Afg‘onistonda qulab tushgan xususiy samolyot bortida kimlar bo‘lgani ochiqlandi
21-yanvar kuni Afg‘onistonda qulab tushgan Rossiyaning Falcon-10 biznes-jetida kimlar bo‘lgani haqida ma’lumot berildi. Bu haqda “REN TV” xabar berdi.
Afg‘oniston tog‘larida halokatga uchragan samolyot yo‘lovchilari rossiyalik er-xotin Anna va Anatoliy (tadbirkor) Yevsyukovlar bo‘lgan. Ular 15-dekabr kuni Tailandga ta’tilga kelgan. O‘g‘li Vitaliy ular bilan birga bo‘lgan. Bir necha kundan keyin Anna kasallikka chalingan. 17-dekabr kuni u Pattaya shahridagi kasalxonaga yotqizilgan. Tailandlik shifokorlar noma’lum infeksiya tashxisini qo‘yib, ayolni sun’iy nafas olish apparatiga ulagan.
Ko‘p o‘tmay, Tailand shifokorlari Anatoliy Yevsyukovga xotinini Rossiyaga olib borishni tavsiya qilgan. Oila shaxsiy reysni bron qilgan. Ehtimol, sug‘urta kompaniyasi orqali. Klinika Annani olib chiqishga ruxsat berganida, Anatoliy va uning rafiqasi bo‘lgan samolyot 20-yanvar kuni Pattayadan uchib ketgan. Ular Hindistonda samolyotga yonilg‘i quydirish uchun to‘xtashgan. Keyinchalik Toshkentda yonilg‘i quydirish va Moskvaga ketish rejalashtirilgan.
Biroq Afg‘oniston havo hududida uchuvchilar dvigatel va yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar haqida xabar bergan. Oqibatda samolyot radarlardan g‘oyib bo‘lgan va Badahshon yaqinidagi tog‘larga qulagan.
Vitaliy esa oddiy reysda Pattayadan uchib ketgan. Baza nashriga ko‘ra, u allaqachon Rossiyaga uchib kelgan va u yerda ota-onasining o‘limi haqida xabar topgan.
Samolyotni ikki uchuvchi boshqargan
Afg‘onistonda halokatga uchragan samolyotni ikki uchuvchi: 41 yoshli Dmitriy Belyakov va 42 yoshli Arkadiy Grachev boshqargan. Qolgan ikki ekipaj aʼzosi Igor Sivorotkin va Pavel Popov dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra shifokor bo‘lgan.
Ikkala uchuvchi ham shaxsiy uchuvchi guvohnomalariga ega edi. Biroq ular Falcon 10 ni boshqarish bo‘yicha kamroq tajribaga ega bo‘lgan, chunki bu bo‘yicha mashg‘ulotlar 2023-yilgacha o‘tkazilmagan. Hozirda samolyotni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parvoz paytida Tojikiston havo hududiga kirishidan biroz oldin, Falcon 10 uchuvchilari kuchli shamol va past parvoz balansi tufayli yonilg‘i sarfi ortganini ma’lum qilgan. Ekipaj yoqilg‘i quyish uchun Dushanbedagi muqobil aerodromga borishga qaror qilgan.
Biroq keyinchalik uchuvchilar avvaliga chap dvigatel nosozligi, bir daqiqadan so‘ng esa ikkinchi dvigatel nosozligi haqida xabar bergan. 15 daqiqadan so‘ng samolyot radardan yo‘qolgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi aviahalokat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.