“Tolibon” O‘zbekiston bilan quruqlikda yuk tashish va tranzit sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olganini ma’lum qildi
Afg‘oniston va O‘zbekiston quruqlikdagi yuk tashish va tranzit yo‘nalishlarini ochish sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Sputnik Afghanistan xabar berdi.
Mazkur kelishuvga “Tolibon” Transport vazirligi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi ortidan erishildi, dedi vazirlik matbuot kotibi Imomuddin Ahmadiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, kelishuvga muvofiq har ikki davlat transport vositalari hech qanday to‘siqsiz harakatlanishi mumkin.
Ahmadiy, shuningdek, tashrif davomida ikki davlat o‘rtasidagi havo qatnovi va afg‘on xodimlari salohiyatini oshirish sohasidagi hamkorlik ham muhokama qilinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, afg‘onistonlik xodimlar O‘zbekiston tomonidan o‘qitilishi rejalashtirilgan.
“Tolibon” Sanoat va savdo vazirligi matbuot kotibi Abdul Salam Javad Oxundzoda ham O‘zbekistonni Afg‘onistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri sifatida tilga olib, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan elektr energetika, texnologiya va oziq-ovqat sohalarida yaxshi savdo aloqalariga ega ekanini ta’kidladi.
So‘nggi oylarda “Tolibon” hukumati va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar kengaydi, ikki davlat vakillari Kobul va Toshkentga tashrif buyurib, turli sohalarda hamkorlik memorandumlarini imzoladi.