Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Quyidagi mashhurlar eng qimmat mashinalar, qasrlar va muvaffaqiyatli hayotning boshqa atributlarini sotib olishlari mumkin, ammo ular pulni oqilona sarflashni afzal ko‘radi.

Kianu Rivz

Kianu Rivz Gollivuddning eng muvaffaqiyatli aktyorlardan biri. Shunday bo‘lsa-da, millionlab muxlislarning kumiri kamtarona yashaydi: u ulkan qasrlar, villalar va ajoyib qimmatbaho mashinalar sotib olmaydi. Faqatgina hashamatli mototsikliga havas qilish mumkin — Kianu tezlikni yoqtiradi. Ammo aktyor buni odatga aylantirib olmagan: u eng noyob va eng qimmat modellarni yig‘maydi, kimoshdi savdosida qatnashmaydi.

Aftidan, Rivz aqlbovar qilmaydigan darajadagi gonorarlar va ular beradigan imkoniyatlarga umuman ahamiyat bermaydi. Ammo aktyor xayriya ishlariga pul ayamaydi.

Kira Naytli

Kira Naytli ko‘pincha boy ayollar rolini o‘ynaydi — brilliant taqinchoqlar va qimmatbaho liboslar kiyadi. Lekin hayotda aktrisa bunday hashamatdan uzoq yuradi. Intervyularida u pulni baxtning asosiy o‘lchovi deb hisoblamasligini aytadi. Uning fikricha, haqiqiy baxt bu — oila va yaqinlardir.

Kira, shuningdek, inson o‘zini boshqalardan yaxshiroq deb hisoblamasligi va jamiyatdan ajralgan holda yashamasligi kerakligini ta’kidlaydi.

Sara Jessika Parker

Dunyoga mashhur aktrisa Sara Jessika Parker eri — aktyor Mettyu Broderik va uch farzandi bilan juda kamtarona turmush tarzini olib boradi. Uning boyligi 100 million dollarga yaqin bo‘lishiga qaramay, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasligi bolaligi bilan bog‘liq: u katta oilada o‘sgan, uning hayoti, jumladan, oziq-ovqat, uy-joy va kiyim-kechagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ijtimoiy nafaqalarga bog‘liq edi. Shuning uchun aktrisaga bolalari uchun kiyimlarni kattadan kichikka o‘tkazish odatiy hol. Er-xotin narsalarni ham, pulni ham tejab ishlatadi.

Zoi Deshanel

Zoi turmush o‘rtog‘i Ben Gibbarddan ajrashish uchun ariza berganida, ko‘plab hujjatlar ommaga e’lon qilindi, natijada aktrisaning oylik budjeti oshkor bo‘ldi. “Yozning 500 kuni” filmi yulduzi bu holatdan deyarli mamnun emasdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Zoining oylik daromadi o‘rtacha 95 ming dollarni tashkil etadi, ammo xarajatlari daromadning chorak qismidan oshmagan — atigi 22,5 ming dollar. Shu vaqtgacha yig‘ilgan mablag‘lar miqdori oshkor etilmagan, aktrisa aksiyalar va ko‘chmas mulkka sarmoya kiritgan.

Biroq Deshanel xayriya tadbirlaridagi ishtiroki bilan ham tanilgan. Siz bu aktrisani qimmatbaho butiklarda uchratmaysiz. Umuman olganda, aktrisa shon-shuhrat va hashamga o‘ch yulduzlardan emas.

Tayra Benks

Victoria’s Secret brendining sobiq modeli podium bilan cheklanib qolmagan. U “Amerikancha top model” teleshousiga mualliflik qiladi. Shou omadli chiqib, bankdagi hisobini 75 million dollarga ko‘paytirdi. Biroq bu Tayra endi xohlagan narsasini sotib olishga qodir degani emas. Uni kim to‘xtatmoqda? Uning o‘zi!

Tayra Forbes jurnaliga bergan intervyusida: “Men tez-tez buxgalterimdan falon narsani sotib olsam bo‘ladimi, deb so‘rayman va bunga javoban uning kulganini eshitaman. Ha, men tejamkorman va har doim shunday bo‘lganman”, — deydi.

Shuningdek, Tayra Benks qimmat smartfon yoki planshetga pul sarflashni istamay, yozish uchun oddiy qog‘oz daftardan foydalanadi. Qimmat restoranda ovqatlanish o‘rniga uyi yaqinidagi oddiy fastfud kafeni afzal ko‘radi.

Jennifer Lourens

“Oskar” sovrindorini tejamkor hayotni afzal ko‘rganlar uchun namuna deb hisoblash mumkin. U hali ham Los-Anjelesga ko‘chib o‘tganda sotib olgan juda kamtarona kvartirasida yashaydi — katta uy sotib olishni rejalashtirmaydi.

Boshqa yulduzlarga xarid qilishda shaxsiy yordamchilar ko‘mak berishsa, Jennifer chegirmali kuponlardan foydalanadi va arzon narxlardagi yirik do‘konlarga tashrif buyuradi. Mashina tanlashda ham aktrisa o‘zini ko‘rsatmaydi: Bugatti-Mazerati’iga qurbi yetsa-da, Volkswagen va Chevrolet Volt’da yuradi.

So‘nggi paytgacha uning boyligi turli manbalar tomonidan 2 milliondan 7 million dollargacha baholangan. “Hayot-mamot o‘yinlari” filmining uchinchi qismida ishtirok etganidan keyin boyligi taxminan 10 million dollarga ko‘paygan, ammo bu Jenniferni odatlaridan voz kechib, ortiqcha pul sarflashiga sabab bo‘lmagan.

Leonardo Di Kaprio

Leo 1997-yilda “Titanik” filmida rol o‘ynagunga qadar unchalik mashhur bo‘lmagan aktyor edi. Filmdan so‘ng u darhol nafaqat eng taniqli, balki eng ko‘p maosh oluvchi aktyorlardan biriga aylandi: hozir uning boyligi 200 million dollardan oshadi.

Shuncha boylikka ega bo‘lsa-da, Leo hashamatli narsalarga xarajat qilmaydi, ammo birgina istisno bor: aktyor Beliz yaqinidan 2,4 million dollarga orol sotib olgan. Shuni hisobga olmaganda Di Kaprio millionerga unchalik o‘xshamaydi — u ekolog, u hatto BMTda ham chiqish qilgan, shuning uchun uning garajida faqat bittagina mashinasi bor — Toyota Prius.

Leo intervyularining birida ko‘p pul sarflashni yoqtirmasligini aytadi, chunki yetarli shaxsiy mablag‘ga ega bo‘lish unga aktyor sifatida ijodiy erkinliknigina kafolatlaydi xolos. Shu bilan birga, Leo ekologik xayriya tashkilotlari ehtiyojlari uchun saxiy donor sifatida tanilgan.

Uning yordami bilan yo‘lbarslarni himoya qilish uchun 39 million dollar yig‘ilgan. U hatto o‘zining nomi bilan ataladigan xayriya jamg‘armasini yaratdi, u boshqa narsalar qatori ichimlik suvini tozalash dasturini amalga oshiradi, shu yo‘l bilan Afrikadagi deyarli yarim million kishiga yordam beradi.

Kristen Bell

Veronika Mars roli bilan tanilgan aktrisa va uning turmush o‘rtog‘i Daks Shepherd tejamkorligi bilan mashhur. Kristen bu haqda juda xotirjam gapiradi va chegirma kuponlaridan foydalanishni sevimli mashg‘ulotlaridan biri deb biladi. U yana shunday deydi: “Erim va men qishloqda katta bo‘lganmiz va bundan umuman uyalmaymiz”. Oila birgalikda 18 million dollarga yaqin pul ishlagan, ammo ular haligacha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi.

Intervyuda er-xotin to‘ylarini alohida mamnuniyat bilan eslaydi: boshqa mashhurlar ekzotik joylarda hashamatli marosimlarni tashkil qilayotganda, Kristen va Daks sud binosida nikohni qayd qilish hujjatiga imzo chekkan xolos. “To‘y o‘tkaziladigan joyga borishimiz uchun benzinga 140 dollar sarflaganmiz”, — deb maqtanishadi ular.

Tobi Maguayr

Tobining ota-onasi (otasi oshpaz, onasi kotiba) u ikki yoshida ajrashgan. Tobi juda kambag‘al muhitda ulg‘aygan, bu o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Shu sabab aktyor isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi. “O‘rgimchak odam” filmining uch qismidan deyarli 30 million dollar ishlab topgan bo‘lsa ham qimmatbaho narsalar xarid qilmaydi.

Intervyularining birida Tobi pullarining hammasini sarflab yuborsa, keyin pul topish uchun harakat qilish zaruratiga duch kelishini aytadi. Hozirda u suratga tushmasa ham bo‘ladi — oxirgi paytlarda u kamdan-kam hollarda rol o‘ynayapti, xotini va ikki bolasi bilan vaqt o‘tkazishni afzal ko‘radi. Aytgancha, uning rafiqasi Jennifer Meyer mashhur ayol emas, u oddiy zargar. To‘g‘ri, uning dadasi kino prodyuseri, lekin bu Tobi uchun ahamiyatga ega emas, chunki u yulduz bo‘lganidan keyingina turmush qurgan.

Tobi Kaliforniyada katta ko‘chmas mulk sotib olgan, lekin u bu xaridini foydasiz hashamat emas, aksincha, vaqt o‘tishi bilan o‘sib boruvchi ko‘chmas mulkka yaxshi sarmoya deb hisoblaydi. Tobi boshqa narsalarda ham kamtarin — u deyarli vegetarian, teri va mo‘ynadan tikilgan kiyim kiymaydi.

Uorren Baffet

Uorren Baffet dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 7-o‘rinni egallab turibdi va 2022-yilda pul yo‘qotmagan, hattoki kapitalini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan yagona milliarder sanaladi.

Uorren Baffet hozir 91 yoshda va moliya olamining tirik afsonasi hisoblanadi. U o‘zining birinchi aksiyalarini 11 yoshida sotib oladi va darhol o‘z tajribasiga asoslanib, uni butun hayoti davomida boshqaradigan qoidani shakllantiradi: qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va kutish kerak, ularni faqat narx avvalgisidan bir necha baravar yuqori bo‘lganda sotish lozim.

32 yoshida Uorren Baffet allaqachon millionerga aylangan edi, 80-yillarda milliarderga aylanadi, 2008-yilda esa u Yer yuzidagi eng boy odam unvonini oladi. Ammo bunday misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat biz o‘rganib qolgan milliarderlarning pulga bo‘lgan munosabatiga zid edi, chunki uning asosiy qoidasi topgan pulini yuz foiz tejash, sarflamaslik, balki budjetni yanada oshirishga investitsiya qilish edi.

Milliarder 1958-yilda sotib olgan eski uyida yashaydi, “thrifty” — tejamkor davlat raqami bo‘lgan eski mashina haydaydi va fastfudda ovqatlanishni afzal ko‘radi. Birja narxlari pasayib ketganidan xabar topgach, gamburgerni bir dollarga arzonroq sotib olgani ham ko‘pchilikni hayratda qoldirgan. Faqat xayriya ishlari bundan mustasno — milliarder boshqa odamlarga moddiy yordam berishni “dunyodagi eng oson ish” deb ataydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »