Germaniya Ukrainaga taqdim qilgan Leopard-2 tanklarining yarmi ishdan chiqqani ma’lum qilindi
Germaniya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan 18 ta Leopard-2 tankining deyarli yarmi ehtiyot qismlari almashtirilmagani uchun ishdan chiqdi, dedi Bundesver general-mayori Kristian Freyding.
Uning so‘zlariga ko‘ra, endi bu tanklar jangovar harakatlarda qo‘llanilishi uchun ta’mirlashni talab qiladi.
“Ukrainaning o‘zi tanklarni ta’mirlay olmaydi. O‘z vaqtida ehtiyot qismlari almashtirilmasa tanklar uzoq vaqt xizmat qilolmaydi”, — dedi Freyding.
Hozirda Germaniya rasmiylari Kiyevga yetkazilgan tanklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukraina hududida ta’mirlashga yordam berish uchun ukrainalik mutaxassislar bilan muloqot o‘tkazmoqda. Ungacha esa Leopard tanklari vaqtincha Litva texnik xizmat ko‘rsatish markazida ta‘mirlanadi.
Leopard tanklari Ukraina armiyasiga shu yil yozda taqdim qilingan. Ular Germaniya, Finlyandiya va boshqa qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Ukrainaga yetkazildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy harakatlar davomida Yevropaning o‘nlab zirhli texnikasi, shu jumladan turli modifikatsiyadagi sakkizta Leopard tanki yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. 2-noyabr kuni Germaniya hukumati Ukrainaga yana 25 ta Leopard tankini topshirishini e’lon qilgandi.