Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

12-yanvar kuni Qatar yashil maydonlarida qit’a miqyosidagi yirik musobaqa – futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi start oldi. Ushbu turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.

Terma jamoa joy olgan B guruhida Suriya, Hindiston va Avstraliya vakillari keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun o‘zaro kurash olib bormoqda. 13-yanvar kuni O‘zbekiston 1-tur doirasida Suriya termasiga qarshi maydonga tushdi, o‘yin 0:0 hisobidagi nursiz durang bilan yakunlandi. Quyida mazkur o‘yin haqidagi xulosalar qisqa satrlarda taqdim etiladi.

Kuper imzosi

Foto: O‘FA

2019-yilgi Osiyo Kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishtirok etgan argentinalik mutaxassis Ektor Kuper ayni vaqtda Suriya terma jamoasini boshqarmoqda. Mutaxassisning O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyatidan kelib chiqib aytish mumkinki, murabbiy jamoa o‘yinini chuqur va tartibli himoya ustiga quradi. Bu holat suriyaliklarning maydondagi harakatlarida yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Ko‘pchilik Kuperning O‘zbekiston uchun “kutilmagan sovg‘a” tayyorlashini kutgan edi. Uning qo‘l ostida milliy jamoaga kirib kelgan futbolchilarning baʼzilari hozirga kelib, termaning yetakchi o‘yinchilariga aylangan. Turgan gapki, murabbiy sobiq shogirdlarining mahoratidan xabardor va ularga qarshi qanday o‘ynash kerakligi haqida qo‘l ostidagilarga kerakli ko‘rsatmalar bergan. Menimcha, mazkur uchrashuvda biz bir vaqtlar voz kechgan uslub g‘alaba qozondi. Suriya terma jamoasining o‘yinida Kuper imzosi yaqqol sezildi.

Argentinalik mutaxassis bizning futbolchilardan ham taxminan shunday o‘ynashni talab qilgandi. Ammo shunisi ham borki, Kuper uslubi o‘zbek futboliga baribir begona edi. Chunki bironta klubimiz chuqur himoya va doimiy pressingga ixtisoslashmagan. Futbolchilarimizning asosiy ustunligi ularning texnik mahoratidir. Kuper uslubi esa tom maʼnoda jismoniy kuchga tayanadi.

Terma jamoamiz Shomurodovsiz o‘ynay olmaydimi?

Foto: O‘FA

Eldor Shomurodovning “Kalyari” mashg‘ulotida olgan jarohati Katanes rejalarini o‘zgartirib yuborgani tayin. Suriyaga qarshi tanlangan tarkibning o‘zini oqlamaganini payqash uchun ekspert bo‘lish ham shart emas, hammasi maydonda ko‘rindi.

Qanotda o‘zini erkinroq his qiladigan va samaraliroq harakat qiladigan Oston O‘runov hujum chizig‘ida o‘yinni boshladi. O‘runov joriy mavsum klub va terma jamoada ajoyib o‘yinlar o‘tkazgani bor gap, biroq murabbiyning hujum chizig‘ida sof forvardlar qolib, vinger “foyda”siga tanlov qilishi bu safar ish bermadi. Bundan oldingi bir nechta o‘yinlarda Shomurodovning o‘zi bilan ikki himoyachini olib yurishi O‘runovga hujumda bo‘sh zonalarning ochilishiga sabab bo‘lgandi. Suriya bilan uchrashuvda esa Oston yakkalanib qoldi. Natijada, biz xuddi bir kishi kamdek o‘ynadik.

Shuningdek, Suriya bilan o‘yin terma jamoamiz yetakchilaridan biri Jaloliddin Masharipovning ham to‘liq tiklanib olmaganini ko‘rsatib berdi. Yarim himoyachi Saudiya klubi bilan xayrlashganidan so‘ng deyarli 6 oy klubsiz qolishga majbur bo‘lgandi. Kanates uning tajribasiga ishonishda davom etmoqda. Shu bilan birga, markazdagi yana bir yetakchimiz Otabek Shukurov ham o‘z darajasidan biroz past harakat qildi. Yaqinda klubi bilan xayrlashgan yarim himoyachining muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani baribir sezildi. Himoya va darvoza chizig‘imizga baho berish uchun Suriyaga qarshi kechgan uchrashuv yetarli emas. Ikkinchi bo‘limda sof hujumchi Sergeyev va yorqin o‘yinlari bilan RPLni zabt etayotgan Abbosbek Fayzullayevning qo‘shilishi o‘yinga rang-baranglik olib kirdi. Lekin Suriyaning mustahkam himoyasini baribir yorib o‘ta olmadik.

Rotatsiya effektini baholash qiyin bo‘ladi

Foto: O‘FA

Ikkinchi turda Katanes katta ehtimol bilan qator o‘zgarishlarga qo‘l uradi. Dastlabki turda asosiy tarkibda maydonga tushgan o‘yinchilardan bir qanchasining zaxirada qolishini taxmin qilish uchun muxlisda yuqorida qayd etganimizdek ekspertlik darajasidagi intellekt bo‘lishi shartmas. Ammo bu o‘zgarishlarning qay darajada samarali bo‘lgani va o‘z o‘rnida amalga oshirilganini bilish oson bo‘lmaydi. Boisi, Hindiston ham asosiy eʼtiborini himoyaga qaratadi. Hindlar safida Suriyadagi kabi ijrochilar yo‘qligi esa foydamizga xizmat qilishi ham mumkin. Shundan kelib chiqib, 2-tur biz uchun biroz oson bo‘lishi kutilmoqda. Har holda shundan umidimiz bor. Shunda baʼzi kamchiliklarimiz sezilmay ketar balki. Terma jamoamizning bor salohiyatini esa, 3-tur va pley-off o‘yinlarida ko‘ramiz. Nasib etsa…

Mirjalol Norqobilov

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »