxirida dahshatli zarba bo‘lgan bo‘lsa, Mohito film boshidayoq mehribon insonini yo‘qotadi va bu voqeaga g‘amgin ohang beradi. Bunday og‘ir travmadan omon qolishga yordam beradigan narsa bu ruhlar boshchiligida boshqa dunyoga sayohat — bu syujet “Ruhlar olami”da ham bor.

Ammo boshqa filmlar bilan o‘xshashlik “Bola va qarqara”ning umumiy g‘oyasiga ta’sir qilmaydi. Miyazakining sehrli dunyolari har kimni o‘ziga jalb qiladi, hatto tomoshabin ularni biron bir joyda ko‘rgan bo‘lsa ham. Rejissorning yangi filmi syujeti bilan emas, balki qahramon his-tuyg‘ularini, u yashayotgan muhitni ifodalash uslubi bilan o‘ziga tortadi. Qayerdadir urush bo‘lmoqda — bola va uning otasi bu dahshatdan qochib ketishyapti, lekin ular har qadamda urush aks-sadolariga duch kelishmoqda. Mohitoning ichida onasi uchun qayg‘urish va uni qutqara olmaganligi uchun asossiz aybdorlik hissi yashiringan.

Filmda juda ko‘p yorqin tasvirlar va chiroyli joylar mavjud

Multfilm ustida deyarli 7 yil ishlandi. Dastlabki 3,5 yilda filmning atigi 15 foizi chizilgan edi. Prodyuserlar buni Miyazakining sinchkovligi bilan izohlaydi. Rejissorda aniq muddat yo‘q edi, shuning uchun u kompyuter grafikasidan butunlay voz kechishga va multfilmning har bir sahnasini chizishga qaror qiladi. Bunda unga 60 nafar animatorlar jamoasi yordam beradi.

Shu sababli “Bola va qarqara” juda ajoyib chiqqan. Miyazaki har doimgidek, qahramonlarning tashqi ko‘rinishini ta’sirli tasvirlagan. Multfilmdagi kampirlar “Ruhlar olami” filmidagi Yubabaga juda o‘xshaydi. Ammo tashqi ko‘rinish va yuz ifodalaridagi mayda tafsilotlar tufayli ular jirkanchlikni emas, balki muloyimlik va kulgi uyg‘otadi. Multfilmning e’tiborni tortadigan qahramonlari esa yumaloq “varavara” mavjudotlari bo‘ladi. Bu oq mini Totorolar boshqa dunyoda ulg‘aygach, Yer yuzida bolalar bo‘lib tug‘iladi.

Foto: Filmdan kadr

Shuningdek, multfilmning lokatsiyalari va fonlari alohida e’tiborga loyiq. Ba’zi kadrlar shveysariyalik rassom Arnold Boklinning asarlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirilgan. Tabiatning umumiy tasviri va qahramon oilasining yangi uyi ayrim joylarda san’at galereyalari manzaralariga juda o‘xshash.

“Bola va qarqara” dunyoning achchiq, ammo yaxshilanishiga umid qilsa bo‘ladigan taqdiri haqida

Rejissorning nabiralariga so‘nggi xabari qahramon o‘zini sirli minora orqali topadigan parallel dunyoda shakllantirilgan. U yerda Mohito o‘zining katta bobosi, vizual jihatdan Miyazakining o‘ziga o‘xshash sehrli dunyo yaratuvchisi bilan uchrashadi.

Foto: Filmdan kadr

Katta bobo o‘z hayoti haqidagi fikrlarini bola bilan o‘rtoqlashadi — dunyo ustuni mox bilan qoplangan va u tobora zaiflashib bormoqda, chunki uni yovuzlik yemiryapti. Mohito kelgan haqiqiy dunyoda qonli jahon urushi davom etmoqda. Sehrli dunyoda esa zolim podshoh boshchiligidagi qurolli to‘tiqushlar qo‘shini kuchayib bormoqda. Shu sababli bobo nabirasiga o‘z dunyosini meros sifatida qabul qilishi va uni halokatdan qutqarishini iltimos qiladi.

Shunday qilib, Miyazaki yana tajovuz va qonga to‘lgan dunyoda go‘zallik yaratish haqida o‘ylashga qaytadi. Ammo baribir Miyazaki tomoshabinlarga baxtli yakun va kelajakka umid baxsh etadi. Va yana u bir paytlar aytgan fikrga qaytadi: hatto olov ichida yonayotgan dunyoda ham bolalar baxtli yashash imkoniyatga ega bo‘lishi kerak.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »