Tojikistonlik chegarachilar Yevropa Ittifoqi mablag‘lari hisobidan malaka oshirish kurslarini tamomladi
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Tojikistonning Afg‘oniston bilan janubiy chegarasini barqarorlashtirish” loyihasi doirasida Tojikiston Chegara qo‘shinlarining 84 nafar zobitini o‘qitdi. Bu haqda tashkilotning Dushanbedagi dasturiy ofisiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Tojikiston Respublikasi Chegara qo‘shinlarining 84 nafar ofitseri Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan o‘quv kurslarida bilim va malakalarini oshirdi”, — deyiladi xabarda.
Jumladan, So‘g‘d viloyatidagi ixtisoslashtirilgan chegara otryadi 31 nafar ofitseri o‘zini o‘zi mudofaa ko‘nikmalari, omon qolish usullari, dala sharoitida qo‘lbola vositalardan foydalangan holda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, radioaloqa va topografiya bo‘yicha saboq olgan. Yana 22 nafar ofitser Xo‘jand shahrida tezkor rejalashtirish, brifing texnikasi va xavflarni boshqarish bo‘yicha, 31 nafar ofitser, jumladan, to‘rt nafar ayol chegarachi gospitalida dala tibbiyoti va yaradorlarni tashish bo‘yicha o‘qitilgan.
YXHT ofisi xabarida qayd etilishicha, loyiha chegara qo‘shinlari hamda Tojikiston Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo‘mitasining chegaradosh hududlardagi noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi kurashish va tabiiy ofatlarga javob berish bo‘yicha professional salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Oktyabr oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan YXHT loyihasi doirasida Tojikiston Chegara qo‘shinlariga transport vositalari va texnik jihozlar topshirilgandi. Jumladan, uchta Toyota Hilux 4X4 tez tibbiy yordam mashinasi va xaritalarni chop etish uchun ikkita plotter berilgan. Tog‘li hududlarda ishlash uchun maxsus moslashtirilgan tez tibbiy yordam mashinalari favqulodda vaziyatlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun to‘liq tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Plotterlardan Afg‘oniston bilan 1 350 kilometrlik chegarada xizmat qilayotgan tojik chegarachilarining dala operatsiyalarida foydalaniladi.