Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Har birimiz bir necha o‘n yillar oldin Jan-Klod van Damm ishtirokidagi jangari filmlarni tomosha qilganmiz. Biroq bo‘lajak aktyor bir vaqtlar kasalmand bola bo‘lganini ko‘pchilik bilmaydi. Agar uning otasi bo‘lmaganida, van Dammni bunday qiyofada ko‘rmagan bo‘lardik.

Ozg‘in va kasal boladan sport yulduzigacha

 
 
Foto: AdMe

Haqiqiy ismi Jan-Klod Kamil Fransua Van Varenberg bo‘lgan — Jan-Klod van Damm — 1960-yilda Belgiyada tug‘ilgan. Uning otasi hisobchi va gul do‘konining egasi edi. Bolaligida Jan-Klod ozg‘in va kasalmand bola edi. Shuning uchun otasi 10 yoshli o‘g‘lini karatega beradi. Bola bor vujudi bilan mashq qila boshlaydi, shu bilan birga bodibilding bilan ham shug‘ullanadi.

Foto: AdMe

5 yil davomida bo‘lajak aktyor baletga ham qatnashadi. Bu sevimli mashg‘ulot haqida u shunday deydi: “Balet meni doimo o‘ziga jalb qilgan, chunki u yerda chaqqonligingiz, cho‘ziluvchanligingiz va nafisligingizni namoyish eta olasiz. Men raqqosning nafosatini karatening qudrati bilan aralashtirdim. Bu menga filmlarda ko‘p yordam berdi”. Jan-Klod shuningdek, agar inson balet mashg‘ulotlarini uddalasa, u har qanday sport turini eplashi mumkinligini tan oladi.

Sportdagi birinchi muvaffaqiyatlar va kinodagi debyuti

Foto: AdMe

​18 yoshida bo‘lajak aktyor karate bo‘yicha qora belbog‘ oladi va bodibildingda “Janob Belgiya” unvonini qo‘lga kiritadi. 1979-yilda van Damm “It va bo‘ri orasidagi ayol” filmida debyut qiladi. Aktyorning roli shunchalik kichik ediki, uning nomi hatto titrlarda ham ko‘rsatilmaydi.

Foto: AdMe

O‘sha vaqtda Jan-Klod ko‘chada gul sotib, pul to‘playdi va sport zali ochadi. U yerda karate, raqs, aerobika va bodibildingdan dars berilgan. 20 yoshida u ko‘proq narsaga erishmoqchi ekanligini tushunadi va sport zalini sotishga qaror qiladi. Jan-Klod buni shunday eslaydi: 

Otam meni aqldan ozgan deb hisobladi. U: “Nima qilyapsan? Bryusselda eng yaxshi sport zaling, sport avtomobiling, hashamatli kvartirang bor. Sen shunchalik ko‘p pul topasanki, hamma narsaga qodirsan” dedi. U bu ishimdan juda xafa edi.

Aynan o‘sha paytda sportchi venesuelalik Mariya Rodrigesga uylanadi.

Gollivudga olib boruvchi mashaqqatli yo‘l

Foto: AdMe

Van Damm Gollivudga ketadi. Mamlakatdagi birinchi kunlar uning uchun qiyin kechadi, chunki doimo pul yetishmasligidan qiynalardi. Van Damm o‘sha kunlarni shunday eslaydi: “Men ko‘chada yashardim, mashinalarda uxlardim, chunki pulim yo‘q edi”. Jan-Klod taksi haydovchisi, pitssa yetkazib beruvchi, limuzin haydovchisi, karate bo‘yicha shaxsiy murabbiy va hatto Chak Norrisga tegishli bo‘lgan Vudi’s Wharf barida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan va keyinchalik u bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatgan. 1982-yilda van Damm Gollivud kinosida debyut qiladi — u “Breykdens” filmida raqqoslardan birini o‘ynaydi. Filmda aktyor bir necha daqiqagina fonda raqsga tushadi.

Foto: AdMe

1984-yilda er-xotin ajralishga qaror qilishadi. O‘sha yili Jan-Klod kichik rollardan birini o‘ynagan “Nom-nishonsiz” filmi ekranlarga chiqadi. Ikki yil o‘tgach, u “Chekinish va taslim bo‘lmaslik” filmida jangchi sifatida o‘zini namoyon qiladi. Keyinchalik aktyor filmning ikkinchi qismini suratga olishga taklif qilinadi, ammo negadir u rad etadi.

Foto: AdMe

Jan-Klod “Yirtqich” (1987) filmida o‘ynashni rejalashtirilgan edi. Biroq suratga olish jarayonida aktyor o‘zga sayyoralik kiyimida chidab bo‘lmas darajada noqulay his qilgani uchun loyihani tark etganini aytadi. Shunda rejissorlar yanada baland bo‘yli aktyor kerakligini tushunishadi va bu rolga Kevin Piter Xollni chaqirishadi. Van Dammning bo‘yi 1,77 m, Xollniki esa 2,2 m edi. Film muvaffaqiyatidan so‘ng Jan-Klod kartinada o‘ynash imkoniyatini qo‘ldan boy berganidan afsuslanmasligini aytadi.

Ikki nikohi va katta kinodagi yutug‘i

Foto: AdMe

1985-yilda van Damm Sintia Derderianga uylanadi, ammo u tez orada bu noto‘g‘ri qaror bo‘lganini tushunadi. Kelgusi yili aktyor o‘zining birinchi muhim rollarini o‘ynay boshlaganida, er-xotin ajralishadi.

1987-yilda u mashhur bodibilder Gledis Portugues bilan oila quradi. Keyinchalik o‘g‘li Kris, 1990-yilda esa qizi Byanka Brijit dunyoga keladi. Tashqaridan aktyorning shaxsiy hayoti bir maromga tushgan edi, ammo aslida unday emasdi.

Foto: AdMe

Jan-Klod faol harakat qilishda davom etadi. “Qonli sport” (1988) uning muvaffaqiyatli filmi edi. Shu bilan birga, “Qora burgut” filmi ekranlarga chiqadi, unda aktyor ham asosiy rollardan birini ijro etadi.

Foto: AdMe

Aktyor jangari filmlar yulduziga aylanadi va keyingi filmlari — “Universal askar” (1992), “Qochishga joy yo‘q” (1993), “Qaltis nishon” (1993) va “Vaqt patruli” (1994) uning muvaffaqiyatini mustahkamlaydi. “Vaqt patruli” filmidan so‘ng unga uchta filmda suratga tushish taklif qilingan va jami 36 million dollar to‘lash va’da qilingan, ammo u o‘zini ko‘proq pulga loyiq deb hisoblagani uchun rad javobini bergan. Keyinchalik aktyor: “Ha, men xato qildim. Shu sababli yillar davomida Gollivudning qora ro‘yxatiga tushib qoldim” deydi.

To‘rtinchi nikoh va Kayli Minoug bilan bo‘lgan romantikasi

 
Foto: AdMe                                                                                                                

Shu bilan birga, Jan-Klodning yangi ishqiy munosabati haqida ma’lum bo‘ladi. U 1992-yilda uchinchi xotini bilan ajrashgan, 2 yildan so‘ng esa aktrisa va model Darsi Lin LaPyer bilan oila qurgandi. Bir yil o‘tgach, ularning o‘g‘li Nikolas tug‘iladi.

1996-yilda aktyor rejissor sifatida debyut qilgan “Sarguzashtlar izlab” filmi ekranlarga chiqadi. Film xalqaro miqyosda muvaffaqiyatiga erishadi. Shuningdek, u “Do‘stlar” serialining epizodida ham ishtirok etgan.

Foto: AdMe

Ko‘p yillardan keyin ma’lum bo‘lishicha, aktyor rafiqasi bo‘lsa-da, Kayli Minoug bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. U bu haqda 2012-yilga kelibgina gapirgan: 

“Kaylini sevmaslik g‘alati bo‘lardi. U juda chiroyli edi, benuqson tabassumi va jozibasi bilan ajralib turardi. Ammo shu bilan birga u o‘zini mashhur yulduz kabi tutmasdi. Kayli ajoyib ayol”.

Sobiq erining bu gaplarini eshitgan Darsi shunday deydi: “Men bu haqda bilmasdim, xafa bo‘ldim ham, o‘zimni xiyonat qilingandek his qilyapman. Gap shundaki, men o‘shanda o‘g‘limizga homilador edim”. 3 yillik turmushidan keyin er-xotin ajrashishadi.

Foto: AdMe

Jan-Klod xotini bilan ajrashganidan keyin yomon odatlarga berilib ketadi. Ish shu darajaga yetadiki, sud unga o‘g‘li bilan ko‘rishishni taqiqlab qo‘yadi. Ko‘p jihatdan, bu giyohvandlikning sababi uning beqaror ruhiy salomatligida edi, chunki aktyorga bipolyar buzilish tashxisi qo‘yilmagan. U nima bo‘layotganini tushunmasdi, faqat mashg‘ulotlardangina xotirjamlik topishga harakat qilardi. “Agar bir necha kun mashq qilmasam, shunchalik tushkunlikka tushib qolardimki, hech narsa meni baxtli qila olmasdi”.

Foto: AdMe

1998-yilda van Dammga nihoyat to‘g‘ri tashxis qo‘yiladi va unga davolanish buyuriladi. Uning sobiq rafiqasi Gledis Portugues unga hayotini tartibga solib, katta kinoga qaytishiga yordam beradi. 1999-yil iyun oyida ular munosabatlarini qayta rasmiylashtirishadi. 2015-yilda esa er-xotin ajrashishni rejalashtirayotgani haqida mish-mishlar tarqaladi.

Xabar qilinishicha, Gledis hatto ajralish uchun hujjat topshirgan, ajralish sababi qilib murosasiz kelishmovchiliklarni ko‘rsatgan. Biroq er-xotin hali ham birga.

 
41 yosh va 61 yosh
Foto: AdMe

Jan Klod van Damm 2000-yillarda ham suratga tushishni davom ettiradi. Ammo so‘nggi o‘n yillikda u 24 ta filmda suratga tushgan bo‘lsa, keyingi o‘n yillikda atigi 16 filmda ishtirok etgan. Keyinchalik van Damm ishtirokida quyidagi filmlar suratga olinadi: “Replikant” (2001), “Jahannamda” (2003), “Uyg‘ongan o‘lim” (2004), “Narko” (2004), “Ikkinchi qo‘mondon” (2006).

Foto: AdMe

2008-yilda aktyor haqidagi “JCVD” (Jean-Claude Van Damme) biografik filmi chiqadi, shundan so‘ng Jan Klod yana yuqori toifali aktyor sifatida muhokama qilinadi. Time jurnalining ta’kidlashicha, film “Qora ritsar”dan keyin 2008-yilning ikkinchi eng yaxshi filmi bo‘lishga loyiq edi. Tanqidchilarning aytishicha, Van Damm bu uchun “Oskar”ga munosib bo‘lgan.

Foto: AdMe

2010-yillarda ham u suratga tushishni to‘xtatmaydi. 2012-yilda aktyor “Chegarasiz 2” filmida rol o‘ynaydi, bu Jan Klodning jangari janrga katta qaytishi edi. O‘sha yili Bryusselda aktyorga katta haykal o‘rnatiladi.

 
 
 
Foto: AdMe                                                                                                                

Ochilish paytida u olomonga shunday deydi: “Men bu haykal Jan-Klod van Dammning emas, balki ko‘chadan kelgan, nimagadir ishongan va nimagadir erishgan yigitning timsoli bo‘lishini istayman”.

 
Foto: AdMe

Yaqinda van Damm 63 yoshga to‘ldi. Intervyularining birida u shunday deb tan oladi: “Odamlar yoshimni so‘rashganda, men umrboqiyman deb aytaman”. Aktyordan yosh aktyorlar orasida uning munosib davomchisi bormi, deb so‘rashganida u shunday javob beradi: “Meni afsona deyishsa, juda xijolat bo‘laman. Men oddiy yigitman, ommaviy axborot vositalari meni “afsona” darajasiga ko‘tarishdi. Bunday odam bor yoki yo‘qligini bilmayman, lekin u bir joyda borligi aniq”.

Foto: AdMe

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »