Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yil nafaqat quvonchli xotiralar balki yo‘qotishlar bilan ham yodimizda qoladi. 2023-yil so‘nggida “Daryo” jamoasi o‘zbek adabiyoti, madaniyati va san’atiga hissa qo‘shgan va oramizni erta tark etgan insonlar haqidagi ma’lumotlarni jamladi.

Enaxon Siddiqova

O‘zbekiston xalq shoirasi Enaxon Siddiqova 13-yanvar kuni 68 yoshida vafot etdi. 

Foto: O‘zA

“Do‘stlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Enaxon Siddiqova 1954-yil 28-avgustda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tavallud topgan.

U 1976-yil Farg‘ona davlat institutining filologiya fakultetini tamomlagan. Oltiariq va Farg‘ona tumanlari maktablarida o‘qituvchi, maktab direktori vazifalarida ishlagan. “Farg‘ona haqiqati”, “Ferganskaya pravda” gazetasi, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari kotibiyatida faoliyat olib borgan.

Enaxon Siddiqovaning “Qorako‘z turnalar”, “Sumanbar nasim”, “Ko‘ngil ufqlari”, “Ishq ifori” kabi she’riy to‘plamlari, “Sirli tun faryodi” hikoyalar majmuasi, “Qizoyimlarga kelinlik saboqlari”, “Tibbiyot fidoyilari”, “Xaloskorlik”, “E’zozli ayollar” kabi publitsistik asarlari nashr etilgan.

Oshiq Erkin 

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Oshiq Erkin 86 yoshida vafot etdi. 

Foto: Yozuvchilar uyushmasi

Oshiq Erkin (Erkin Madrahimov) 1937-yil 7-mayda Xivada tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan.

Oshiq Erkinning 30 ga yaqin badiiy va publitsistik kitoblari nashr etilgan. Jumladan, “Iqbol”, “Ohular”, “Yilga tatigan bir tong”, ”Yolg‘onning umri qisqa”, “Po‘lat va uning bobosi”, “Tillaqush”, “Mehring tushdi yurakka”, “Azim daryo”, “O‘lguncha sizni derman”, “Ishqing tushdi yurakka”, “ Mujgoningga sallamno” kabi kitoblari she’riyat ixlosmandlariga yaxshi tanish. 

Oshiq Erkin “Shuhrat” medali hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.

Farhod Mannopov 

“Mitti Vayn” asoschisi Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etdi. Uning o‘limiga noto‘g‘ri qilingan tibbiy muolaja sabab bo‘ldi.

Foto: Instagram / @farik_mannopov

Farhod Mannopov 1996-yilda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Oilada yolg‘iz o‘g‘il. Bloger intervyularining birida otasini eslolmasligi, u 1998-yilda vafot etgani va onasining yolg‘iz o‘zi farzandlarini ulg‘aytirgani haqida so‘zlab bergandi.

Murod Rajabov 

O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov 74 yoshida vafot etdi. 

Murod Rajabov 1949-yilning 30-mart kuni tavallud topgan. Ammo internet tarmog‘ida negadir ijodkorning tavallud sanasi 30-may deb ko‘rsatilgan. Hujjatlarda uning tavallud kuni 30-avgust deb yozilgan.
Aktyor intervyularida oddiy o‘zbekona oilada tug‘ilgani, bolaligi urushdan keyingi qiyinchilik davrlariga to‘g‘ri kelgani haqida so‘zlab bergan. Murod Rajabov 1971-yili Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan. Aktyor ilk rolini 1973-yili suratga olingan “Olovli sohil” filmida ijro etgan. Garchi bu rol aktyorga omad olib kelmagan bo‘lsa-da, katta tajriba bo‘lgan.

Tomoshabinlar Murod Rajabovni komik aktyor deb bilishsa-da, u tarixiy filmlardagi rollari bilan kino olamiga kirib kelgan. 1977-yili suratga olingan “Ajoyib xayolparast” filmi uni komik aktyor sifatida kashf etdi. Vahob roli bilan yosh-u qarining sevimli aktyoriga aylandi. Aktyor faoliyati davomida nafaqat davlat filmlari, balki ko‘plab xususiy kartinalarda ham suratga tushdi. “Temir xotin”, “Buyuk Amir Temur”, “Kichkina tabib” kabi turli janrlardagi filmlarda suratga tushdi.

Murod Rajabov bir necha yillardan buyon qandli diabet bilan og‘rib kelayotgan edi. Aktyor ikki oy avval “Daryo” internet-nashriga bergan intervyusida uzoq yillardan buyon ko‘rinmay qolganiga norasmiy “zapret”lar sabab bo‘lgani haqida so‘zlab bergan edi.

Oydin Hojiyeva 

O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva 14-may kuni 81 yoshida vafot etdi. 

Oydin Hojiyeva

Oydin Hojiyeva 1942-yilda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan. U 1965—1976-yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, 1976—1985-yillarda “Saodat” jurnalida bo‘lim mudiri, 1985—1995-yillarda “Gulxan”, 1995-yildan esa “Saodat” jurnali muharriri lavozimida ishlagan. U 20 dan ortiq she’riy to‘plamlarning muallifidir.

U tarjimon sifatida Shandor Petefi, A.Mskevich, Ovanes Tumanyan, Fayz Ahmad Fayz, Edi Ognesvet, Rimma Kazakova, Fariza Ungarsinova, Oyjamol Omarova, Gulruxsor, Ibroyim Yusupov, Maryamxon Abulqosimova va boshqa ko‘plab jahon va qardosh xalqlar adabiyoti vakillarining doston, ballada va turkum she’rlarini o‘zbekchaga o‘girgan.

Oydin Hojiyeva 1992-yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, 1975-yilda Yoshlar Ittifoqi mukofoti sovrindori, 1999-yilda esa O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Nozima Mahmudova 

“Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” dasturi teleboshlovchisi, jurnalist Nozima Mahmudova vafot etdi. 

Foto: Facebook

Ma’lumotlarga ko‘ra, 26-may kuni Nozima Mahmudova yurak operatsiyasidan keyin hayotdan ko‘z yumgan.

Nozima Mahmudova O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida taʼlim olgan. Hozirga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Yoshlar” telekanalida ishlab kelayotgan edi.

Tolib Karimov 

O‘zbekiston xalq artisti Tolib Karimov 19-iyul kuni 83 yoshida vafot etdi. 

Foto: O‘zbek Milliy akademik drama teatri

Aktyor Tolib Karimov 1940-yil 7-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1961-yilda sobiq Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining aktyorlik fakultetini tugatgan. 1961—1963-yillarda institut yo‘llanmasi bilan Qo‘qondagi Hamza nomli teatrda aktyor sifatida ijod qilgan. 1963-yilda hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ish boshlagan. U teatr sahnasida “Qutlug‘ qon”, “Boy ila xizmatchi”, “Shoh Edip”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Alisher Navoiy”, “Sohibqiron Temur”, “Yetti faryod”, “Bir koshona siri” kabi yuzlab spektakllarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.

Tolib Karimov O‘zbekiston televideniyesida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq telepostanovkalarda asosiy rollarni talqin qilgan. Shuningdek, u “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvlarida ham ko‘plab obrazlarni gavdalantirgan.

Aktyor 1987-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga, 1989-yil “Qutlug‘ qon” spektaklidagi Tantiboyvachcha roli uchun Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1997-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Luqmon Bo‘rixon 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Luqmon Bo‘rixon 58 yoshida vafot etdi.

Foto: Facebook

Luqmon Bo‘rixon 1965-yil 15-fevralda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Yangiobod qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1991).

Dastlabki hikoyasi — “Begimqul katta” (1987). Shundan so‘ng yozuvchining “Yalangoyoq” (1991), “Sirli muallim” (2006), “Xizr ko‘rgan yigit” (2007) cingari hikoya va qissalar to‘plamlari nashr etilgan. “Jaziramadagi odamlar” (2005) romani muallifi ham sanaladi.

Nuriddin Hamroqulov 

O‘zbekiston xalq artisti Nuriddin Hamroqulov 1-avgust kuni 77 yoshida vafot etdi.

Foto: Skrin

Nuriddin Hamroqulov 1946-yilning 18-iyun kuni Andijon viloyatida tug‘ilgan. 1973-yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi San’at va madaniyat instituti)ni tamomlagan. 1967-yildan Andijon teatrida, keyinchalik viloyat filarmoniyasi kabi ijodiy jamoalarda faoliyat yuritgan. 1987-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan.

Xonandaning repertuaridan “Samarqand ushshog‘i”, “Toshkent irog‘i” kabi ko‘plab mumtoz qo‘shiqlardan tortib, “Olamni asrang”, “Ra’no”, “Soy ko‘rdim”, “Shirinliging”, “Kuldi bahorim”, “Turnalar”, “Ajab sirlar” kabi betakror qo‘shiqlari muxlislar qalbidan chuqur joy egallagan. 

Nuriddin Hamroqulov 2020-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Sherali Jo‘rayev 

O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 4-sentabr kuni 77 yoshda hayotdan ko‘z yumdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sherali Jo‘rayev 50 yildan ziyod ijodi davomida “O‘zbegim”, “Sohibqiron”, “Egasi bor yurt”, “Karvon”, “Sarbon”, “Inson qasidasi” kabi 600 ga yaqin qo‘shiq yaratgan. Uning “Birinchi muhabbatim”, “Yoshligimiz”, “Oy yuzingga”, “Oshiqlar sardori”, “Do‘st bo‘lsang, yonimda tur” kabi ashulalari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan.

Xonanda mumtoz shoirlar g‘azallarini kuyga solib, o‘zbek xalqi merosini yosh avlodga va jahonga tanitishga ulkan hissa qo‘shgan. Sherali Jo‘rayev 1981-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1987-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘lgan. 2022-yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

Bir guruh san’atkorlar ijtimoiy tarmoqlada Sherali Jo‘rayev bilan turli yillarda tushgan suratlarini e’lon qilib, marhum san’atkor xotirasini yod etmoqda.

O‘zbekiston madaniyat vaziri Sherali Jo‘rayev nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqada ham eng zabardast san’atkor sifatida e’tirof etilganini ta’kidlab, marhumning yaqinlariga ta’ziya bildirdi. 

Ramina Yagafarova 

Toshkentda 13-sentabr kuni “Dunyo bo‘ylab” telekanalining 31 yoshli boshlovchisi Ramina Yagafarova vafot etdi. 

Foto: “VKontakte”

Xabarlarda marhuma dori qabul qilganidan so‘ng unda tutqanoq kuzatilgani haqida aytilgan. Biroq singlisi buni inkor etdi. Shuningdek, opasi ushbu dorini ilk marta ichmaganini, avval ham ichganini, hatto o‘zi ham u bilan birga ichganini taʼkidladi va vafotiga antibiotik sabab emasligini aytmoqda. 

Marhumani qabul qilgan shifokor ham Ramina Yagafarova ushbu dorini ikki yil avval qabul qilganini, lekin nojo‘ya taʼsir sezmaganini bildirganini aytmoqda. 

“Baʼzan shunday bo‘ladiki, birinchi marta qabulda dori allergik taʼsir ko‘rsatmasligi mumkin. Ammo qayta qo‘llanganda anafilaktik shok chaqirishi mumkin. Yaqinlarining aytishicha, ayol dorini energetik bilan qabul qilgan, balki shu ham ushbu noxush holatga sabab bo‘lgandir”, — deydi shifokor.

Naim Karimov 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi akademik, adabiyotshunos olim, uyushma aʼzosi Naim Karimov 17-sentyabr kuni 91 yoshida vafot etdi. 

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

O‘zbek adabiyotshunosi, jamoat arbobi. Naim Fatihovich Karimov 1932-yil 12-dekabrda Toshkentda ziyoli oilada tug‘ilgan. U O‘zbekistan Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor.

U 1955-yilda SAGU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti bilan uzviy bog‘liq. Sal kam ellik yildan beri shu institutda ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyoti xususiyatlarini ochish borasida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. U shu davrdagi o‘zbek adabiyoti va uning yirik vakillari ijodini milliy g‘oya mezonlari asosida o‘rganish ishini birinchilardan bo‘lib boshlab berdi.

Uning ilmiy faoliyatida adabiyot hodisalarini tarixiy voqealar, badiiy asarni esa yozuvchi hayoti va maʼnaviy-estetik olami bilan uzviy aloqada o‘rganish ustuvorlik qiladi. Chunonchi, jadid adabiyoti, uning hur fikrli, adolatparvar vakillari Hamza, Fitrat, Cho‘lpon va boshqalar ijodi haqidagi kitob, maqolalar muallifi. Matnshunos sifatida Oybekning 20, G‘afur G‘ulomning 12, Hamid Olimjonning 10, Hamzaning 5 jildli to‘la asarlarini tayyorlash va nashr etishda ishtirok etgan.

Abduxoliq Mamarasulov 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduxoliq Mamarasulov 21-oktyabr kuni 74 yoshda vafot etdi. Bu haqda marhumning yaqinlari “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Skrin

Abduxoliq Mamarasulov 1949-yilda tug‘ilgan. 1970-yildan boshlab Muqumiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatrida, “Mushtum” jurnalida faoliyat yuritgan. U “Televizion miniatyuralar teatri”dagi rollar bilan xalqqa tanilgan edi.


O‘tkir Siddiqov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli suxandon O‘tkir Siddiqov 20-noyabr kuni 78 yoshida vafot etdi. 

Foto: Instagram

O‘tkir Siddiqov 1945-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati institutining drama va kino aktyorligi yo‘nalishini tamomlagan. U 1968-yildan “Shodlik” ashula va raqs ansamblida ishlay boshlagan.  

O‘tkir Siddiqov boshlovchi sifatida bugungacha 8 mingga yaqin konsert va tadbirlarda qatnashgan. U 250 martadan ortiq turli shahar va mamlakatlardagi gastrol safarlarida boshlovchilik qilgan. 

U 1996-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni, 2017-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 

Mamasiddiq Sherayev

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, askiya san’ati ustasi Mamasiddiq Sherayev 21-noyabr kuni 77 yoshida vafot etdi. 

Foto: Instagram

U Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika Askiya va qiziqchilik san’ati markazi asoschisi, Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatrining oliy toifali drama artisti edi. 1999-yilda unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni berilgan, 2021-yilda “Do‘stlik” ordeni sohibi bo‘lgan.

Mamasiddiq Sherayev Sirdaryo musiqali teatrida 2-tofali aktyori (1972—1975-yillar),  Farg‘ona o‘zbek teatrida drama artisti (1975—1977-yillar), “Nurxon” xalq teatrida rejissor (1979—1986-yillar), Toshloq tuman Madaniyat bo‘limida badiiy rahbar (1986—1987-yillar), Farg‘ona shahar “Neftchi” klubida kinooprerator (1987—1993-yillar), “Muhammasiddiq askiyasi” xususiy korxona rahbari (2006—2016-yillar), Marg‘ilon shahar Madaniyat bo‘limida to‘garak rahbari (2016—2020-yillar) lavozimlarida ishlagan.

2020-yildan hozirgi vaqtgacha Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatrining oliy toifali drama artisti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »