Chortoq hokimi turmushga chiqqan o‘rinbosariga 100 mln so‘m mukofot to‘lagani xabar berildi. Hokimlik buni rad etdi
Namangan viloyatining Chortoq tumani hokimi ikkinchi marotaba turmushga chiqqan o‘rinbosariga 100 million so‘m miqdorida mukofot puli to‘lab bergani xabar berilgandi. Hokimlik axborot xizmati buni rad etdi.
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatlashgan hokimlik mas’uli Rasulbek Ummatovning ma’lumot berishicha, turmushga chiqqani aytilayotgan o‘rinbosarning yoshi 53 da bo‘lib, ayni kunda nabirali ayol hisoblanadi.
Bu xabardan nafaqat opaning o‘zi, hammamiz shokdamiz. Qanday qilib, bunday yolg‘on axborot tarqatish mumkin. Opaning o‘zi menga Telegram dan yozib, tavba deyapti. Aynan pensiya yoshiga yetgan ayolni, qo‘ni-qo‘shnilari, nabiralari oldida bunday obro‘sizlantirish kimga kerak ekan?, — deydi tuman hokimining matbuot kotibi Rasulbek Ummatov.
Hokimlik axborot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, ayni kunda tumanda hokimlik lavozimi ham vakant lavozimlardan biri bo‘lib turibdi.
Tuman hokimining lavozimi o‘zgargach, ayni kunda tumanda mukofot to‘lab beruvchi hokim ham yo‘q, — deydi u.
Avvalroq Chortoq tumani hokimi Anvar Otaxo‘jayev Namangan shahar hokimi etib tayinlangani xabar berilgandi.