Qashqadaryoda aliment to‘lamay qochib yurgan erkak Toshkentdagi uy molxonasida qo‘lga tushdi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida aliment to‘lamay qochib yurgan erkak Toshkentdagi molxonadan topildi. Bu haqda MIB axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Keltirilishicha, yakkabog‘lik Sh.R. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining qaroriga asosan sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga 2 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashi belgilangan. Ammo ota ushbu 2 farzandiga aliment to‘lashni istamay noma’lum manzilga qochgan.
2023-yilning 18-dekabr kuni byuroning Yakkabog‘ tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan fuqaro Sh.R.ga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Voyaga yetmagan farzandlar uchun to‘lanmagan aliment miqdori 3 million 200 ming so‘m ekani aytilgan.
Joriy yilning 20-yanvar kuni boshqarma qidiruv sho‘basining Toshkent viloyatida olib borgan tezkor tadbirlari natijasida qarzdor Toshkent tumani, G‘ishtko‘prik mahallasi hududidan, ya’ni Chernyayevka chegara posti atrofidan topildi. Byuroning viloyat boshqarmasi xodimlari, qarzdor yashayotgan manzilga borganida, yaqinlari tomonidan uyda yo‘qligi va qayerdaligini o‘zlari ham bilmasliklari haqida aytgan.
Ammo tadbir natijasida fuqaro aynan shu manzilning molxonasi ichida yashirinib turgani aniqlandi. Yanvar oyi mobaynida qidiruvdagi 32 nafar shaxs, shundan 16 nafari Toshkent shahrida 4 kun davomida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida topilib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlandi. Hozirda ularga nisbatan ijro harakatlari davom ettirilmoqda.