Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Boy tadbirkor Arnav Singh Rayzada roli Barun Sobtini hind seriallarining yulduziga aylantirdi. Uning qahramoni va aktrisa Sanaya Eroni ijrosidagi Kushi Kumari Guptaning sevgi hikoyasi butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlar mehrini qozondi. Ammo Sobtining aytishicha, u hech qachon aktyorlik karyerasini orzu qilmagan.

Bo‘lajak aktyorning ota-onasi san’atdan uzoq odamlar edi. Otasi Raj Sobti kichik biznes bilan shug‘ullangan, onasi Vinu uy ishlari va bolalar tarbiyasi bilan band bo‘lgan. Barundan tashqari oilada Richa ismli singlisi ham bor. Barunning o‘zi hech qachon aktyorlik haqida o‘ylamagan. U 1984-yil 21-avgustda Dehlida tug‘ilgan va maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq futbolga qiziqib, professional futbolchi bo‘lishni orzu qilgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan u Hindistonda futbolchilarning kelajagi yo‘qligini tushunadi, shuning uchun u sportni tark etadi.

Kollejdan so‘ng Sobti 7 yil davomida fuqarolarga mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Jindal Telecom kompaniyasida menejer bo‘lib ishlaydi. Agar kutilmagan voqea ro‘y bermaganida, shu yerda ishlashni davom ettirishi mumkin edi. Uning eng yaqin do‘sti Karan Vahi aktyor bo‘lib, televideniyeda suratga tushib yurardi. U Barunni hech bo‘lmaganda bir marta kastingga kelishini so‘raydi, lekin Sobti borishga uyaladi.

Shundan so‘ng Karan tashabbusni o‘z qo‘liga oladi. Ekta Kapurning “Shraddha” filmi uchun kastingga borgan Vahi o‘zi bilan Barunning fotosuratlarini ham olib boradi. Rejissorga suratlar yoqadi va bosh rolga Sobtini tasdiqlaydi. Karan esa uning ukasi rolini o‘ynaydi. Afsuski, bu loyiha muvaffaqiyatli bo‘lmaydi.

Keyinchalik Barun “Qalblar uchrashuvi” teleserialida epizodik rol o‘ynaydi. Aytish mumkinki, aynan shu rol unga tomoshabinlar e’tirofini olib keladi.

Ammo Barun Sobti “Muhabbat tafti” teleseriali chiqqandan keyin chinakam mashhur bo‘lib uyg‘onadi. Bu butun dunyoda jaranglagan haqiqiy g‘alaba edi. Mazkur film Turkiyada namoyish etilgan birinchi hind seriali bo‘lib, u yerda mashhurlikka erishadi. O‘zbekistonda ham bir necha bor efirga uzatiladi. Shuningdek, u AQSH, Buyuk Britaniya, Gruziya, Bolgariya, Ruminiya, Misr, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda namoyish etiladi.

Bunday shiddatli yutuqdan so‘ng Barun ijodiy tarjimayi holining keyingi bosqichi kino bo‘lishi kerak, deb qaror qiladi. U hech ikkilanmasdan serialni tark etadi va Bollivudning uchta filmida rol o‘ynaydi: “Men va janob Haqiqat”, “Sen mening yakshanbamsan” va “22 yard”.

​Afsuski, bu loyihalar muvaffaqiyat qozona olmaydi. Bir muncha vaqt Barun ommaviy axborot vositalarining e’tiboridan chetda qoladi. Uning ekranga qaytishga urinishlari kutilgan muvaffaqiyat keltirmaydi. Aytishlaricha, u shu tufayli depressiyaga tushib, spirtli ichimliklarga mukkasidan ketadi. Muxlislar sevimli aktyorining ko‘rinishidan dahshatga tushadi.

Bir vaqtlar kelishgan va nihoyatda fotogenik yigit bo‘lgan, ko‘p marta Osiyoning eng kelishgan erkaklaridan biri sifatida tan olingan Barun piyonistaga o‘xshab qolgandi.

Bu holat bir necha yil davom etadi, u nihoyat o‘zini qo‘lga oladi. 2020-yilda muxlislarini xursand qilish uchun Barun “Asur: qorong‘i tomoningni angla” nomli kriminal trillerda o‘ynaydi. Veb-serial Hindistonda muvaffaqiyat qozonadi va aktyor bir nechta mukofotga sazovor bo‘ladi. Keyingi detektiv mini-serial Sobti muvaffaqiyatini yanada mustahkamlaydi.

U o‘z o‘rnini jinoyat janridagi veb-seriallarda topadi, hozir ham bu yo‘nalishda faol rivojlanishda davom etmoqda. Bu yil Barun birinchi marta panjob tilidagi “Zulmatda” deb nomlangan veb-serialda rol o‘ynadi va buning uchun u “Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor” nominatsiyasida Filmfare mukofotiga sazovor bo‘ldi. Aytgancha, panjobi Barunning ona tili, shuning uchun u o‘z rolida hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmadi.

Hozirda Hindistonda o‘z xizmatini jadal rivojlantirayotgan Amerikaning Netflix ko‘ngilochar kompaniyasi Sobtini o‘z qanoti ostiga oldi va tez orada u yana ikkita yangi veb-serialda ishtirok etadi.

Aktyorning shaxsiy hayotiga kelsak, u rafiqasi Pashmin Manchanda bilan 9-sinfda o‘qib yurganida tanishgan. 2010-yil 12 dekabrda ular tor doirada kamtarona to‘y o‘tkazadi. Rafiqasining kinoga hech qanday aloqasi yo‘q va u xalqaro kompaniyada ishlaydi.

2019-yil iyun oyida er-xotinning qizi — Sifat dunyoga keldi. 2023-yil aprel oyida esa uzoq kutilgan o‘g‘il farzand tug‘ildi, unga Mir deb ism qo‘yishdi. Bugun Barun Sobti har qachongidan ham baxtli va 39 yoshida shon-shuhrat sari yangi yo‘l boshlaganini his qilmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »