Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

2024-yilning ilk kunlarini uyimizda xotirjamlik bilan o‘tkazmoqdamiz. Ammo G‘azo sektori va Ukrainada odamlar ustiga raketa kelib tushish hadigi bilan tunlarni o‘tkazmoqda. Rossiya armiyasi 2023-yil dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab Ukraina shaharlariga keng ko‘lamda raketa zarbalari yo‘llashni boshladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning maʼlum qilishicha, so‘nggi 5 kun ichida Rossiya Ukraina shaharlariga 500 ta raketa va dronlar bilan zarba bergan. Xo‘sh, nega Rossiya so‘nggi vaqtlarda raketa zarbasiga urg‘u bermoqda? Bunday raketa zarbalari frontdagi holatga qanday taʼsir qiladi?

“Daryo” ushbu mavzu doirasida siyosatshunos Oybek Sirojov va iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul bilan suhbatlashdi.

– Eʼtibor bersak, so‘nggi vaqtlarda Rossiya faol tarzda Ukraina shaharlarini bombardimon qilmoqda. Nega Rossiya faollashib qoldi?

Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:

– 2023-yil 29-dekabr kuni Forbes jurnali Rossiya tomonidan otilgan bomba va dronlarning umumiy qiymatini hisoblab chiqdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya qiymati 80 million dollarlik raketa va dronlar bilan zarba bergan. Rossiya oxirgi marta 2-yanvar kuni keng ko‘lamda Ukraina shaharlariga zarba berdi. Forbes nashrining yozishicha, bu hujumda Rossiya qiymati 630 million dollarlik raketa uchirgan. Umumiy qiymatda Rossiya Ukrainaga 2 milliard 200 million dollarlik raketalar uchirgan. Aslida bu hujumlarning ortida boshqa gap bor. Shu hujumlar ortidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2 marotaba Moskva Kiyev bilan muzokara boshlashga tayyorligi haqida gapirdi. Uning muovini Medvedev ham o‘ziga xos tarzda shu fikrni aytdi.

Umuman olganda, 2023-yil dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab Rossiya xalqaro maydonda IPSO operatsiyalarini amalga oshirmoqda. Bu bilan Rossiya Ukrainaga “agar muzokaralarga ko‘nmasangiz, biz shunday hujumlarni qilaveramiz” demoqchi. Chunki AQSH tomonidan Ukrainaga berilishi kerak bo‘lgan 61 milliard dollar yordam puli kechikmoqda. Kongress bu mablag‘ni Yangi yil oldi o‘tkazmadi. Xuddi shunday 50 milliard yevroga teng bo‘lgan Yevropa Ittifoqining Ukraina uchun ajratayotgan yordam puli ham Vengriyaning qarshi ovozi tufayli to‘xtab qoldi. Mana shundan Rossiya foydalanib, o‘z shartlari asosida Ukraina bilan muzokara boshlamoqchi va urushni muzlatmoqchi. Rossiya mojarolarni muzlatib qo‘yishni juda yaxshi ko‘radi. Rossiyaning asl maqsadi ham shu.

Oybek Sirojov, siyosatshunos:

– Menimcha, Rossiyaning Ukraina shaharlariga amalga oshirgan hujumlarini bir qancha rakursdan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Harbiy nuqtayi nazardan – har qanday frontning orqa tomoni doim frontni taʼminlovchi muhim manba hisoblanadi. Orqa frontda kechayotgan jarayonlar albatta frontga o‘z taʼsirini ko‘rsatadi. Masalan, Rossiya tomoni ushbu raketa zarbalari asosan harbiy obyektlarga berilganini va bir qancha front ortidagi harbiy tuzilmalar yo‘q qilinganini taʼkidlamoqda. Lekin Ukraina taraf buni rad etmoqda. Amalga oshirilgan raketa zarbalari qanchalik samarali bo‘lgani vaqt o‘tishi bilan yuzaga chiqadi.

Ushbu urushni tahlil qilsak, qaysidir vaqtda Ukraina ustunlikka erishdi va qaysidir vaqtda mag‘lubiyatga uchradi. Rossiya ham xuddi shunday. Urush vaqtida qaysidir taraf tushkunlik holatiga tushib qolsa, raqib tomon uni shu holatdan chiqarib yubormaslikka harakat qiladi. Ayni vaqtda Ukraina tushkunlik holatida, Rossiya esa shundan foydalanmoqchi.

Men Shuhrat aka aytgan Rossiya tomonidan urushni muzlatish haqidagi fikrlariga qo‘shilmayman. Chunki ayni vaqtda Rossiya urushni muzlatish masalasini ko‘tarmayapti. Bugun ular yuqori kayfiyatda faqat Kreml shartlari asosida muzokaralarga o‘tirishini taʼkidlamoqda. Nazarimda, Ukraina bir qancha siyosiy xatoliklarga yo‘l qo‘ydi. Hozir Ukrainada amalga oshirilayotgan mobilizatsiya jarayoni og‘ir kechmoqda. Buni ko‘plab ekspertlar eʼtirof etmoqda. Masalan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z chiqishida fuqarolarni ikki qismga ajratdi. Shunday holatdan ham Rossiya foydalanib qolmoqchi.

Siyosatshunos Oybek Sirojov
 
Foto: “Daryo”

Urush taqdiri shu jamiyatlarning urushga qanchalik tayyor ekanligiga bog‘liq. Tarixdan maʼlumki, siyosiy elitadagi bo‘linish katta-katta inqirozlarga sabab bo‘lgan. Rossiya esa Ukraina ichida bo‘linish bo‘layotganini sezmoqda. Demak, bir tomondan qurol-yarog‘ va moliyaviy mablag‘larni berilmayotgani, ikkinchi tomondan ichki bo‘linish, uchinchi tomondan Yaqin Sharqda G‘azo muammosining ko‘tarilishi Rossiyani ruhlantirdi.

Rossiya-Ukraina urushini kuzatadigan bo‘lsak, kim hujum qilsa, o‘sha ko‘proq talafot ko‘rmoqda. Hozir urush o‘ziga xos pozitsion urushga aylandi. Shu boisdan Rossiya natijaga erishish uchun raketa zarbalariga urg‘u bermoqda. Bu faqat Rossiya tomonidan amalga oshirilmayapti. 2023-yil 30-dekabr kuni Ukraina Rossiyaning Belgorod shahriga hujum qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z chiqishida 2024-yilda Ukraina Germaniyadan Taurus raketalarini olishini va ular asosan Qrim yarimorolini egallash uchun ishlatilishini aytdi.

– Raketa zarbalari ketidan Rossiya keng ko‘lamli hujum amalga oshirishi mumkinmi?

Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:

– Hozir har ikki tomonda ham hujum qilish uchun resurs yetarli emas. Mustaqil ekspertlarning fikriga ko‘ra, hozir frontda Rossiya tomonidan 450 ming kishi, Ukraina tomonidan 350 ming kishi urushga qatnashmoqda. Bunday sharoitda frontda biror-bir o‘zgarish qilish qiyin. Chunki hujum qilayotgan tomon har doim himoyalanayotgan tomondan 2-3 barobar ko‘p bo‘lishi kerak. Agar shu holatda Rossiya armiyasi hujumga o‘tsa, bu ular uchun halokatli bo‘ladi. O‘z navbatida, Ukraina ham hujumga o‘ta olmaydi.

Iqtisodiy tahlilchi Oybek Sirojov
 
Foto: “Daryo”

Oybek Sirojov, siyosatshunos:

– Ushbu urush har ikki tomonni holdan toydirishga qaratilgan. Shuning uchun ham hujumga o‘tish masalani ortga tashlanmoqda. Hozir tomonlar front orqasiga eʼtibor qaratmoqda. Ukraina va G‘arb uzoq cho‘zilgan urush oqibatida Rossiya ichida parokandalik yuzaga keltirishni reja qilgan. Rossiya ham Ukraina ichida siyosiy bo‘linish keltirib chiqarish va G‘arb tomonidan berilayotgan yordam miqdori cheklanganida Ukrainani muzokaraga chorlamoqchi.

Nazarimda, Rossiya bahorgacha katta hujum amalga oshirmaydi. Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tganidan keyin Rossiya G‘arbning Ukrainaga qilgan harbiy va moddiy yordamidan kelib chiqib harakat qiladi. Agar Ukraina G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, holsizlanishi mumkin. Eng qizig‘i, Zelenskiy urushda g‘alaba qozonishimiz uchun ko‘proq qurol kerak deb aytmoqda. Ammo G‘arb Ukrainaga mavjud berilayotgan harbiy va moliyaviy yordamni qisqartirmoqchi. Shu nuqtayi nazardan, Rossiya prezidentlik saylovidan keyin frontda hujumga o‘tishi mumkin.

Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:

– Menimcha, prezidentlik saylovidan keyin Rossiya hujumga o‘tmaydi. Chunki saylov oldi Putin xalqqa natijalarni ko‘rsatishi kerak. Shu mantiq bo‘yicha Rossiya frontdagi kichik qishloqlarni bosib olishi mumkin. Lekin 3 oydan buyon Rossiya bironta ham qishloqni egallay olmadi. Saylovdan keyin Rossiya pozitsion mudofaaga o‘tib oladi.

Oybek Sirojov, siyosatshunos:

– Shuhrat aka, bu fikrlaringizga qo‘shilib bo‘lmaydi. Sababi Putinning oldida saylov bilan bog‘liq muammo yo‘q. Masalan, u o‘z chiqishlarida G‘arbni sanksiyalariga qarshi tura olayotganini taʼkidladi. Bundan tashqari, Putin Ukrainaga qarshi emas, balki G‘arbga qarshi urush olib borayotganini aytdi. Yaʼni Putin oldida saylovda yutish masalasi dolzarb emas. 2024-yilning noyabr oyida AQSHda ham prezidentlik saylovi bor. Ukrainani asosiy qo‘llab-quvvatlayotgan davlat – Qo‘shma Shtatlar. AQSHda saylov yaqinlashgani sari Ukrainaga yordam berish masalasi chigallashib ketadi. Buning oqibatida Ukrainada holdan toyish kuchayadi. Bundan Rossiya foydalanib qolishga harakat qiladi.

Eʼtibor bersak, Rossiya 35 foizga yaqin Ukraina hududlarini tashlab chiqib ketdi. Rossiya tushundiki, G‘arbdan katta yordam olayotgan Ukrainaga ommaviy hujum qilish noto‘g‘ri. Hujum qilish front bo‘ylab mag‘lubiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin edi. Ushbu tendensiya bir vaqtlar general Kutuzov tomonidan amalga oshirilgan. Chekinish bu —mag‘lubiyat emas.

G‘arbning yetarli miqdorda yordam bergani uchun Ukraina qarshi hujumda muvaffaqiyatga erisha olmadi. Bundan foydalangan Rossiya ulkan mudofaa chizig‘ini yaratdi. Nazarimda, Rossiya birinchi marta qilgan xatosini takrorlamaydi, u Ukrainaning holdan toyishini kutib, keyin keng ko‘lamda hujumni amalga oshirishi mumkin.

– 1-yanvar kuni Putin harbiy shifoxonada Moskva o‘z shartlari asosida muzokaralarga tayyor ekanligini aytgan edi. Biroq Zelenskiy Putinni “hayvon” deb atadi va u bilan muzokaraga bormasligi aytdi. Kelishuv bo‘lishi mumkinmi?

Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:

– Ukraina Rossiyadagi mavjud siyosiy elita bilan muzokaraga bormasligini aytgan va buni o‘z konstitutsiyasida belgilab qo‘ygan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin so‘nggi vaqtlar 2 marotaba muzokara haqida gapirdi. Xuddiki Rossiya muzokaralarga tayyor, lekin bunga Ukraina ko‘nmayapti. Bu bilan Rossiya xalqaro hamjamiyatni chalg‘itmoqchi. Go‘yo Rossiya Ukrainaga emas, Ukraina Rossiyaga hujum qilgandek. Putin o‘z shartlari asosida sulhga erishmoqchi. Agar bu reja o‘xshamay qolsa, Rossiya urushni muzlatishga harakat qiladi. Muzokaralar boshlansa, frontda o‘q otish taqiqlanadi. Lekin muzokaralar pishmay qolsa, birinchi o‘qni otish qiyin bo‘lib qoladi. Natijada urush muzlab qoladi. Muzlatilgan konfliktlarni hosil qilish bo‘yicha Rossiya “master” hisoblanadi.

Suhbat davomida
 
Foto: “Daryo”

Hozir muzokara olib borish Ukrainadan ko‘ra Rossiyaga ko‘proq kerak. Bu urushda har ikki tomon holdan toydi, ammo ko‘proq Rossiya charchagan. Og‘ir vazndagi bokschilar 12-raundda urisha olmay qoladi — ahvol shunday. Hozir Ukraina oxirgacha kurashishga intilmoqda. Aslida o‘ziga ishongan tomon urushni to‘xtatmaslikka harakat qiladi. Kuchiga ishonmayotgan tomon esa har doim sulh taklif qiladi.

Oybek Sirojov, siyosatshunos:

– Avvalo har qanday urush muzokaralar bilan yakunlanadi. Bu urushda ham qachondir muzokara bo‘ladi. Har ikki tomonning xohish-istagi o‘z shartlari asosida kelishuvga erishish. Hozir ikki tomonning kuchi bor ekan, urush davom etaveradi. Nima uchun Putin har safar chiqishida Rossiya muzokaralarga tayyor ekanligini aytadi? Menimcha, bu o‘ziga xos mohirona siyosiy o‘yin.

Shuhrat aka, siz to‘g‘ri aytdingiz. Urushni muzlatishdan mag‘lub bo‘layotgan tomon manfaatdor bo‘ladi. Lekin bugun Rossiya mag‘lub bo‘lyapti, degan fikrdan yiroqman. Rossiya bugun yuqori fazada. U Ukraina shaharlariga raketa zarbalari berib, “biz hali holdan toyganimiz yo‘q” deb Ukraina va G‘arbga signal bermoqchi. Men Rossiyaning qancha resursi borligini bilmayman. Bir yil oldin Rossiyaning otishga raketasi qolmagani aytilgan edi. Lekin bugun unday emasligi ko‘rinib qoldi va urushda Rossiyaning qo‘li baland kelmoqda. Endi xalqaro hamjamiyat bu urushni yakunlash haqida bosh qotirsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biroq bunday harakatlarni ko‘rmayapman. Masalan, G‘arb o‘z manfaatlarini ilgari surmoqda. Lekin bu yerda eng jabr ko‘rayotgan Ukraina bo‘lib qoldi.

Sardor Ali suhbatlashdi

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »