Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi musobaqasi 12-yanvar kuni start oladi.

“Daryo” ushbu musobaqa oldidan futbol olamiga aloqador mutaxassislardan O‘zbekiston terma jamoasining turnirdagi ishtirokidan nima kutayotgani haqidagi fikrlarini so‘radi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Hozirda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida faoliyati yuritaman, shuning uchun milliy terma jamoasidan umidim katta. Shu jamoani qaysidir ma’noda a’zosiman desam ham bo‘ladi. Lekin bu umid bilan parallel ravishda ishonch ham bor. Sababi, terma jamoani tayyorgarlik jarayonini kuzatyapman, bosh murabbiy Srechko Katanesning yondashuvini kuzatyapman, futbolchilarning o‘zini ham bu turnirdan ko‘p narsa kutayotganini bilaman. “Borimizni beramiz, albatta, ijobiy natija qayd etamiz” degan ijobiy yondashuv bor butun jamoada. Shuningdek, hamjihatlik, inoqlik ham bor. Bu, ayniqsa, terma jamoada katta rol o‘ynaydi. Klubda-ku, ahillik bo‘lmagan taqdirda ham ular butun mavsum birga o‘ynayverganidan keyin ko‘nikmalar hosil bo‘lib, jamoa sifatida shakllanib boraveradi. Terma jamoada esa aynan kayfiyat ko‘p narsani hal qiladi. Har xil klublardan keladigan futbolchilar yig‘ilib, qisqa muddatda ahil jamoa hosil qilishi natijalarda katta rol o‘ynaydi.

Hozirgi kunda Osiyo terma jamoalarining saviyasi bir-biriga yaqin bo‘lib ketgan. Shuning uchun taxmin qilish qiyinroq. O‘ylashimcha, kamida yarim finalgacha borishga kuchimiz yetadi. To‘g‘ri, jamoa sardori va terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar Eldor Shomurodovning yo‘qligi katta yo‘qotish bo‘ladi. Boshqa hujumchilar endi yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanishi zarur. Endi ular Shomurodovning yo‘qligini bildirmasdan, bor kuchini sarflashiga umid qilaman. Balki, tariximizda birinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritarmiz!

Davron Fayziyev, O‘FA matbuot va media rahbari

Foto: “Daryo”

Eldor Shomurodov juda katta yo‘qotish bo‘ldi O‘zbekiston terma jamoasi uchun. Lekin boshqa tomondan olib qarasak, guruh bosqichida uning o‘rnini bildirmaydigan futbolchilar bo‘lishi mumkin. Yarim himoyada ham gollar uradigan ko‘plab futbolchilar bor. Agar guruhda 2-o‘rinni oladigan bo‘lsak, nimchorak finalda Tailand, Ummon yoki Qirg‘iziston bilan ehtimoliy o‘yinlar bo‘lishi mumkin. Albatta, Saudiya Arabistoni u guruhda birinchi o‘rinni olsa. Ularga qarshi ham Eldorsiz o‘ynasa bo‘ladi, menimcha.

Chorak finalga yetib borish imkoniyatimiz juda katta. Bitta o‘yinda ko‘p narsa bo‘lishi mumkin. Balki, yarim finalga ham qiyinchiliksiz chiqishimiz mumkin. Albatta, turnirda syurprizlar bo‘lishi, tabiiy. Masalan, biz kutayotgan terma jamoalar pley-offga chiqmasligi mumkin. Balki, chorak finalda favoritlar emas, umuman kutmagan terma jamoalarga qarshi o‘ynarmiz. Shaxsiy fikrim, kamida chorak finalga qadar yetib boramiz.

Alisher Nikimbayev, futbol mutaxassisi, Qatar futbol assotsiatsiyasi mutasaddisi

Foto: Yoqubjon Bobojonov shaxsiy arxividan

Milliy terma jamoamizdan bo‘lajak Osiyo Kubogida katta natija kutmayapman. Agar chorak finalgacha yetib borsak, biz uchun maksimum natija bo‘ladi, deb hisoblayman. To‘g‘ri, so‘nggi o‘yinlarda terma jamoada xarakter paydo bo‘lgani, jismoniy jihat ancha yaxshilanganini ko‘rish mumkin.

Futbolchilarimiz ketma-ket avval deyarli kuzatilmagan natija — kambeklarni amalga oshirishdi. Lekin bir qator chiziqlardagi muammolar haligacha bartaraf etilmagani uchun terma jamoadan katta natija kutish qiyin deb hisoblayman. Masalan, darvoza chizig‘imiz eng katta muammoimiz. Buning ustiga, himoya ham darajasi bir-biridan katta farq qiladigan futbolchilardan tashkil topgan. Shomurodovni jarohat olganini inobatga oladigan bo‘lsak, eng ishonganimiz — yarim himoya. O‘zi umuman olganda, O‘zbekistonda yarim himoyada hech qachon muammo bo‘lmagan.  Lekin birgina yarim himoya bilan natijaga erishish qiyinligini tarix ko‘p bor isbotlagan.

Pessimist bo‘lmoqchi emasman. Lekin shaxsan men uchun terma jamoa Eron bilan ikkinchi bo‘limdagidek o‘ynab, katta natijaga erisholmasa ham mayli. Muhimi, haqiqiy jangchilardek oxirigacha kurashib, sifatli futbol namoyish qilish lozim.

Yoqubjon Bobojonov, sobiq futbol sharhlovchisi

Foto: Orif Tolipov shaxsiy arxividan

Hozir Osiyo futbolida raqobat ancha o‘sgan. So‘nggi Osiyo Kubogidan keyingi vaqt ichida bir necha terma jamoalarda keskin o‘sish kuzatildi deb o‘ylayman. Masalan, Yaponiya terma jamoasi. Yaponlar doim qit’ada yetakchilar qatorida bo‘lib kelgani rost, ammo hozirgi tarkib bilan ular, menimcha, Jahon Chempionatlarida ham yuqori natija uchun da’vogar bo‘la olishadi. Yana Saudiya Arabistoni futbolida bo‘layotgan inqilobiy o‘zgarishlar nafaqat mintaqa yoki qit’a, balki dunyo darajasida ham sport turi sifatida futbolga ta’sir o‘tkazmoqda. Bilmadim, bo‘lajak Osiyo Kubogida bu qanchalik seziladi, ammo saudiyaliklarda ham ishtiyoq baland ekani aniq.

O‘z sevimli jamoamizga kelsak, 2019-yil BAAda o‘tgan turnirdan so‘ng biz o‘sishga erishdikmi yoki yo‘q, buni darhol aytish juda qiyin. Orada pasayish bo‘lgani esa aniq, chunki tarixda ilk bor mundial saralashining so‘nggi 3-bosqichiga chiqa olmadik. Keyinroq jamoani hozirgi murabbiy Srechko Katanes qabul qilib oldi. Sloveniyalik mutaxassisda 2,5 yil jiddiy rasmiy o‘yinlar sanoqli bo‘ldi. O‘rtoqlik o‘yinlari bilan esa muammo kuzatilmadi. Unga barcha sharoitlar yaratildi, nazarimda. Bu turnir Katanes uchun rostmana birinchi sinov bo‘ladi. Albatta, Eldor Shomurodovning kutilmaganda safdan chiqishi katta yo‘qotish hisoblanadi. Biroq murabbiyning bor darajasi ba’zan mana shunday vaziyatlarda ko‘rish mumkin bo‘ladi. Ochig‘i, mutaxassis Eldorsiz qanday ko‘rinishda o‘ynashi menga juda qiziq.

Natija bo‘yicha taxmin qilishga juda qiynalaman, ammo kutilmalarimning yuqori chegarasi 1/2 final bo‘lib, yarim finalga chiqish biz uchun imkonli va yaxshi natija bo‘lardi, deb o‘ylayman. Ayni vaqtda guruhdagi o‘yinlarga, har bir uchrashuvga diqqat va bor energiya bilan yondashishimiz zarur, boshqachasiga, deylik yarim kuch bilan o‘ynab yutadigan terma jamoa bu turnirda yo‘q, menimcha.

Abbos Fayzullayev turnirni qanday o‘tkazishiga ko‘pchilik qatori men ham qiziqyapman. Undan to‘g‘ri foydalangan taqdirda Katanes mavjud muammolarni bemalol yechishi mumkin. Yana Jaloliddin Masharipovdan ham kutilmalarim yuqori. Uning xarizmasi borligini, mashg‘ulotlar va o‘yinlarni yetakchi ruhida o‘tkazishi bilamiz. Masharipovning ham isbotlashi kerak bo‘lgan narsalar ko‘p deb o‘ylayman.

Barcha vatandoshlar qatori milliy jamoamizga omad tilayman. Muvaffaqiyatni hammadan ko‘p futbolchilarimizning o‘zlari istashini juda yaxshi bilaman. Shu istaklariga erishib Vatanga qaytishsin!

Orif Tolipov, futbol sharhlovchisi

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »