O‘zbekistonda pensiya tayinlash uchun arizani onlayn yuborish imkoniyati yaratildi
Yagona portalda yoshga doir pensiya tayinlash uchun ariza topshirish bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushirildi.
Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz ga kirib tegishli xizmatni tanlash va so‘ralgan maʼlumotlarni to‘ldirgan holda ariza yo‘llash kifoya.
Xizmatning afzalliklari:
- qulay: istalgan paytda va internetga kirish imkoniyati bo‘lgan joydan pensiya olish uchun ariza topshirish mumkin.
- vaqtni tejaydi: kunlar navbat kutib o‘tkazilmaydi. Onlayn xizmat vaqtni tejash va natijani tezroq olish imkonini beradi.
- oddiy: ariza topshirish jarayoni ancha sodda va tushunarli. Barcha zarur qadamlar va ko‘rsatmalar xizmat interfeysida keltirilgan.
Natija 10 ish kunida taqdim etiladi. Xizmatdan foydalanish bepul.
2023-yil noyabrida “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” prezident qarori qabul qilingandi.
Qarorda 2024-yildan fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilishi belgilangan edi. Aholiga pensiya tayinlanganidan so‘ng jamg‘argan pulini olish uchun Pensiya jamg‘armasidan qog‘oz shaklidagi sertifikat berish tartibi ham bekor qilinadi.