Toshkentda 8-sinf o‘quvchisi maktabda hushidan ketib vafot etdi
Toshkent shahri filologiya maktabida 8-sinf o‘quvchisi ochiq qolgan elektr tokiga tegib ketish natijasida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 27-noyabr kuni taxminan soat 18:15 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-sonli umumtaʼlim maktabi 8-“I” sinf o‘quvchisi A.A. maktab hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida tobi qochgan va hushidan ketgan.
Shu vaqtni o‘zida maktab qorovuli tomonidan tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilingan. Tez yordam mashinasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi shifokorlari tomonidan yordam ko‘rsatilganligiga qaramay A.A. o‘ziga kelmagan va vafot etgan.
Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.