Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Pokiston hukumati Lahordagi havo ifloslanishi bilan kurashish uchun birinchi marta sun’iy yomg‘irga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Bu chora qisman yordam berdi, lekin muammoni butunlay bartaraf etmadi.

Faollar atrof-muhitning ifloslanishini daraxtlarning kesilishi, qurilish va chiqindi gazlar bilan bog‘lamoqda. “Gazeta.uz” Guardian va Washington Post nashrlarining shu mavzuga doir materiallarini o‘zida jamladi.

O‘tgan hafta Pokiston hukumati dunyoning eng iflos shaharlaridan biri sanalgan Sharqiy Panjob viloyati poytaxti Lahorda havo sifatini yaxshilash uchun birinchi marta sun’iy yomg‘ir yog‘dirdi, deb yozadi The Guardian.

Lahorning o‘nta tumanida sun’iy yomg‘ir yaratish uchun bulutlarda kondensatsiya jarayonini tezlashtiradigan “bulut ekish” texnologiyasidan foydalanildi.

Bulutlar qanday qilib ekiladi?

Samolyotlar yoki purkash moslamalari yordamida bulutlarga tuz reagenti sepiladi. Mavsumga qarab turli moddalar purkaladi. Buning uchun yozda suv bilan aralashtirilgan osh tuzi, qishda esa kumush yodid ishlatiladi. Bir necha soatdan so‘ng modda bulutlar bilan birlashib, yomg‘irni keltirib chiqaradigan tuman paydo bo‘lishiga olib keladi.

“Bulut paydo qilish”ning bu amaliyoti yillar davomida Yaqin Sharq, Xitoy, Hindiston va Qo‘shma Shtatlarda qo‘llanilib kelinmoqda.

Biroq ba’zi tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, reaksiya ishlashi uchun havo harorati va namlik darajasi me’yorida bo‘lishi, shuningdek, zarrachalarda kondensatsiya paydo bo‘lishi uchun purkaladigan moddaning hajmi mos kelishi kerak.

Panjob hukumatiga kumush yodid purkashda yordam bergan BAA mutaxassislari guruhi Lahorda qulay ob-havo sharoitini taxminan ikki hafta kutishga majbur bo‘ldi.

Foto: Google Images

Panjob atrof-muhit vaziri Bilal Afzalning so‘zlariga ko‘ra, Lahorda bulut ekish muvaffaqiyatli amalga oshirildi, ammo yog‘ingarchilik kutilganidan oz bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham bu amaliyot shahardagi havo sifatini biroz yaxshilashga yordam berdi, zarrachalar ifloslanish miqdori 300 mkg/m3 dan 189 mkg/m3 gacha tushdi. Biroq bir necha kundan keyin oldingi ko‘rsatkichlar yana qaytdi.

“Lahor yaqinda yashash uchun yaroqsiz holga keladi”

Lahor 13 milliondan ortiq aholiga ega Pokistonning eng yirik shaharlaridan biridir. Lahor bir vaqtlar “bog‘lar shahri” sifatida tanilgan, ammo keyinchalik mamlakatning, keyin esa dunyodagi eng ifloslangan shahriga aylandi.

Dunyoning 7000 dan ortiq shahrida havo sifatini nazorat qiladigan Shveysariyaning IQAir kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Lahor muntazam ravishda havo ifloslanishi bo‘yicha global reytingda birinchi o‘rinda turadi. 

Air Quality Life Index ko‘rsatkichini e’lon qiluvchi Chikago universitetining hisob-kitoblariga ko‘ra, havo sifati yomonligi sababli Lahor aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi yetti yildan ko‘proqqa qisqarishi mumkin.

Bulut ekishga murojaat qilishdan oldin shahar ma’murlari vaziyatni boshqa misli ko‘rilmagan choralar bilan hal qilishga harakat qilishdi, deb yozadi The Washington Post (WaPo). Dekabr oyi boshiga kelib, shahardagi havo sifati shunchalik yomonlashdiki, maktablar va bozorlar yopildi, transport harakati cheklandi. Lekin bu choralar yordam bermadi.

Lahorlik 41 yoshli qurilish muhandisi Bashir Ahmad WaPo’ga bergan intervyusida bir necha hafta davomida o‘tkir hidli havoni yutganidan so‘ng tomog‘ida og‘riq va doimiy yo‘tal paydo bo‘lganini aytdi. “Kasalxona menga o‘xshagan bemorlarga to‘lib ketdi, — dedi u. — agar rasmiylar ko‘proq choralar ko‘rmasa, Lahor yaqinda yashash uchun yaroqsiz holga keladi”.

Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi inqiroz hukumatning atrof-muhitga eʼtiborsizligi, jumladan, shahar bog‘larini buzib, savdo markazlari va magistral yo‘llarga yo‘l ochishi natijasidir.

Mahalliy ekologik guruhlar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklarda Lahor o‘zining yashil hududining 75 foizini yo‘qotdi. Faollar daraxtlar va yashil maydonlarni kesilishidan tashqari, shahardagi havo sifatining yomonligiga avtomobil chiqindi gazlari, qurilish maydonchalaridan chiqayotgan chang, fabrikalardan chiqayotgan zaharli tutunlar va mavsumiy ekin qoldiqlarining yondirilishini ham sabab qilib ko‘rsatishmoqda.

Qishloq xo‘jaligi iqtisodchisi Kashif Salikning WaPo’ga bergan izohida ta’kidlanganidek, Pokistondagi “kuchli manfaatga ega guruhlar” avtomobil zaharli gazlari, qurilish loyihalari va dehqonchilikni yuritishga nisbatan qat’iyroq cheklovlar qo‘yilishiga qarshilik qilishmoqda.

“Bizning mamlakatda transport mafiyasi va qurilish mafiyasi bor. Hukumatda ularga qarshi turishdan boshqa samarali chora yo‘q”, — dedi u.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »