“Putin bilan yaxshi munosabatdamiz”: Tramp Ukrainadagi urushni “juda tez” tugatishga va’da berdi
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp yana bir bor Ukrainadagi urush bilan bog‘liq vaziyatni “juda tez” hal qilishga va’da berdi.
Bu haqda Tramp Ayova shtatidagi respublikachilar praymerizlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng aytib o‘tdi. Sobiq prezidentning so‘zlariga ko'ra, u Putin bilan “juda yaxshi” til topishadi.
“Putin va men juda yaxshi munosabatdamiz. Bu yaxshi, yomon emas. Agar yolg‘on xabarlar o‘rniga to‘g‘ri xabarlar chiqarilsa, mamlakatdagi muammolarimizning 90 foizi hal bo‘lardi... Ukraina bilan vaziyat juda dahshatli. ... Va biz buni hal qilamiz, biz buni juda tez hal qilamiz”, — dedi Tramp.
Bundan tashqari, siyosatchi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni ham muloqotga jalb qilishiga ishonishini ma’lum qildi.
“Men prezident Putinni juda yaxshi bilaman, Zelenskiyni juda yaxshi bilaman, men uni muloqotga jalb qila olaman, biz buni juda tez hal qilamiz. Bu urush hech qachon bo‘lmasligi kerak edi”, - deya qo‘shimcha qildi Tramp.