Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Osiyo Kubogi boshlanishiga ham sanoqli soatlar qolmoqda. Aslida, oradan 5 yil o‘tib bo‘lib o‘tadigan musobaqaga e’tibor va qiziqish har doimgidan ham jiddiy. Bunga bir nechta sabablar bor. 

Jumladan, Qatar Jahon Chempionatidan so‘ng ikkinchi katta musobaqani o‘zida o‘tkazmoqda va tashkilotchilik avvalgilariga qaraganda anchagina yaxshilangan. Shuningdek, musobaqa favoriti sifatida ko‘rilayotgan terma jamoalar soni ko‘p. Dunyoning jahonga mashhur Opta portali superkompyuterdan foydalangan holda qit’a Kubogidagi terma jamoalarning chempionlik imkoniyatlarini hisoblab chiqdi.

Unga ko‘ra, Yaponiyada imkoniyat 24,6 %, Janubiy Koreyada 14,3 %, Eronda 11,2 %, Avstraliyada 10,7 %, Saudiya Arabistonida 10,6 %, Qatarda esa 9,8 %. Qolgan 18 ta terma jamoada imkoniyatlar 3 foizdan pastga baholangan. O‘zbekiston terma jamoasida imkoniyat 2,5 % etib belgilangan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Gong Kongda – 0,1 %. 

Xo‘sh, O‘zbekiston milliy terma jamoasining yaqin tarixdagi Osiyo Kuboklarida ishtirokidagi e’tiborga molik holatlar bo‘lgan? “Daryo” shu haqda so‘z yuritadi. 

2-raqamli Baqoyev, 4-raqamli Rashidov

Hujumchilar va yarim himoyachilar sport formasidagi raqam deganda ko‘z oldingizga qaysi raqamlar keladi? 7, 10, 11, 9 va hokazo. 2, 3, 4 va 5-raqamlarni esa deyarli har doim himoyachilar olishadi. 

O‘zbekiston terma jamoasi safida esa 2011-yilda Ulug‘bek Baqoyev 2-raqamda harakat qilgan. Bugun murabbiy sifatida faoliyatini olib borayotgan Baqoyevning 2-raqamni olishiga nima sabab bo‘lganini bilasizmi?

Foto: Getty Images

Musobaqadan avval himoyachi Yaroslav Krushelniskiy jarohat ogan va uning o‘rniga Baqoyev qaydnomaga kiritilgan. Darvoqe, Ulug‘bek Baqoyev o‘sha musobaqada Iordaniya bilan qanaqa o‘yin o‘tkazganini barcha yaxshi eslaydi.

2015 yili Avstraliyada bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida Sardor Rashidov 4-raqamda harakat qilgan. O‘sha musobaqa Rashidovni olamga tanitgandi.

Foto: Getty Images

Ha, u vaqtgacha ham Sardor o‘zining chiroyli o‘yinlari bilan ko‘pchilik e’tiboriga tushib ulgurgan edi, biroq guruhning 3-tur o‘yinida Saudiya Arabistoniga urgan ikki goli barchaning qalbida qolgandi.

Markaziy himoyada o‘ynagan Odil Ahmedov

Ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak, Ahmedov 2011-yilgi Osiyo Kubogida markaziy himoyachi rolida harakat qilgan.

Foto: Getty Images

Bunga sabab sifatida, keyinchalik, Vadim Abramov shunday xotirlaydi: 

“O‘sha vaqtda birinchi pasni aniq beradigan himoyachi yo‘q edi, shuning uchun Odilni o‘ynatishga majbur bo‘lganman. Ahmedov musobaqadan oldin yonimga keldi. Markaziy himoyada joy bo‘lmasa zaxirada o‘tirishga tayyor ekani va bundan xafa bo‘lmasligini aytdi. Men esa gap bu yerda emasligini Germaniya misolida unga tushuntirdim.

Germaniya uch bor Jahon Chempioniga aylangan musobaqalarni eslaymiz: birida Frans Bekkenbauer yarim himoyadan markaziy himoyaga olinadi. Ikkinchisida jamoaning eng yorqin yarim himoyachilaridan biri Mattias Zammer markaziy himoyachiga aylantiriladi. Uchinchisida pleymeker Lotar Matteusni markaziy himoyaga olishadi. Shularni aytib unga tushuntirdim va Odil himoyada o‘ynashga rozi bo‘ldi.

O‘rtada birgina tushunmovchilik bor. Menga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yerda kimdir Avstraliyaga qarshi o‘yin oldidan unga “sen yarim himoyachisan va hujumga o‘tishing kerak”, degan. U oldinga ko‘p o‘tib ketdi va buning ortidan bizda muammolar paydo bo‘ldi. Agar adashgan bo‘lsam, uning o‘zi to‘g‘rilashi mumkin”. 

Markaziy himoyada o‘ynashiga qaramay, Odil Ahmedov baribir o‘zining sevimli joyi – yarim himoyaga yaqin o‘ynadi. Qatarga urgan super golini esa hali hamon, barcha yaxshi eslaydi.

“Lotereya”lardagi omadsiz Bikmayev

Marat Bikmayevni nafaqat terma jamoa, balki klublar safida ham yaxshi hujumchi sifatida bilganmiz. 2023-yilda “butsasini mixga ilgan” futbolchi milliy terma jamoa safida jami 58 o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 

Biroq, Bikmayevning ayni terma jamoa bilan bog‘liq ikkita holati o‘zbek muxlislari qalbida qolgan. Ikkisi ham penaltilar seriyasiga oid. 

Birinchisi, 2004-yilgi Osiyo Kubogi doirasida chorak finalda Bahraynga qarshi o‘yin o‘tkazgan. O‘yinning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlangach, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlanishi kerak edi. Andrey Fyodrov, Aleksandr Geynrix, Server Jeparov uchchalasi dastlab penaltini aniq amalga oshirishdi. Ammo, to‘rtinchi zarbada adashildi. Zarba muallifi – Bikmayev edi. Beshinchi zarbani amalga oshirgan Koshelyov ham adashdi va natijada O‘zbekiston musobaqadan xayrlashdi.

Foto: Getty Images

Ikkinchi holat – hozircha so‘nggisi bo‘lib turgan Osiyo Kubogida sodir bo‘ldi. Bu safar raqib – Avstraliya. 120 daqiqa 0:0 hisobi saqlanib turdi, penaltilar seriyasiga navbat yetib keldi. To‘rtinchi zarbagacha har ikki jamoa ham bittadan zarbani aniq amalga oshira olmadi. To‘rtinchi zarbani esa yana Bikmayev tepdi va yana adashdi.

Nesterov mutlaq yetakchi

Ignatiy Nesterovni o‘zbekistonlik futbol muxlislari yaxshi ko‘rishadi. Bugaloning o‘rnini munosib tarzda egallagan, ayrimlar esa, Nesterovdan keyin O‘zbekistonda yaxshi darvozabon bo‘lmaganini aytib keladi. 

Nesterov esa Osiyo Kuboklarida rekordchi. U 5 ta Osiyo Kubogida ishtirok etgan yagona futbolchiga aylandi. Ignatiy Nesterov 2004, 2007, 2011 va 2015-yillardagi Osiyo Kubogida o‘ynagan.

OFK matbuot xizmati ham bu statistikaga ko‘p bora e’tibor berib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu haqda ma’lumot chiqarib kelmoqda.

Kichik statistika

O‘zbekiston terma jamoasi bugungacha 7 ta Osiyo Kubogida ishtirok etib, jami 28 ta o‘yin o‘tkazgan. O‘tkazilgan o‘yinlarning 13 tasida g‘alaba, 4 tasida durang va 11 tasida mag‘lubiyat qayd etilgan. 42 ta gol urib, 47 ta o‘tkazib yuborilgan.

Og‘abek Samisov tayyorladi

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »