“Tolibon” O‘zbekistondan olgan elektr energiyasi uchun qancha qarzdor?
Yaqinda Afg‘oniston milliy elektr kompaniyasi O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan import qilgan elektr energiyasi uchun 627 million dollar qarzini to‘lagani xabar qilingandi. Xo‘sh, Afg‘oniston o‘tgan 2023-yil va joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistondan qancha hajmda elektr energiyasi sotib oldi?
“Daryo” manbasining maʼlum qilishicha, Afg‘onistonning 2023-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistondan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligi 4 million 51 ming dollarni tashkil etgan.
O‘tgan yili qo‘shni mamlakatga umumiy qiymati 91 million 176 ming dollarlik, jami hajmi 1 milliard 824 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. 2023-yilda Afg‘onistondan elektr eksportidan undirilgan mablag‘ miqdori 93,5 million dollar bo‘lgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvar holatiga qo‘shni davlatning elektr energiyasidan qarzdorligi 1,7 million dollarni tashkil etgan.
Joriy yil yanvar oyida Afg‘onistonga qiymati 15 million 994 ming dollarlik, jami hajmi 320 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. O‘z o‘rnida, o‘tgan oydagi elektr sotuvi bo‘yicha 16 million 458 ming dollar mablag‘ undirilgan.
2024-yil 1-fevral holatiga Afg‘onistonning O‘zbekistondan olgan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligi 1 million 244 ming dollarni tashkil etmoqda.