Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Hayotingizda Yangi yil bayrami bilan bog‘liq qanday xotiralaringiz bor? Bu savolga o‘zbek shou-biznes vakillari quyidagicha javob berishdi.

Jamshid Umrzoqov: “Akam sovg‘a qilgan o‘yinchoqni qo‘msayman”

Foto: “Daryo”

— Aslida har bir yangi yil unutilmas voqealarga boy bo‘ladi. Chunki yilning 365-kuni hamisha o‘ziga xos bo‘ladi va ertasi kundan boshlab hayot yangi sahifaga o‘tgandek oppoq qog‘ozdan boshlanadi. Bolaligimdan hayvonlar qiyofasidagi o‘yinchoqlarga qiziqardim. Sirojiddin akam orzumdagi o‘yinchoqni sovg‘a qilganida juda xursand bo‘lgandim. Ammo fevralga bormay akam plastmassa o‘yinchoqni tishlab, uzun buruncha hosil qilgandi. Hozir ham ana shu o‘yinchoqni qo‘msayman, ammo unga o‘xshashini uchratganim yo‘q.

Oilada 9 ta farzandning kenjasiman. Ota uyim Piskentda bo‘lgani uchun oila aʼzolarimni olib, Yangi yilni yaqinlar bilan kutib olardik. O‘ylab qarasam, hayotimdagi eng unutilmas Yangi yil onam bilan qarshilaganlarimiz bo‘lgan ekan. U kunlarni qo‘msayman, qandaydir quvonch bilan eslayman, — deydi Jamshid Umrzoqov.

Nigina Anorboyeva: “Qizim ulg‘aysa, bayram o‘zgacha bo‘ladi”

Foto: “Daryo”

— O‘ylab qarasam, barcha Yangi yil oqshomini oila davrasida kutib olganman. Hammasi o‘zi xos bo‘lgan. Yaqinda ona bo‘ldim, hozir qizalog‘im uch oylik bo‘ldi. Nasib qilsa, kelasi yil ancha ulg‘ayib qoladi va u uchun atayin bayramga tayyorgarlik ko‘ramiz. Umid qilamanki, kelasi Yangi yil hammasidan o‘zgacha o‘tadi, — deydi Nigina Anorboyeva.

Qilichbek Madaliyev: “Unutilmas bayramlar otam bilan bog‘liq”

Foto: “Daryo”

— Unutilmas bayramlarning barchasi otam rahmatli bilan bog‘liq. Bolaligimizda bu bayram ham o‘zgacha o‘tardi. Ukam ham ancha kichik edi, otam rahmatli dasturxon boshida o‘tirardi.

Hozir ham bayram kuni qayerda xizmatda bo‘lishimdan qatʼi nazar, bayram boshlanishidan bir necha daqiqa oldin bo‘lsa-da, uyga qaytaman. Chunki bayram oila bilan fayzli o‘tadi, — deydi Qilichbek Madaliyev.

Sitora Farmonova: “Bayramni kasalxonada kutib olganmiz”

Foto: “Daryo”

— Aynan Yangi yil oqshomidagi ukam sabab qo‘limni eshik qisib qolgan. Avvaliga og‘riq o‘tib ketar deb o‘ylaganman. Ammo barmoqlarim soat sayin shishib, og‘riq ortavergan. Shundan keyin Yangi yilga bir soat qolganida kasalxonaga borishimizga to‘g‘ri kelgan. “Shu kuni tinch o‘tirmadinglarmi?” deb shifokorlar barmog‘im singanini aytishgandi. Xullas, gips qildirib uyga qaytgunimizga qadar Yangi yil kirib bo‘lgandi. Bu hayotimdagi eng og‘riqli va sarguzashtga boy Yangi yil bayrami bo‘lgan, — deydi Sitora Farmonova.

Yorqinxo‘ja Umarov: “Uydagilar meni tashlab ketishgan”

Foto: “Daryo”

— Sakkiz yil oldin ishdan ertaroq kelib, uydagilar bilan Yangi yilni kutib olaman desam, hech kim uyda yo‘q. Ular menga aytmay, mehmonga ketishgan ekan. Aksiga olib, ortimga ham qaytib ketolmay qolganman. Chunki 10 daqiqadan so‘ng bayram kirishi kerak edi. Xullas, uyga kirib, mandarin yeb Yangi yilni kutib olganman. Hozircha hayotimdagi eng unutilmas Yangi yil shu bo‘lgan, — deydi Yorqinxo‘ja Umarov.

Elmurod Haqnazarov: “Salyut sabab qo‘ylarni o‘g‘irlab ketishgan”

Foto: “Daryo”

— Uch-to‘rt yil oldin bayram kuni bolalarni quvontiray deb salyut sotib olganman. Soat o‘n ikkiga bong urganida oilaviy ko‘chaga chiqqanmiz. Salyutni otib uyga kirsak, molxonadagi ikkita qo‘yni “urib” ketishibdi. Mahalla noziri kelgan, xullas yil bayonnoma tuzish bilan boshlangan, — deydi Elmurod Haqnazarov.

Shohruxxon: “Bayramni mashinada kutib olganmiz”

Foto: “Daryo”

— Hayotimdagi eng unutilmas Yangi yil ikki yil avval sodir bo‘ldi. Turkiyadagi konsertim sabab oilamni ham o‘zim bilan olib ketdim. Konsert 31-dekabrda bo‘ldi, uni o‘tkazib oilam bilan mashinada ketayotgandik. Aksiga olib, tirband yo‘lda qolib ketdik va oilam bilan bayramni mashinada kutib olishimizga to‘g‘ri keldi, — deydi Shohruxxon.

Dilshod Nazarov: “Onamning tug‘ilgan kunini nishonlaymiz”

Foto: “Daryo”

— Shu kungacha nechta Yangi yil bayramini nishonlagan bo‘lsam, hammasi o‘ziga xos o‘tgan. Chunki bu kun oilamizda qo‘shaloq bayram. Onam ham aynan Yangi yil oqshomida dunyoga kelgan. Ba’zan Yangi yil yo‘q, degan gaplarni eshitib qolsam biz bayramni emas, onamning shukrona kunlarini nishonlayapmiz, deb kulib qo‘yaman, — deydi Dilshod Nazarov.

Ozoda Nursaidova: “Bayramni aeroportda kutganmiz”

Foto: Instagram / @ozodaofficial

— Hayotimdagi eng unutilmas Yangi yilni 2002-yili kutib olganman. O‘shanda reys qoldirilgani uchun aeroportda qolib ketganmiz. Hammaning kayfiyati yomon bo‘lsa-da, terminalda o‘zimizcha bayram tashkillashtirganmiz. San’atkorlarning hayotida bunday unutilmas bayramlar ko‘p bo‘ladi. Chunki ular hamisha xizmatda. Bayram kuni bemalol dam olib o‘tirganimni eslolmayman. Hamisha bir tadbirdan, ikkinchisiga shoshamiz. Ba’zan Yangi yilni yo‘lda kutib olgan paytlarimiz ham bo‘ladi, — deydi Ozoda Nursaidova.

Ulug‘bek Rahmatullayev: “Bayram kuni uxlab qolganman”

Foto: “Daryo”

— Bayramni hech qachon yomon xotiralar bilan eslamaslik kerak. Quvonchli kundan hamisha xalq xizmatida ekanligimdan xursandman. Ammo bir yil charchab, uxlab qolganman. Ertalab uyg‘onsam, Yangi yil allaqachon kirib bo‘lgan ekan, — deydi Ulug‘bek Rahmatullayev.

Videoni to‘liq holda tomosha qiling:

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »