Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bugun, 12-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida 2024-yilda bajariladigan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bu yil sohada qator o‘zgarishlar bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Endi chetdan keltirilgan chigitni ekish mumkin

Yig‘ilishda joriy yildan boshlab, chet eldan olib kelingan chigitni ekishga ruxsat berilgani maʼlum qilindi.

Lekin, shu paytgacha Paxtachilik kengashi, Karantin agentligi, viloyat hokimlari bir to‘xtamga kelib, qayerdan, qanday navli urug‘ olib kelib, qayerga ekishni hal qilmagani ko‘rsatib o‘tildi, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda bir oy ichida xorijdan 3 ming tonna urug‘lik chigitni olib kelish topshirig‘i berilgan. Joriy yilda 100 ming gektarda yuqori hosildor xorijiy paxta navlarini ekish muhimligi taʼkidlangan. Shu bilan birga, o‘g‘it tannarxini 15 foizga kamaytirib, qishloq xo‘jaligini 900 ming tonna mineral o‘g‘it bilan taʼminlash vazifasi qo‘yildi.

G‘alla uchun imtiyozli kredit

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda g‘alla hosili ilk bor 8 million tonnaga yetdi.

Fermerlar manfaatdorligini yanada oshirish uchun bu yil g‘allachilikda ham yangiliklar qilinishi kutilmoqda. Xususan, paxtadagi kabi g‘allada ham imtiyozli kreditni to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerga berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, davlat resursi uchun xarid qilingan bug‘doyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati 2024-yilda ham to‘liq budjetdan qoplanadi.

Joriy yilgi paxta va g‘alla hosili uchun davlat budjetidan 10 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratiladi.

O‘g‘it saqlash omborlari quriladi

Yig‘ilishda prezident 70 ta tumanda mineral o‘g‘it saqlash omborlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq bergani maʼlum qilindi. Endilikda omborlardagi o‘g‘itlar qoldig‘ini kunlik monitoringi yuritiladi. Fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral o‘g‘itning kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yilda joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral o‘g‘itni tashishda transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, fermerlarga yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berishda nazorat kuchaytiriladi.

Fermer paxtani birjada sotishi mumkin

Yig‘ilishda sohada hisob-kitob intizomida kamchiliklar borligi aytilgan. Masalan, klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorligi hali to‘liq to‘lanmagan.

Yangi tizimga ko‘ra, oldingi qarzini 1-aprelgacha yopmagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi va fermerga paxtani birjada sotishga ruxsat beriladi. Maʼlumotni elektron platformaga to‘liq kiritgan va fyuchers shartnoma imzolagan fermerga kredit ko‘pi bilan uch kun ichida ajratilishi shartligi taʼkidlandi, — deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Yangi dastur va loyihalar

Yig‘ilishda bu yil 127 ming gektarda tuproq unumdorligini oshirish va 677 ming gektar yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha yangi dastur amalga oshirilishi aytilgan.

Joriy yilda bog‘, tokzor, sabzavot, poliz, ozuqa ekini va issiqxonadan iborat 1,8 million gektar yerlarni ham to‘liq raqamlashtirishga topshiriq berildi. Shuningdek, ushbu yerlarda ekinlar joylashuvi, vegetatsiya jarayoni, hosildorligi, mineral o‘g‘it sarfi “Agroplatforma”da yuritiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda meva-sabzavot yetishtirish va eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shu maqsadda aholiga yana 60 ming gektar yerlarni tarqatishga qaror qilindi. Buning natijasida 1,5 million tonna qo‘shimcha mahsulot olib, eksportni yana 200 million dollarga oshirish mumkin bo‘ladi, — deya qayd etiladi xabarda.

Turli yo‘nalishlarga kreditlar beriladi

Bu yil aholiga bo‘lib berilgan yer maydonlari hamda tomorqa yerlarida mahsulot yetishtirish uchun 1 trillion so‘m kredit ajratiladi. Mazkur kreditlar kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish, texnika, aylanma mablag‘ uchun 100 million so‘mgacha garovsiz, 150 million so‘mgacha garov taʼminoti 50 foizga pasaytirilgan holda beriladi.

Fermer va dehqonlarga 10 mingta texnika 10 yil muddatga (3 yil imtiyozli davr bilan) lizingga beriladi. Chetdan olib kelinib, lizingga beriladigan motokultivator va minitraktorlarga bojxona imtiyozi 3 yilga uzaytiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, issiqxonalarda mahsulot yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Bunda issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqiladi.

Prezident yonilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasini qo‘llab-quvvatlab, tayyor holda topshirish sharti bilan 10 sotixli 200 tagacha ixcham issiqxona qurish vazifasini qo‘ydi. Ushbu maqsadlarga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi, — deya maʼlum qilindi xabarda.

 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar jalb qilish

Xabar berilishicha, yig‘ilishda masʼullarga 2024-yilda mavjud loyihalar hisobidan 655 million dollar xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya ishtirokida 500 million dollarlik yangi loyihalarni boshlash muhimligi taʼkidlangan. Bunda, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish zarurligi qayd etilgan.

Yig‘ilishda go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 315 million dollar resurs yo‘naltirilishi belgilandi. Bu mablag‘ chorva kompleksini tashkil qilish, qoramol olish, omixta yem chiqarish uchun milliy valyutada 17 foizdan 3 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga beriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Chorva xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan taʼminlashga ham 1 trillion so‘m imtiyozli kredit yo‘naltiriladi. Ushbu kreditlarning 18 foizdan oshgan qismi Tadbirkorlik jamg‘armasi hisobidan barcha tadbirkorlarga qoplab beriladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »