Toshkentda 11-sinf o‘quvchisi maktab oshxonasida “dimavushka” tutatdi (video)
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi poytaxtdagi maktablarning birida “dimavushka” tutatilgani yuzasidan ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanidagi maktablardan birining o‘quvchilari kuchli tutun chiqaruvchi moddani tutatgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan.
Unga ko‘ra, 14-dekabr kuni soat 10:15 larda Yunusobod tumanidagi 97-sonli umumtaʼlim maktabining oshxonasida 11-“A” sinf o‘quvchisi I.J. tanaffus vaqtida yonida bo‘lgan “Dimavushka” nomli qo‘lbola yasalgan kuchli tutun chiqaruvchi moddani tutatgan. Bu hodisani shu maktabning 9-“V” sinf o‘quvchisi A.A. esa o‘zining uyali telefoni orqali videotasvirga olgan va Instagam ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylashtirgan hamda tarqatgan.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Fevral oyida Samarqand viloyatining Urgut tumanida maktab direktori paqildoq tashlagan 12 yoshli o‘quvchini urib, uning quloq pardasini yirtib yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi.