Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Muhabbat tafti” serialidagi roli Sanayya Eroniyni butun dunyoga mashhur qildi. Barun Sobti bilan bo‘lgan ishqiy munosabatlardan tortib, ikki farzandining tug‘ilishi va avtohalokatda vafot etganigacha… Keling, ushbu ajoyib aktrisaning tarjimai holida nima haqiqat-u, nima yolg‘on ekanligini bilib olamiz.

Aktrisaning bolaligi

Sanayya Eroniy 1983-yil 17-sentyabrda Mumbayda eronliklar oilasida tug‘ilgan va Utining sokin muhitida ulg‘aygan — bu yerda yetti yil maktab-internatda o‘qigan. Uti Tamilnadu shtatidagi kurort shaharcha bo‘lib, o‘zining go‘zal tabiati, qal’alari va saroylari bilan mashhur.

Sanayya Eroniy otasi bilan

Uyiga, Mumbayga qaytgach, Sanayya ish boshqaruvchi bo‘lish uchun Sidenham kollejiga o‘qishga kiradi. Ammo tez orada o‘qishni tashlashga majbur bo‘ladi, chunki eronlik yosh sohibjamol reklama roliklarida chiqish takliflariga to‘lib-toshgandi.

Avvaliga Sanayya shou-biznes bilan shug‘ullanishni istamaydi, lekin onasi unga rad qilmaslikni maslahat beradi. Onasi qizini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, chunki u Sanayyaning muvaffaqiyatli model yoki aktrisa bo‘lishini juda xohlardi. Shunday qilib, qiz kollejdan bir yil ta’til olib, reklama olamiga sho‘ng‘iydi.

Model bo‘lgandan so‘ng, Eroniy tezda mashhurlikka erisha boshlaydi. Aytgancha, uning birinchi portfoliosini bir vaqtlar fotograf bo‘lib ishlagan aktyor Boman Eroniy tuzgan. 2006-yilda Sanayya katta ekranda birinchi marta paydo bo‘ladi, u “Jonim fido” dramasida Kajolning dugonasi rolini o‘ynaydi. “Men bu rolga tasodifan tasdiqlanganman”, deb eslaydi u.

To‘g‘risini aytsam, o‘ynaydigan narsaning o‘zi yo‘q edi, chunki rol epizodik bo‘lgan. Men hech qachon filmlarda rol o‘ynashni orzu qilmaganman, shuning uchun “Jonim fido” filmida o‘ynashga taklif qilishganda, avvaliga rad etdim. Hech qanday salmog‘i yo‘q ikkinchi darajali qahramon sifatida ekranda ko‘rinishni xohlamasligimni aytdim. Film ijodkorlariga 3 marta rad javobini berdim. Lekin baribir meni kastingga chaqirishdi.

O‘sha yerdagina Amir Xon va Kajol bosh rollarni ijro etayotganini bilib qoldim. Va bu rolga faqat ularning qanday ishlashini ko‘rish uchungina rozi bo‘ldim. Menimcha, ular ajoyib aktyorlar! O‘shanda faqat reklama roliklari bilan shug‘ullanardim, shuning uchun bir-ikki haftalik suratga olish ishlari hayotimga juda katta ta’sir ko‘rsatmasdi.

Menda aktrisa bo‘lish va katta ekranga chiqish niyati bo‘lmagan. Agar o‘tmishga qayta olganimda edi, bu rolga rozi bo‘lmagan bo‘lardim”, — deydi aktrisa.

Shundan keyin unga “Chap, o‘ng, chap” serialining ikkinchi mavsumida kursant Samira Shroff rolini taklif qilishadi. 

“Avvaliga juda qiynaldim, chunki hind tilini yaxshi bilmasdim. Rejissor dialoglarni so‘zma-so‘z, bo‘g‘inlab talaffuz qilishni o‘rgatdi. Bu mashaqqatli ish edi, lekin men uddaladim. Hozir hindchani ancha yaxshi bilaman”, — deydi Sanayya.

2008-yilda aktrisa “Biz uchrashganimizda” serialida rol o‘ynaydi. Kichkina shaharchadan Mumbayga kelgan ikki opa-singil haqidagi film tomoshabinlarga yoqadi. Sanayyaning o‘zi esa partnyori Mohit Sehgalning qalbini zabt etadi.

Turmush o‘rtog‘i Mohit Segal bilan

Mohit intervyusida bu haqda shunday dedi: 

“Men Sanayyani suratga olishning birinchi kunidayoq sevib qoldim, lekin birinchi mavsumdan keyingina unga bo‘lgan his-tuyg‘ularimni tan oldim. Biz darhol til topishib ketdik va birinchi oylarda shunchaki do‘st edik. Ammo do‘stimiz va hamkasbimiz Arjun Bijlani Sanayya bilan bir-birimizga befarq emasligimizni o‘sha paytdayoq sezgan ekan.

U g‘ashimizga tegib, bizni masxara qilardi: “Bir-biringizni sevib qolgansizlar-ku! Tan olsangiz-chi”, derdi. Shubhalar, o‘zimga bo‘lgan ishonchsizlikdan qiynalardim. Ammo vaqt o‘tishi bilan Sanayya yer yuzidagi eng yaxshi qiz ekanligini va xavotir olishimga asos yo‘qligini angladim.

Mohit va Sanayya munosabatlarini sir tutib, serial tugaganidan keyingina e’lon qiladi. 2016-yil 25-yanvarda Goa shahrida chiroyli to‘y o‘tkaziladi.

Sanayyaning Bollivud haqida hech qanday tasavvuri bo‘lmagan. U har doim televideniyeni yaxshi ko‘rgan va uni nafaqat teleseriallarda, balki klip, veb-serial va turli raqs realiti-shoularining ishtirokchisi, hatto boshlovchisi sifatida ham ko‘rish mumkin.

“Agar aktrisa bo‘lmaganimda, ehtimol moda dizayneri yoki interyer dizayneri bo‘lardim”, deydi Eroniy. Bugungi kunga qadar u People jurnalining “Eng go‘zal 40 ayol” ro‘yxatiga kiritilgan yagona televideniye aktrisasidir.

2011-yilda Sanayya Eroni “Muhabbat tafti” serialida rol o‘ynash uchun shartnoma imzolaydi va bu rol 28 yoshli qizga olamshumul mashhurlik olib keladi. Uning quvnoq va samimiy Kushi Kumari Gupta roli tomoshabinlar tomonidan yuqori baholarga sazovor bo‘ladi.

Ushbu loyihada Sanayya nafaqat komedik, balki romantik aktrisa ekanligini ham isbotladi. Uning Barun Sobti bilan ijodiy ittifoqi shunchalik omadli chiqadiki, ba’zi muxlislar Sanayya va Barun bir-birini chinakam sevganiga ishonadi ham.

“Muhabbat tafti” butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlarni ekran qarshisiga mixlab qo‘ydi va ularni ikkiga bo‘ldi. Ba’zilar bosh qahramonlarni bir-biriga mos deb yaxshi ko‘rishsa, boshqalari esa faqat Barun uchun aqldan ozib, Sanayyani unga mos kelmaydi deb hisoblaydi. Shuning uchun aktrisa ko‘pincha Sobti muxlislarining nafratiga uchraydi.

“Muhabbat tafti” serialidan so‘ng Sanayya “Opa-singillar” hind filmidan ilhomlangan “Chanchan” loyihasida ishtirok etadi, ammo tomoshabinlarga film yoqmaydi va tezda bekor qilinadi.

2013-yil oxirida u Ashish Sharma bilan birgalikda “Ehtiros ranglari” melodramatik loyihasida porlaydi, bu film xitga aylanadi. Oddiy qishloq qizi bilan ofitser o‘rtasidagi nafratdan boshlangan muhabbat hikoyasi sevib tomosha qilinadi.

Ba’zi manbalarda Sanayyaning avtohalokatda vafot etgani haqida yozishgan. Bundan tashqari aktrisaning ona bo‘lgani haqidagi video ham bor. Biroq bularning barchasi yolg‘on xabarlar bo‘lib, faqat tomoshabinlar qiziqishini uyg‘otish va ko‘rishlar sonini orttirish uchun qilingan.

Hozirda Sanayya Eroniy turmush o‘rtog‘i Mohit bilan baxtli. Ularning farzandi yo‘q, lekin aktrisaning ikkita jiyani bor — ukasining bolalari Finn Uoker Eroniy va Sloan Xarper Eroniy.

Aytgancha, ba’zi manbalar uning opasi borligi haqida ham yozgan, ammo bu noto‘g‘ri ma’lumot. U va aktrisa Kashmira Eroniy shunchaki familiyadosh xolos.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »