Makron Ukrainaga SCALP raketalari va “yuzlab bombalar” berishni va’da qildi
Fransiya Ukrainaga 40 ga yaqin SCALP raketalari, bir necha yuz bomba va Ceaser o‘ziyurar artilleriya birliklarini (SPG) beradi, dedi prezident Emmanuel Makron matbuot anjumanida. Uning so‘zlarini Le Monde nashri keltirdi.
Fransiya prezidenti Kiyev bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv ustida ishlayotganini, bu kelishuv bir necha hafta ichida imzolanishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Fevral oyida Ukrainaga boraman. Ushbu matnlar nihoyasiga yetkazilganini e’lon qilaman. So‘ng hozir men aytayotgan snaryadlarni yetkazib berish boshlanadi”, — deya qo‘shimcha qildi Makron.
Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha AQSHdan keyin Germaniya (17,1 milliard yevrolik) va Buyuk Britaniya (6,6 milliard yevrolik) yetakchilik qilmoqda. Fransiya atigi 0,54 milliard yevrolik, Italiya 0,69 milliard yevrolik, Ispaniya 0,34 milliard yevrolik qurol o‘tkazgan.
Ukraina armiyasi SCALP’ning birinchi partiyasini o‘tgan yozda olgandi. SCALP-EG — Britaniyaning Storm Shadow raketasining fransuzcha versiyasi. Raketa 1990-yillarda Matra va British Aerospace kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan, keyin MBDA tomonidan ikkita versiyada ishlab chiqarilgan: raketa 500 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urishga qodir.