Dmitriy Peskov: “Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarga hamisha tayyor”
Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tirishga hali ham tayyor. Bu haqda RTV telekanaliga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma`lum qildi.
“Prezidentimiz biz uchun eng asosiysi o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish ekanligini qayta-qayta ta’kidladi. Va, albatta, biz buni birinchi navbatda siyosiy va diplomatik vositalar orqali qilishni afzal ko‘rardik. Shuning uchun biz muzokaralarga tayyormiz”, — dedi Dmitriy Peskov.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning o‘zi avvalgi muzokaralarni to‘xtatgan. “Ularning o‘zlari buni Britaniyaning buyrug‘i bilan amalga oshirilganini tan olishdi. Shunday ekan, vaziyat aniq”, — dedi Peskov.
Dmitriy Peskov Kiyev va Moskva o‘rtasidagi keyingi muloqot G‘arb davlatlaridan birining hududida bo‘lishi mumkinligiga ishonmasligini ma’lum qildi.
“Bunday bo‘lishi faqatgina nazariy xulosa xolos”, — dedi Dmitriy Peskov.